Shu yilning sentyabr
oyida Eron Ichki Ishlar Vazirligining Matbuot Hizmati mamlakatning navbatdagi
prezidentlik saylovlarining aniq sanasini rasman e`lon qildi. Unga ko`ra kelgusi
saylovlar 2013-yil 14-iyun kuni bo`lib o`tadi.
Bu galgi saylovlarda
Eronning yettinchi prezidenti aniqlanib, juda muhim ahamiyat kasb etadi. Sababi
ikki muddat davomida mamlakatni boshqargan Mahmud Ahmadinajod galdagi
saylovlarda konstitutsiyaviy limitlari tugaganligi sababli o`z nomzodini qo`ya
olmaydi.
Ma`lumki, 2005-yildagi
saylovlarda g`olib chiqqan Ahmadinajod Islomiy Respublika tashkil qilingan beri
mamlakat Oliy Diniy Rahnamosi qo`lida o`yinchoq bo`lib kelgan prezidentlik
lavozimiga ko`proq qudrat berishga tinmay urunib kelgan edi. Shu sababli Oliy
Rahnamo Oyatulloh Ali Hamayniy bilan Ahmadinajod o`rtasida doimiy ziddiyat
yuzaga keldi. Hamayniy 2009-yilda bahslarga sabab bo`lgan prezidentlik
saylovlarida yana bir bor g`olib bo`lgan Ahmadinajodga butunlay orqa o`girdi.
Ahmadinajod faoliyati
davomida Oyatulloh qudratini qanchalik kesib tashlashga harakat qilmasin bu
ishni to`la uddasidan chiqa olmadi. Asl mutaxassisligi muhandis bo`lgan va xech
qanday diniy lavozim hamda qudratga ega bo`lmagan Ahmadinajod o`zining birinchi muddatidayoq
klerikalizmga qarshi kurash boshladi. Shundan so`ng mamlakatda katta ta`sirga
ega va 1989-yildan buyon qudratda bo`lgan Oyatulloh Ali Hamayniy hamda uning
tarafdorlari prezidentga qarshi bosim o`tkaza boshladilar. Oliy Rahnamo
tarafdorlari doimiy ravishda Ahmadinajod mamlakatni Islomiy ta`sirdan ozod
qilib, parlamentar respublikaga aylantirishi ehtimolidan xavotirga tushib
kelishgan.
Ahmadinajodga siyosiy
xujumlar 2009-yildagi saylovlardan so`ng avjiga chiqqan edi. Yana bir bor
prezident etib saylangan Ahmadinajodni Oyatulloh tarafdorlari saylov
natijalarini soxtalashtirishda ayblagan edilar. Muholifatning tinimsiz
chiqishlari tufayli butun Eron bo`ylab 8 oyga cho`zilib ketgan ommaviy
noroziliklar boshlanib ketgan edi. Bu Eron tarixida Islomiy Inqilobdan keyingi
ikkinchi yirik ommaviy namoyish bo`ldi. Albatta, bu chiqishlarga Oyatullohning
"yashil chirog`"i talab etilardi.
2009-yilda
Ahmadinajodni yo`lidan olib tashlolmagan Oliy Rahnamo keyingi katta xujumini 2012-yilning
2-martida bo`lib o`tgan parlament saylovlarida amalga oshirdi. Bu saylovlarda
Ahmadinajod tarafdorlari deyarli mag`lub bo`lishdi. Saylovlar G`arb tomonidan
ham qattiq tanqid qilindi. Sababi parlamentdagi o`rinlarni, asosan, yadroviy dastur
dastaklovchisi va G`arbga qarshi qarashlari bilan tanilgan Oyatulloh
tarafdorlari egallashdi.
Xo`sh, yetti yil ichida
o`zining ancha-muncha qudratini prezidentga boy bergan Oliy Rahnamo kelayotgan
prezidentlik saylovlarida o`zining oldingi kuchini tiklash uchun harakat qiladimi?
Albatta, Oyatulloh Ali Hamayniy saylovlar natijasini o`z foydasiga xal qilish
uchun allaqachon harakatini boshlab yuborgan. Oyatulloh ta`siri ostidagi
Vasiylik Kengashi olti diniy rahnamo va olti xuquqshunosdan tarkib topgan
saylovda qatnashuvchi nomzodlarni tasdiqlovchi guruhni allaqachon tuzib
bo`lgan. Bu guruh Ahmadinajod siyosatiga moyilligi bo`lgan nomzodlikka
talabgorlarni mahfiy ravishda "qora ro`yxat"ga tirkab qo`ymoqda. Ko`pchilik
talabgorlar o`zlarini Ahmadinajod lageridan ekanliklarini ochiq ma`lum
qilmasalarda, tasdiqlash guruhi allaqachon prezident tarafdorlarining kamida 45
% ni turli bahonalar bilan saylovlarda qatnashishlarini taqiqlab qo`yishga
ulgurdi. Nomzodlarning rasmiy ro`yxati 21-fevral kuni ommaga e`lon qilinadi.
Hozircha hali xech kim o`z nomzodini qo`yishini rasman e`lon qilmagan bo`lsada,
ba`zibirgi davlat arboblari ehtimoliy nomzodlar sifatida ko`rilmoqda:
Ayni vaqtda ehtimoliy
ro`yxatning boshida Eron Yadroviy Dastur Borasidagi Muzokaralar Jamoasi rahbari
Sayid Jaliliy va uzoq vaqtdan buyon Oliy Rahnamoga maslahatchilik qilib
kelayotgan Ali Akbar Velayati turibdi. Bu ikki arbob ham Hamayniyning ashaddiy
tarafdorlari hisoblanishadi.
Parlament Spikeri Ali
Larijani, Tashqi Ishlar Vaziri Ali Akbar Salohi va Tehron meri Muhammad
Qalibaflarning o`z nomzodlarini prezidentlik poygasi uchun ko`rsatishlari
ehtimoli ancha yuqori.
Shuningdek, Tehron
shahar kengashi raisi Mehdi Chamran ham ehtimoliy nomzod sifatida ko`rilmoqda.
O`ta konservativ qarashga ega 71 yoshli Chamran G`arb va AQSHga qarshi fikrlari
bilan tanilgan.
Bundan tashqari, Eron
Savdo Palatasi prezidenti Muhammad Rizo Nahavandian ehtimoli ham tahmin
qilinmoqda va yana bunday nomzodlar ro`yxatini davom ettirish mumkin. Biroq
nomlari zikr etilgan nomzodlarning barchasiga razm solinsa, ular klerikalizm
tarafdorlari ekanliklarini anglash mushkul ish emas. Ayni vaqtda islohotchi
lagerdan aytarli nomzod chiqqanicha yo`q. Mir Musavvi Husayn kabi reformistlar
uy qamog`ida ekan, biror konservativ qarashga ega bo`lmagan nomzodning saylovda
ishtirok etishi amri maholdir.
Oliy Rahnamo
saylovlardan ikki narsani umid qilmoqda. Birinchisi, 2012-yil martidagi
parlament saylovlarida erishgan yutuqlarini yanada mustahkamlash, ikkinchisi
esa rejim ichidagi boshboshdoqliklar va hokimiyat uchun kurashlarni o`z
nazorati ostidan chiqib ketishiga yo`l qo`ymaslik. Hamayniy xech qachon o`z
hokimiyatiga qarshi kuchlarga jim qarab turmagan.
Hamayniy o`ziga qarshi
chiqqanlarga sukut bilan javob bermas ekan, nega 7 yil davomida uning ta`siridan
qutulishga uringan Ahmadinajodni yo`lidan olib tashlamadi, xech bo`lmaganda impechment
(davlat rahbarini muddatidan oldin lavozimidan olib tashlash)ni qo`llab degan
savol tug`ilishi tabiiy. Hozir shunday manzara namoyon bo`lyaptiki, Hamayniy
davlat boshlig`ini lavozimidan erta olib tashlab, shundoq ham ichki nizolarga
to`la bo`lgan hokimiyatni parokandalikka robaro` qilgandan ko`ra, uning
ikkinchi muddati ham tugashi va Ahmadinajodni siyosiy jihatdan kuchsizlanishini
kutishni afzal ko`rgan ko`rinadi. O`zining saylovlardagi asosiy raqibidan
qutilgan Eron aholisi orasida katta nufuzga ega Hamayniy esa bemalol
saylovlarda xar qanday yo`l bilan o`z tarafdori bo`lgan odamning
muvaffaqiyatiga erishishi mumkin. Shunday ekan Ahmadinajod Eronning qonuniy
yo`l bilan saylangan so`ngi prezidenti sifatida tarixda qolishi ehtimoldan xoli
emas.
Ahmadinajod 2013-yil
saylovlarida qatnasha olmas ekan, demak, Oyatulloh oldida deyarli jiddiy raqib
qolmaydi. Agar Oliy Rahnamo lageri saylovlarda g`olib chiqqudek bo`lsa, unda Eronning
kelajagi qanday bo`lishini tasavvur qilish qiyin emas.
Ma`lumki, Oyatulloh
Hamayniy Eron Yadroviy Dasturining asosiy dastaklovchisi hisoblanadi, yana u
anti-G`arb qarashlari bilan ham mashxur. Ayni Eronning bir qancha davlatlar
bilan tashqi aloqalari keskinlashib turgan bir vaqtda bunday konservativ
kayfiyatdagi kuchlarning hokimiyat tepasiga kelishi vaziyatga yanada keskin tus
berib yuborishi mumkin. Eron iqtisodiyotiga qo`yilgan xalqaro sanksiyalar esa
mamlakatni holdan toydirib, aholini g`azabiga sabab bo`lishi va natijada
saylovlardan so`ng Fors diyori yangi Arab Bahoriga makon bo`lishi xech gap
emas.
Комментариев нет:
Отправить комментарий