11.12.2012

Kurd muammosini anglash

  
   Ko`plab asrlardan beri Kurdiston atalmish hududda yashovchi kurdlarning o`z mustaqil davlatlariga ega bo`lishga intilishlarini ham regional ham xalqaro kuchlar tomonidan inkor etilishi kurd muammosining o`zagini tashkil qiladi. O`zlarining madaniy, ijtimoiy va siyosiy jihatdan tan olinishlarini talab qilishlari va to`rt davlat orasida bo`linib ketgan hududda o`z davlatlarini tashkil qilishga urinishlari bilan kurdlar allaqachon xalqaro hamjamiyat e`tiboriga tushib ulgurganlar. Mintaqaviy ahamiyat kasb etgan kurd muammosining hal etilishiga har bir davlatning o`z hududidagi kurdlarga nisbatan siyosatining bir-biridan farq qilishi va o`z navbatida har bir davlatdagi kurdlarning alohida davlatga ega bo`lish yo`lidagi g`oyalari hamda harakatlarining turlichaligi xalal beradi. XX-XXI asrdagi kurd yo`lboshchilarining ozodlik harakatlari uchun turli yo`ldan borganligi (kimdir jangarilikni, kimdir diplomatik yo`lni tanlagan) haligacha kurd muammosi davom etayotganligining asosiy sabablaridan biridir.


  O`zining mintaqaviy ahamiyati bilan kurd muammosi O`rta Sharqdagi Falastin Muammosidan keyin ikkinchi o`rinda turadi. Muammoni chigallashtiradigan ikki jihat esa bu kurdlarning o`zaro yakdilligi yo`qligi va kurdlarning tashqi kuchlar bilan kelishmasligidir.

   Mintaqadagi davlatlar doimo kurdlarning mustaqillikka erishishi o`z davlatalarida va mintaqadagi vaziyatni izdan chiqarib yuborishi mumkinligi, hududiy birlikni chok-chokidan uzilib ketish ehtimolidan qo`rqib kelganlar. Shu sababli o`z hududiy birliklarini saqlab qolish maqsadida, mintaqa hukumatlari kurdlarning harakatlarini kuch bilan bostirishga harakat qilib kelishgan. Kurdlarning radikal harakatlari esa muammoni yanada chigallashtiradi. Shu sababdan ziddiyatni har ikki tomondan tahlil qilib chiqish zarurdir.

   Masalan Turkiyada kurdlar mavjud konstitutsiyaga o`zgartirish kiritilib, bu konstitutsiya asosida Turkiya Respublikasi tarkibida Kurdiston Muhtoriyati tashkil qilinishini talab qilishadi. Bu esa o`z-o`zidan “yagona davlat” g`oyasiga amal qiluvchi Turkiya manfaatlariga to`g`ri kelmaydi.

   Eronda esa kurd muammosi davlatning o`z huquqini talab qiluvchi etnik birliklarning fuqarolik holatini yoppasiga forslashtirish siyosati orqali chegarada ushlab turilishga erishilgan. Shu bois Eron kurdlari o`zlarini bu davlatda begona xis qilishmaydi va mo`tadil kayfiyatga egaliklari bilan mintaqadagi boshqa kurdlardan farq qilib turishadi. O`rta Sharqning boshqa hududlaridagi ozodlik harakatlariga nisbatan befarqdirlar.


  Suriyada kurdlarning ayirmachilik harakatlari boshlanganiga unchalik ko`p bo`lgani yo`q. Iroqda Kurdiston Regionining tashkil qilinishi va hudud boshqaruvi regional hukumat qo`liga o`tgani Suriya kurdlarining ko`tarilishiga dastlabki turtkini bergan edi. Lekin bu harakatlar u qadar keng tus olmasdan kelgandi. Ayni damda Suriyada davom etayotgan fuqarolar urushi, markaziy hokimiyatning kuchsizlanishidan  Suriya kurdlari foydalanib qolishga harakat qilishmoqda.  

 Kurd muammosining ildizi qadim zamonlarga borib taqalsa ham u 1900-yillargacha muhim ahamiyat kasb etmay kelgandi. Sevr shartnomasida agar istasalar kurdlar o`z davlatlarini tuzishlari mumkinligi ko`zda tutilgandi. Keyinchalik Mustafo Kamol ham Kurd va Turk davlatini tashkil qilish haqida va`da bergan, biroq so`zida turmay Ittifoqchi Kuchlar bilan Sevr shartnomasini bekor qilib, kurd yerlarini Turkiya Respublikasi tarkibiga qo`shib yuborgan edi. Bu zamonaviy kurd muammosining ko`tarilishiga turtki berdi.

So`ngi yillarda kurd muammosi yana bir bor bo`y ko`rsatmoqda. Yillar davomida davom etgan bu muammo bir mintaqa davlatlari doirasidan xalqaro qarama-qarshiliklar darajasiga chiqib, iqtisodiy va ijtimoiy inqirozlarga sabab bo`ldi. Muammoning asl ildizlarini chuqurroq anglab yetish uchun diniy, geografik va yana bir bor qisqacha tarixiy omillarga murojaat qilishimizga to`g`ri keladi: 
  Kurdlar arablar va forslar kabi O`rta Sharqning eng qadimiy xalqlaridan biridirlar. Xatto, ulardan oldinroq ham yashashgan. Biroq etnik jihatdan deyarli boshqa O`rta Sharq xalqlari bilan bog`lanishmagan.

  X asrdan manbaalarda tilga olina boshlangan kurd tili esa qanchalik ta`qibga uchramasin haligacha yashab kelmoqda. 

  Kurdlarning tahminan 75% i Islomning sunniy mazhabiga, 15% i alaviylarga mansub.  Alaviylar Turkiya Kurdistoni shimoli va Eron Kurdistoni g`arbining asosiy aholisi hisoblanishadi. Eron va Iroqda shuningdek, alaviylarga yaqin bo`lgan shia kurdlari va ehlihak (“Alloh bandalari”) kurdlari istiqomat qilishadi. Bundan tashqari Kurdistonning ba`zi qismlarida zardushtiylarning avlodlari bo`lgan yazidi kurdlari ham yashashadi. Nasroniy kurdlar ham mavjud. 

   Kurdlar O`rta Sharqda qadim zamonlardan buyon muhim rol o`ynab kelishadi. Bu haqidagi ma`lumotlarni qadim yunon, rim va arman manbaalarida uchratish mumkin.

   XI asrda O`rta Osiyodan Eron orqali Anatoliya hududiga kelgan turklar bu yerda avval Saljuq, keyinchalik Usmoniylar Imperiyasini tashkil qilishdi. Uzoq vaqt davomida Kurdiston Usmoniylar va Fors Podsholigi o`rtasida qarama-qarshiliklarga sabab bo`lib keldi. Kurd zodagonlari hali u tomon, hali bu tomonni tarafida bo`lib, o`z Kurdistonning butunligini saqlab qolishdi. Lekin 1638-yildagi Kasri Shirin shartnomasiga ko`ra Kurdiston hududi Turkiya va Eron o`rtasida deyarli ikkiga bo`lib olindi.

  Bu ikki qudratli davlatga qarshi kurdlarning ozodlik harakatlari XIX asrning boshlariga kelib milliy kurashga aylanib ketdi. Bu  kurashlarning har biri shafqatsizlik bilan bostirildi.

   Kurdistonni bo`lib olgan ikki buyuk imperiya xech qachon kurd millati mavjudligiga e`tibor qilishmagandi. Sultonlik tugatilgan so`ng milliy parlamentdan kurdlarga 70 ta o`rin ajratilgani, Luzanna Konferensiyasida turk delegatsiyasi: “Kurdlar va turklar Turkiya Respublikasini tashkil qiladi, kurdlar etnik ozchilik emas, butun boshli millatdir, Anqara hukumati nafaqat turklar, balki kurdlarniki hamdir,” deb bayonot bergan bo`lishiga qaramay Luzanna Shartnomasi imzolangandan so`ng Turkiya kurdlarga nisbatan siyosatini keskin o`zgardi. Yangi davlatning barcha tuzilmalari to`laligicha turklarning manfaatiga xizmat qiladigan bo`ldi. Kurdlarning mavjudligi inkor qilindi. Kurd tili, madaniyati, xattoki “kurd” va “Kurdiston” so`zlariga ham taqiq qo`yildi. Kamolchilar siyosatining asosiy yo`nalishi Turkiyada mavjud barcha etnik birliklarni bitta-Turk millati tarkibiga singdirib yuborish va bu bilan yagona millat tashkil etishga qaratilgan edi.

  Bu siyosatga qarshi kurdlar bosh ko`tarib chiqishdi, g`alayonlar boshlandi. Lekin bularning bari kuch bilan bostirildi. 1938-yildan deyarli 20 yil davom etgan nisbatan tinch davr boshlandi. Lekin bu davrda ham kurd xalqi o`z xuquqiga ega bo`lmagan xalq sifatida qolib ketdi. 1979-yildan beri Turkiya Kurdistonni xarbiylar, favqulodda vaziyatlar va repressiya bilan boshqarib kelmoqda. 

   Bu kabi siyosat boshqa davlatlar tarkibidagi Kurdistonlarda ham mavjudligini yuqorida aytib o`tgandik. 

  Kurd muammosini mag`zini chaqishda uning geografik joylashuvi va aholisi ham alohida ahamiyatga ega. To`rt qismga bo`lib olingan Kurdistonda yashovchi kurdlarning tahminiy soni 35 milliondan ziyodroqdir. Agar Kurdiston birlashtirilgudek bo`linsa, unda uning yer maydoni 500,000 kv km dan oshib ketadi. Boshqa so`z bilan aytganda kurdlar etnik ozchilik emas, butun boshli millatdir, Kurdiston esa viloyat yoki tuman emas, balki Fransiya bilan teng davlatdir. Qisqa qilib aytganda kurd muammosi u yoki bu davlatdagi etnik ozchilikning (masalan, Birmadagi Rohingya qavmining) muammosi emas, balki bo`linib ketgan millat va davlat muammosidir. Bundan xulosa qilish mumkinki, kurdlarda ham boshqa xalqlar singari o`zini o`zi boshqarish xuquqi mavjud. Muammoning asl sabablaridan biri geografik joylashuvdir. O`z navbatida geografik omil madaniy geografik, iqtisodiy geografik va siyosiy geografik omillarga bo`linib ketadi. Mana shu to`rt omil kurd muammosini yanada chuqurroq anglab yetishda katta rol o`ynaydi.

   Birinchidan, kurdlarda Kurdiston hududiga da`vo qilish uchun yetarlicha asos bor. Ular bu hududda 2000 yildan beri yashab kelishadi. Shu sababdan ular doimo o`z davlatlariga ega bo`lish uchun kurash olib borishadi. Turklar va iroqliklarda bu hududga da`vo qilish uchun tarixiy asos mavjud emas. Masalan, turklarning ajdodlari Kichik Osiyoga kelgunga qadar ham kurdlar regionda uzoq vaqt davomida muqim yashab kelishgan. 

   Ikkinchidan, ziddiyatning avj olishida madaniy geografiya ham muhim rol o`ynaydi. Kurdlar etnik va madaniy jihatdan turklar va arablardan batamom farq qilishadi. Ular o`z tiliga, diniy e`tiqodda ham o`ziga xos alohida oqimlarga ega. Xuddi shu omillarni kurdlar mustaqil davlat uchun asos sifatida ko`rsatib kelishgan. Bu omillar o`z navbatida kurdlar yashaydigan mamlakatlar hukumatlari bilan ziddiyatlarni yanada rivoj topishiga sabab bo`lgan. Misol uchun, Turkiya hukumati turk mafkurasiga to`g`ri kelmaydigan xar qanday etnik birlik yoki diniy e`tiqodni milliy davlatga xavf sifatida ko`rib kelgan. Saddam Husayn esa kurdlarni “buyuk arablar shon-shuhrati”ga rahna soluvchi kuchligiga “ishongan”. Shu sababli u kurdlarga qarshi keng qamrovli genotsid olib borgan.

   Uchinchi omil-iqtisodiy geografiyadir.  Kurdiston Turkiya va boshqa arab davlatlari uchun neft va suv zahirasi uchun zarur. Shuning uchun to`rt davlat Kurdistonni qo`ldan boy berishni istashmaydi. Ayniqsa bu omilda Iroqni alohida tilga olish zarur. Sababi AQSH Iroqqa bostirib kirgunga qadar mamlakat iqtisodiyotiga bir qancha embargo va sanksiyalar qo`yilgan edi. Bundan faqat Iroq Kurdistoni mustasno bo`lib, Saddam Husaynning hokimiyatdan ag`darilishidan so`ng Iroqning iqtisodiy jihatdan oyoqqa turib olishiga bu hudud juda zarur edi. 

   Nihoyat oxirgi omil-siyosiy geografiyadir. O`rta Sharq davlatlari region ustidan nazoratni qo`ldan boy berishni istamasliklarini yuqorida sabablari bilan ko`rib o`tdik. Boshqa tomondan esa kurdlarning o`z siyosiy muammolari ham bor. Kurdlarning siyosiy hayotida qarashlari bir-birini inkor etadigan turli siyosiy kuchlar mavjud. Bu siyosiy kuchlar kurd muammosini hal etishda yakdil fikrga ega emaslar. Zero kurdlarning o`zi siyosiy jihatdan ikkiga, balki undan ham ko`p qarama-qarshi lagerlarga bo`linib ketishgan ekan, unda avvaligi ularning o`z ichki muammolarini xal etish masalasi o`rtaga chiqadi. Bu hol esa vaziyatni faqat chigallashtiradi xolos.

  Kurdistonni bo`lib olgan davlatlarning chegaralari na tabiiy, na iqtisodiy va na madaniy chegaralar sirasiga kiradi. Bu chegaralar faqatgina boshqa kuchlarning mannfaatini hisobga olib, kurd millatining xohish-istagiga qarshi o`rnatilgan sun`iy chegaralardir. Bu chegaralar butun-butun shaharlar, qishloqlar, hatto oilalarni ikkiga bo`lib tashlagan. 

   Kurdistonning eng katta qismi, ya`ni yarmi Turkiya hududida joylashgan. Qolgan qismlari maydoniga ko`ra Eron, Iroq va Suriya tarkibida. Bu qismlarning 90 % aholisini kurdlar tashkil qiladi. 20 million kurd Turkiya tarkibida, 10 millioni Eron, 5 millioni Iroq va 1,5 millioni Suriya tarkibidagi Kurdistonda istiqomat qiladi. 

   Nega Kurdistonni bo`lib olgan davlatlar ozodlik harakatlari, fuqarolik urushlari, doimiy xavfga qaramasdan bu hududni o`z tarkiblarida saqlab qolishga tinmay urinishadi degan savol tug`lishi tabiiy. Buning asosiy sababi tabiiy resurslar va iqtisodiyotdir. Kurdiston mineral resurslarga boyligi jihatidan dunyoda oldingi o`rinlardan birida turadi. Tabiiy zahiralar hududi Zagros tog`idan O`rtayergacha cho`zilib ketgan bo`lib, qadimdan “Xosildor Yarimoy” nomini olgan. Neftga ham boy. Iroqning asosiy neft hududlari hisoblanmish Kirkuk va Hanikin, Eronning Kirmonshohi, Turkiya neftining yagona ta`minotchilari Batman, Diyorbakir, Adiyaman, Suriyaning Sezire hududlari Kurdistonda joylashgan. Bundan tashqari temir, mis, xrom, ko`mir, kumush, oltin va uranning ham katta zahiralari mavjud.

   Iqlimining o`ziga xosligi esa qishloq xo`jaligi uchun juda qulay hisoblanadi. Bu iqlim, shuningdek, chorvachilik rivoji uchun ham qulay hisoblanib, Kurdiston O`rta Sharqning chorvachilik mahsulotlaridagi asosiy ta`minotchisi sanaladi.

   Kurdistonda muhimlikda neftdan qolishmaydigan yana bir tabiiy zahirasi mavjud-suv resurslari. Tog`lardan iborat bo`lgan kurd yerlari Yaqin va O`rta Sharq daryolarining asosi hisoblanadi. Masalan, Tigrit va Yevfrat daryolari kurd tog`laridan boshlanadi. Bu kabi daryolar nafaqat O`rta Sharqdagi qishloq xo`jaligi, balki energetika sanoati uchun ham juda muhim sanaladi.  

  Qadimdan hozirgacha Uzoq Sharq va Yevropa o`rtasidagi savdo aloqalarida Kurdistonning muhimligi yo`qolmagan. Buyuk Ipak Yo`lida joylashgan Kurdistondan ko`plab savdo tarmoqlari o`tgan. E`tiborlisi, Kurdiston O`rta Sharq va Kavkaz orasidagi neft quvurlari uchun eng qulay joy hisoblanadi. 

   Kurdistonning o`ziga xos geografik joylashuvining strategik ahamiyati esa masalani muammoni tushunib yetishda yanada yaqindan yordam beradi. Yuqorida keltirilgan sabablarga ko`ra kurd yerlari XVIII-XIX asrlarda G`arb kolonistlarining e`tiborini torta boshladi. Britaniya, Fransiya va Rossiya bu hududni o`z nazoratlariga olish uchun harakat boshladilar. Birinchi Jahon Urushidan so`ng esa ular Kurdistonni o`z manfaatlariga ko`ra o`zaro taqsimlab oldilar. 

  Oktyabr Inqilobidan so`ng ruslar regiondan chiqib ketishdi. Natijada inglizlar va fransuzlar asosiy o`yinchi€larga aylanishdi. Mustaqil Suriya va Iroq davlatlari tashkil topishiga qaramay bu ikki qudratning regiondagi ta`siri saqlanib qoldi.
  
  Yangi tashkil topgan ikki davlat ham mintaqaning qadim davlatlari-Turkiya va Eron kabi Kurdistonni o`z manfaatlariga mos ravishda nazorat qilishga intilishdi. Ular o`zlarining homiy-davlatlari ko`magiga tayangan holda kurdlarni repressiya qila boshlashdi. 

  Aytib o`tilgan sabablar tufayli boy hududning aholisi qashshoqlikda kun kechirmoqda. Kolonial boshqaruv, doimiy beqarorlik Kurdiston iqtisodiyoti va siyosiy hayotini izdan chiqarib yubordi. Doimiy repressiya, diskrinimatsiya kurd aholisini zamonaviylashuvdan mahrum qildi. Natijada Kurdistonning ichki qismlarida hali ham qabilachilik, yarim-feodal qishloq boshqaruvi saqlanib qoldi. Davlatlarning qattiqqo`l siyosati kurdlarda ularga nisbatan nafratni oshirib, aksariyat kurd aholisini partizan va jangariga aylantirdi. Buning oqibatida haligacha Kurdistonda qurolli to`qnashuvlar, ayirmachilik harakatlari to`xtagani yo`q. Hattoki, oxirgi paytlarda ozodlik harakatlari terrorizm tusini olmoqda. Aytib o`tilganlar tufayli mintaqa davlatlari ham, qatliomlar sababli kurd millati ham hozirgacha doimiy qo`rquv ostida yashab kelishmoqda. 

  Nega shu paytgacha kurdlarning qarshilik harakatlari biror natija bermadi degan savol tug`ilishi mumkin. XX asr kolonial tizimlarning qulashi va ularning o`rnida yangi davlatlarning paydo bo`lishiga guvoh bo`ldi. Nega uzoq tarixga va boy madaniyatga ega bo`lgan kurdlar XIX asrdan buyon ozodlik uchun harakat qilishlariga qaramasdan bunga erisha olmadilar?


   Bunga ham ichki, ham tashqi omillar sabab. Kurd jamiyatidagi tarqoqlik shunday ichki sabablardan biridir. Qabilaviy tuzum, diniy oqimlarga bo`linish, diniy rahnamolarning katta yer egaligi doimo millatning birlashishi yo`liga g`ov bo`lib kelgan. O`rta asrlarga xos bunday tizim milliy ongni qotib qolishiga sabab bo`lgan. 

  Lekin bular asosiy sabablar emas. Osiyo va Afrikadagi xattoki kurdlardan-da og`ir iqtisodiy va ijtimoiy ahvolda bo`lgan ba`zi millatlar o`z mustaqilliklarini qo`lga kiritishga muvaffaq bo`lganliklarini esdan chiqarmaslik lozim. Kurd milliy harakatining amalga oshmasligining asl sababchilari tashqi omillardir. 

   Kurdlar va Turkiya-Eron ziddiyatlari haqida ko`p gapirdik. Bu ziddiyatlarda kuchlar nisbati kurdlar xohlagandek bo`lmasdan, ularga boshqa bir tashqi qudrat yordam qo`lini cho`zmagan edi. Arab dunyosini Usmoniylardan tortib olgan kuchlar Britaniya va Fransiya edi. Kurdlarning I Jahon Urushidagi isyonlari faqat Turkiya yoki Eronga emas, balki Iroq hamda Suriyani o`z mandatiga olgan Britaniya-Fransiya juftligiga ham qarshi qaratilgandi.

   Suriya va Iroq tashkil topgach kurd milliy harakati to`rt davlat: Iroq, Suriya, Turkiya va Eronning o`ziga xos ittifoqining qarshiligiga duch keldi. Bu qarshilikning eng og`ir asorati Kurdistonni shu to`rt davlat orasida bo`lib olingani edi. Kurdlar ayni paytda tashqi dunyo bilan na dengiz, na quruqlik orqali aloqa qila oladilar. Shu tufayli ularda mustaqil tashqi aloqa uchun imkoniyat yo`q. Mabodo biror tashqi kuch ularga yordam qo`lini cho`zmoqchi bo`lgan taqdirda ham Kurdistonga kirish uchun xech qanday yo`l topolmaydi. Barcha yo`llar mintaqada hukmron rejimlar tomonidan to`sib tashlangan. Agar qurolli milliy harakat boshlansa, ta`minot uchun biror xayrihoh qo`shni davlat talab qilinadi. Biroq bunday qo`shni davlat amalda umuman mavjud bo`lmay, atrofdagi hamma davlatlarda Kurdistonni repressiya qiluvchi rejimlar xukmron. Ularning xech biri Kurdistonning birlashishidan manfaatdor emas. Bu davlatlar o`z hududigi Kurdistonni qo`shni davlat tarkibidagi bilan o`zaro aloqalar o`rnatishining oldini olish maqsadida doimo yashirincha ularni bir-biriga qarshi qayrab keladilar. Natijada kurd milliy harakatidagi tashkilotlar o`zaro dushmanlarga aylanib qolganlar.

   Qo`shimcha qilib aytish mumkinki, kurd milliy harakati xech qachon xalqaro hamjamiyat tomonidan dastaklanmagan. Bunga asosiy sabab aksariyat davlatlar Kurdistonda biror manfaat ko`rmaydilar va regionning to`rt yirik davlatiga qarshi bo`lgan millatni dastaklashdan o`zlarini tiyishga harakat qiladilar.

Kurd muammosining mintaqaviy ko`rinishi



 AQSHning 2003-yildagi Iroqqa bostirib kirishi XXI asrdagi kurd muammosining yangi yo`nalishga solib yubordi. 

   Bungacha esa kurd masalasining mintaqaga ta`siri va to`rt davlatning bu muammo borasidagi o`zaro aloqalari umuman o`ziga xos edi. 1990-yillardan oldinroq Suriya va Eron PKK (Partiya Karkaren Kurdistan)ni g`arbparast Turkiya hukumatiga qarshi yashirincha qo`llab kelishardi. Suriya PKKdan Turkiya bilan munozarali Hatay provinsiyasi va Yevfrat daryosi suvini o`z manfaatiga moslab bo`lish uchun bosim o`tkazish vositasi sifatida foydalanishga urinardi. O`z navbatida Eron PKKni o`zining avtoritar islomiy rejimiga qarshi bo`lgan sekular va antiteist turk hukumatini bo`g`ib tashlash uchun qo`llardi. Eron shuningdek, prezident Saddam Husayn rejimiga qarshi turish uchun Iroq shimoliy-sharqini nazorat qilib turuvchi PUK (Kurdiston Vatanparvar Ittifoqi)ni ham dastaklab kelardi.

   Iroq kurdlari esa Saddam Husayn genodsidi paytida ularni himoyalagan g`arb uchoqlariga o`z bazalarini bergani uchun turk hukumatiga PKK qarshi kurashishda yordam berib kelishardi. Turkiya bilan chegaradosh Iroqning shimoliy-g`arbini nazorat qiluvchi KDP (Kurdiston Demokratik Partiyasi) jangchilari PKKga qarshi qator janglarda turk xavfsizlik kuchlari bilan hamkorlik qilishgandi. Javob tariqasida Turkiya KDP bilan diplomatik aloqalarni mustahkamlab, uni qo`llay boshladi.

   Turkiyadagi kurd ozodlik harakati PKKni qo`llagan Suriya o`z hududidagi kurdlarning xuquqlarini oyoqosti qilar, fuqaroligini tan olmasdi. Iroqdagi KDP Suriya kurdlari bilan aloqalarni mustahkamlab, ulardan g`arbdagi raqibi PUKga qarshi harakatlarda foydalanardi.

  Ko`rinib turibdiki, 1990-yillar atrofida kurd milliy harakati tahminan shunday qarama-qarshi tomonlarga: Turkiya va Iroq kurdlari (aniqrog`i, KDP) bir lager, Suriya, Eron va PKK ikkinchi lagerga bo`linib ketgandi.

  1991-yildagi Ko`rfaz Urushidan so`ng vaziyat boshqacharoq tus oldi. Anqara PKK qarshi bir qancha muvaffaqiyatli xarbiy operatsiyalar olib bordi. Lekin partiyani to`la yo`q qilolmadi. Qiyin vaziyatda qolgan PKK o`z homiysi Suriya xududiga qochib o`tdi. PKK rahbari Abdulloh O`chalanga Damashqdan yashirin siyosiy boshpana berildi. PKK jangarilari Suriya hududida tayyorgarlik o`tay boshladilar. Biroq Suriya hukumati buni xech qachon tan olmagandi. Turkiya-Suriya ziddiyati shu darajaga keldiki, 1998-yilda Turkiya Suriya chegarasiga qo`shin to`play boshladi. Anqara zudlik bilan PKKni dastaklashni bas qilishni uqtirib, aks xolda urush boshlanishi haqida ogohlantirganidan so`ng, nihoyat, Suriya taslim bo`ldi. Shu yilning oktyabrida imzolangan ikki tomonlama bitimga ko`ra Suriya PKKga qarshi Turkiya bilan hamkorlik qilishga majbur bo`ldi. 


  2003-yilda AQSH Saddam Husayn rejimiga qarshi urush boshlashi bilan Eron ham oldingi strategiyasini o`zgartirib, PKKga qarshi kurashda Turkiyaga yordam bera boshladi. Buning ikki sababi bor edi. Birinchisi, Eronning ikki tomonida: Afg`oniston va Iroqda AQSH qo`shini mavjud bo`lib, rasmiy Tehron ortiq Vashingtonning mintaqadagi siyosatiga qarshi bo`lgan PKKni qo`llashga jur`at qilolmasdi. Ikkinchisi, Eron Turkiya-AQSH munosabatida boshlangan inqirozdan unumli foydalanishga qaror qildi. Bu inqiroz shundan iborat ediki, Turkiya AQSHning Iroqqa qarshi urushini tanqid etib, uni qo`llashdan bosh tortdi. Javob tariqasida AQSH PKKga qarshi xarbiy harakatlarni bekor qildi. Oldinlari Turkiyaga beriladigan yordamga ega bo`lish uchun Eron PKKga qarshi operatsiyalar boshladi. Tehron 1990-yillarda o`zi homiylik qilgan PKK lagerlarini ayovsiz bombaladi. 

   Eronning hiyonatidan g`azablangan PKK Tehron hukumatiga qarshi o`zining eroniy qanoti PJAK (Kurdiston Ozod Xayot Partiyasi)ni tashkil qildi. Iroqning shimoliy-sharqida aoslangan bu partiya 2003-yilning o`zidayaoq Eronga qarshi qator hujumlarni amalga oshirdi. Natijada Eron Turkiyaga PKKni to`la tugatishda hamkorlikni taklif qildi. Shu tariqa Iroq Urushi boshlanishi bilan Eron va Turkiya ittifoqdoshlarga aylanishdi.

   Saddam Husayn hokimiyatdan ag`darilgandan so`ng Iroq kurdlari ham o`z strategiyalarini keskin o`zgartishdi. Saddamning repressiyasi tugar ekan, KDP va PUK PKKga qarshi Anqaraga yordam berishni to`xtatishdi. PKK esa o`z navbatida bundan Iroq hududida baza tashkil qilish imkoniyati sifatida foydalandi. Bu Turk-Iroq kurdlari va Turkiya-AQSH (Turkiya PKKni Iroq hududida o`rnashib olishiga AQSHni sababchi deb hisoblagan edi) munosabatlarini darz ketishiga olib keldi.

   Shu tariqa 2003-yildan so`ng O`rta Sharq mintaqasidagi kurd muammosi munosabatlari keskin o`zgarib ketdi. Turkiya, Suriya va Eron asosiy kurd xarbiy harakati PKKga qarshi bir ittifoqqa birlashishdi. PKK esa Eronni PJAK bilan nishonga ola boshladi. Saddam diktaturasidan qutilgan Iroq kurdlari AQSH bilan hamkorlikka kirishib, Turkiyadan uzoqlashishdi.

   AQSHning Iroqqa kirishi uzoq davrdan beri boshqa kuchlar bosimi ostida yashab kelayotgan Kurdistonning barcha burchagidagi ozodlik uchun kurashayotgan kurdlarda najot umidini uyg`otdi. Ular AQSH Kurdistonni birlashtirishda yordam qo`lini cho`zadi deb umid qilishgandi. Saddam Husayn hokimiyatdan ag`darilishi ortidan Iroq Kurdistonining nisbatan erkin siyosat yuritish imkoniyatiga ega bo`lishi bu umidni olovlanishiga sabab bo`ldi. Shu tufayli Kurdistonning boshqa hududlari, ayniqsa Turkiya Kurdistonida milliy harakatning yangi to`lqini boshlandi. 

  Turkiyada 1978-yildan buyon hukumatga qarshi kurashib kelayotgan PKK (Kurdiston Ishchi Partiyasi)ning rahbari Abdulloh O`chalan 1999-yilda Nayrobida qo`lga olinishi ham kurd ziddiyatining XXI asrda o`zgacha tus olishiga sabab bo`ldi. 

   PKK doimo AQSHning imperializm siyosatiga ehtiyotkorlik bilan munosabat bildirib kelgan. Kurdistonning birlasha olmaganiga imperialistik kuchlar asosiy sababchilardan bo`lganligini yaxshi tushungan PKK AQSH bilan aloqa qilishda o`zini tiyishga harakat qilib kelgan. Shu sababli Vashington PKKni O`rta Sharq mintqasidagi “tahdidli kuch” sifatida baholab, O`chalanni qo`lga olishda AQSHning MRB (Markaziy Razvedka Boshqarmasi)si Turkiya hukumatiga yaqindan yordam bergan edi. 

   Biroq O`chalanning qo`lga olinishi PKKning kuchsizlanishiga sabab bo`lmadi. Qaytanga harakat o`z siyosati va taktikalarini o`zgartira boshladi. Partiya faqatgina Turkiya bilan cheklanib qolmasdan, Eron va Iroqda ham o`z faoliyatini yoyishga tutindi. Ayni damda aytish mumkinki, ba`zi muammolarni xisobga olmaganda PKK hali ham Kurd dunyosining asosiy ozodlik harakati maqomini yo`qotmagan.

    Kurd yo`lboshchilari doimo o`z davlatlarini tuzishda ko`mak olish maqsadida tashqi kuchlar bilan aloqa o`rnatishga harakat qilib kelishgan. Bunday ittifoqdoshlar rolini, asosan, Britaniya, Fransiya yoki AQSH o`ynab kelishgan. Kurdlar doimo bu global qudratlar tomonidan aldanib kelganlariga qaramay Iroq Urushida Qo`shma Shtatlar bilan yana bir bor hamkorlik qilishga qaror qilishdi. Saddam Husayn tomonidan ayovsiz repressiya qilinib kelingan Kurdiston Regioni aholisi amerikaliklar bilan birgalikda Iroq hukumatiga qarshi qurol ko`tarishdi. Natijada ular nisbatan o`zlari istagan narsalarga ega bo`lishdi. Lekin bu hamkorlik oldingilariga qaraganda o`ziga xos bo`ldi: global kuchlar tomonidan aldanib kelingan kurdlar bu
safar ancha ehtiyotkor harakat qildilar, ixtiyorlarini to`la AQSHga topshirib qo`yishdan o`zlarini tiydilar. Bu ishonmaslik haligacha davom etmoqda. PKK esa bunday taktikani inkor etdi. Partiya o`zining yangicha strategiyasida Turkiya hukumatiga qarshi kurashish uchun Turk-Kurd frontini tashkil qilish yo`lini tanladi. Ta`kidlash joizki, ayni paytda PKK tarkibida ko`plab turk millatiga mansub a`zolar mavjud.

  AQSHning Iroqqa kirishi ko`p kurdlarda ozodlik uchun umidni kuchaytirdi. Lekin PKK rahbari Abdulloh O`chalan qamoqxonadan turib: “AQSHning qanotlari ostidagi “mustaqil Kurdiston” amalda xech qachon mustaqil bo`lmaydi, u mintaqada Amerikaning manfaatlariga xizmat qiladigan ikkinchi Isroilga aylanadi, xolos,” deya ogohlantirgandi. O`chalanning kurdlar orasida obro`si katta bo`lishiga qaramay AQSH kurdlarda o`zining ta`sirini oshirishga harakat qilmoqda. Uning yashirin yordamlari natijasida Iroq Kurdistoni o`zining mustaqilligini mustahkamlab oldi, hozirgi kunda esa Suriya va Eronda ham kurdlar isyonlar boshlashdi.  

  Turkiya Kurdistoni butun Kurdiston muaommosiga kalit ekan, biz bunga alohida e`tibor qaratishimiz lozim. O`zini turk hukumatining ittifoqdoshi hisoblaydigan AQSH mintaqada o`z siyosatiga qarshi bo`lgan PKKni parchalab tashlab, uning qoldiqlaridan “itoatkor” boshqa bir partiya yaratishga bir necha bor urinib ko`rdi. Bu urinishlarning kulminatsion nuqtasi PKK rahbari Abdulloh O`chalanning ukasi Osman O`chalan 2004-yilda PKK tarkibidan chiqib, Iroq Kurdistoni rahbari Masud Barzoni va Vashington homiyligi ostida o`z partiyasini tuzganligi bo`ldi. Garchi Osman O`chalanning PKKdan yuz o`girganligi partiya birligiga u qadar putur yetkazmagan bo`lsada, kelajakdagi bo`lishi mumkin bo`lgan bunday ichki bo`linishlar yagona kurd milliy ozodlik harakatining butunlay yo`q bo`lib ketishiga olib kelishi xech gap emas.

   AQSH o`zining imperialistik siyosatida kurd muammosidan “tuz qarta” sifatida foydalanishni istaydi. U barcha kurd harakatlarini bo`lib tashlab, ulardan faqat o`z manfaatlarini bajaradigan yangi bir tashkilot tuzib, bu tashkilot yordamida kurd muammosiga aloqador barcha davlatlarini “chizgan chizig`idan” yurgizishni rejalashtirmoqda.

   2011-yilning boshida boshlangan Arab Bahori regiondagi Suriya, Iroq, Eron, Turkiya hamda kurdlar o`rtasidagi siyosiy muvozanatni yana bir bor boshqa yo`lga solib yubordi. Erkinlik, inson xuquqlarini hurmat qilish va yashah sharoitlarini yaxshilash talab qilingan namoyishlar davomi o`laroq boshlangan Suriyadagi isyonlar ortidan Anqara va Tehron qarama-qarshi siyosiy lagerlarga bo`linib ketishdi: Turkiya isyonchilar tarafini olgan bir holda Eron Bashar al-Assadni qo`lladi.

   Turkiya talab qilgan islohotlarni o`tkazishni rad etgan Assadga qarshi Anqara muholifat kuchlarini dastaklay boshladi, javob tariqasida Eron PKKni yana bir turklarga qarshi ta`minlashga qaror qildi. Natijada PKK 2011-yilning yozidan boshlab Turkiyaga qarshi jangavor harakatlar miqyosini kengaytirdi.

   
Suriyada namoyishlar boshlanishi bilan al-Assad PKKni Suriya kurdlarini o`zi tomonga og`dirish uchun ishlata boshladi. Bu esa o`z navbatida Turkiyani g`azablantirdi. Eron ikki asosiy sababga ko`ra al-Assad hukumatini qo`llamoqda: 1) Suriyani Livanga nisbatan ta`siri katta bo`lib, Eron Assad rejimi orqali Livandagi o`ziga xayrixoh bo`lgan Hizbulloh guruhini osonlik bilan nazorat qilishi mumkin; 2) mintaqada Musulmonlar Birodarligining ta`siri o`sib borayotgan ekan, Assad rejimi huddi shunday diniy-siyosiy ta`sir jihatdan gegemonlikka intiladigan Eronga Birodarlik harakatini “qaychilab” turishga yordam berishi mumkin.

   Suriya kurdlari shu davrga qadar ozodlik harakatlari borasida mintaqada passiv edilar. Davom etayotgan fuqarolar urushi ta`siri ostida Suriya kurdlari bosh ko`tarib chiqa boshladilar. Farqli jihati shundaki, kurdlar bu davrdan unumli foydalanib qolishga harakat qilishmoqda. Ular davlatlardagi betartibliklar va hukumatlarni sarosimadaligidan foydalanib o`z ta`sirlarini oshirib olishga urinishayotganini kuzatish mumkin. Assad PKK yordamida kurdlarning kuchidan foydalanib, kurdlarni isyonlardan uzoqroq saqlashga yoki muholifat ustidan o`z ustunligini oshirib olishga qanchalik urinmasin, hozir, Suriya kurdlari na hukumat, na muholifat kuchlarini qo`llab-quvvatlashmoqda.

   Suriya kurdlari YPG (Kurd Odamlari Muhofazasi)ning qurolli bo`linmalari yordamida o`z yerlarini ham muholifat, ham hukumat kuchlaridan himoya qilishmoqda.

   Suriya kurdlarini ayni vaziyatda har ikki tarafda ham emasliklarini shunday izohlash mumkin: Assad va undan oldingi Suriya rahbariyati doimo kurdlar xuquqlarini inkor etib kelishgan. Shu vaqtgacha kurdlarning fuqaroligi tan olinmagan. Kurdlarning avtonomiya haqidagi da`volari hatto tinglanmagan ham. Ayni hukumatga qarshi muholifatda bo`lgan va jang qilayotgan FSA (Ozod Suriya Armiyasi) esa xattoki kurdlarning mavjudligini inkor qilib keladigan Turkiyaning ko`magiga tayanadi. FSAni tashkil qiluvchi arablar ham kurdlarning avtonomiyaga bo`lgan talablarini keskin rad etishadi. Fuqarolar urushida muholifatning qo`li baland kelgan taqdirda ham kurdlarning taqdirida xech qanday o`zgarish yuz bermaydi.

   Kurdlar Suriya Inqirozida xech bir tomonni qo`llamayotganliklariga qaramay ularni beta`raf deb bo`lmaydi. Kurdlar mamlakatdagi parokandalikni o`zlarining alohida mustaqil davlat bo`lib ajralib chiqishlari uchun qulay imkoniyat sifatida ko`rmoqdalar. Mintaqadagi kurdlar tobora yakdillashib borayotganliklari ham alohida ko`zga tashlanmoqda. Kurd diasporasi shakllanmoqda. Bu Suriya fuqarolar urushi ichida boshqa bir fuqarolar urushi kechayotganligidan darakdir.

   Muhtasar qilib aytganda mintaqa davlatlari doimo regional gegemoniyaga erishish uchun kurd muammosidan vosita sifatida foydalanishga urinib kelishgan. Ular biror kurd jamiyati yoda partiyasini boshqa bir mintaqaviy raqibiga qarshi qo`llashgan bo`lmasin, amalda xech qachon kurdlarning xar qanday ko`rinishdagi avtonomiyasini bo`g`ib tashlashga harakat qilishgan. Xuddi shu jihat mintaqa davlatlarini kurdlarga nisbatan siyosatda birlashtirib turadi. Sababi u yoki bu davlatda tuzilajak kurd avtonomiyasi o`z hududidagi kurdlarga ta`sir qilishi, ya`ni “domino effekti”dan har bir davlat cho`chiydi. Bu ularning eng ojiz tomoni bo`lib, kurd muammosiga aralashmagan har qanday tashqi davlat har qanday vaqtda kurd masalasini o`z manfaati yo`lida ishlatib, mintaqada gegemonlikka erishishi mumkin. Shu jihatdan O`rta Sharq mintaqasi haligacha jahonning eng xavfli nuqtalaridan biri bo`lib qolmoqda.

Kurd muammosiga yechimlar


  Kurd muammosi qanday yechilishi lozim degan savolga mana yillarki biror muqobil javob topilgani yo`q. Bu borada biror kelishuv ham imzolanmagan. 

   Turkiya hanuz o`zining inkor etish va repressiya siyosatidan voz kechgani yo`q. Kurd muammosini separatistik terrorizm sifatida ko`radigan turklar muammoni yechishda xarbiy kuchdan boshqa narsani qo`llashmayapti. Kurd alohidaligiga bo`lgan har qanday talab turk hukumati tomononidan faqat “separatizm” deya baholanadi. Turkiyada kurdlarning madaniy xuquqlar yoki kichik demokratik talablari ham ommaviy chiqishlar, buning ortidan alohida federatsiya yoda mustaqil davlatning ajralib chiqishiga olib keladi degan “kurdofobiya” shakllangan. Bunday “fobiya” faqatgina Turkiyada emas, balki kurd muammosiga aloqador barcha davlatlarda shakllanib ulgurgan.

   Kurd muammosini hal etilishini qo`llab-quvvatlaydigan shaxslar, guruhlar yoki partiyalarni sinflashtirish mumkin. Ularning har biri muammoni hal etishda o`z mafkurasi va dunyoqarashiga ega bo`lib, bu sinflar quyidagilar:
1.       Kurd millatchilari;
2.       Etnik federatsiya tarafdorlari;
3.       Birgalikda yashash g`oyasini qo`llovchilar.

    Kurd millatchiligi XX asrning boshlarida yuzaga keldi. Yagona milliy davlat qurish mafkurasi Buyuk Fransuz Inqilobi ta`sirida paydo bo`lgandi. 

    Kurd millatchilarining mafkurasini Usmoniylar Imperiyasi tarkibida yashab kelayotgan boshqa millatlar: serblar, yunonlar, ruminlar, albanlar, bolgarlar va armanlar quchoq ochib kutib olishdi. Ushbu xalqlar kurd millatchiligi ta`siri ostida Usmoniylarga qarshi qo`zgolonlar ko`tarishdi va deyarli hammasi o`z mustaqilligini qo`lga kiritishdi.

   Biroq aksariyati musulmon bo`lgan kurdlarning o`zi Imperiyaga qarshi chiqishmadi va I Jahon Urushida Usmoniylar bilan birga jangga kirishishdi. Kurdlar o`z taqdirlarini islomiy birlik g`oyasi tufayli turklar bilan birga ko`rgan edilar. shu sababli ko`pchilik kurdlar alohida davlat bo`lib ajralib chiqishdan ko`ra turklar bilan bir demokratik davlat tarkibida yashashni afzal ko`rishdi. Nega alohida kurd davlati tashkil qilinmaganligining ikki alohida sababi ham bor:
1)      G`arbning gigant davlatlari qator sabablarga ko`ra mustaqil kurd davlati tuzilishidan biror manfaat ko`rmaganlar;
2)      Kurdlarning o`zi asrlar davomida birga yashab kelgan turklardan ajralib yashashni xohlamaganlar.

   Kurdlar o`z xuquqlarini tan olinishiga erishish, mustaqil bo`lishlariga qanchalik urinishmasin, haligacha kurd jamiyatining aksariyati alohida mustaqil davlat g`oyasini inkor etadi. Bu inkorlarning ikki sababi bor:
1)      Alohida milliy davlat g`oyasi XIX asrda butun jahonda ko`p tarqalgan, ko`p
xalqlar o`z davlatlarini qurish uchun intilishgan edi. XXI asrda esa globalizatsiya shamoli jahonni kezib chiqdi. Hozirda informatsiya va madaniyat biror chegara bilmaydi, bu ikki omildan xech qanday yo`l bilan himoyalanib bo`lmaydi. Butun dunyo sport, madaniyat, moda, media va texnologiya sohasida qorishib ketdi. Bugun bir davlatda ishlab chiqarilgan tovarni bir necha kun ichida dunyoning narigi chekkasidagi xaridor sotib olishi mumkin. Internet millatlar va xalqlarni yanada yaqinlashtirdi. Turli din, etnik birlik va millatdagi shaxslarni turmush qurishi ajablanarli xol bo`lmay qoldi. Mahalliy yoki milliy tillar o`rnini tobora ingliz tili egallab bormoqda. Hozirgi dunyoda milliy davlat chegaralarining iqtisodiyot, madaniyat va informatsiya oldida xech qanday ahamiyati qolmadi. Bunga o`xshash sohalar chegaralar mavjudligini tan olmay qo`ydi.  Milliy davlatlar o`rniga Yevropa Ittifoqi kabi regional birlashmalarning ahamiyati oshib bormoqda. Dunyoning hozirgi holatida XIX asr kayfiyatidagi kurd millatchiligi kurdlarga foydadan ko`ra ko`proq zarar olib kelish ehtimoli yuqori. Shu sababli aksariyat kurdlar alohida davlat bo`lib yakkalanib qolish o`rniga o`zlari yashab qolgan davlatlari tarkibida qolib, teng xuquqqa erishishni afzal bilishadi.
2)      Alohida milliy davlat g`oyasi O`rta Sharq sharoitiga to`g`ri kelmaydi.
Bunday mafkura quyidagi sabablarga ko`ra muammoga yechim topishdan ko`proq chigalliklar olib kelishi mumkin:
a)  O`rta Sharqda Yevropadagidek ijtimoiy tizim mavjud emas, ularning har ikkisi turli yo`llarda shakllangan. Yevropada Islohotlar Davri, Uyg`onish, Sanoat To`ntarishi va demokratik inqiloblar bo`lgan bir holda, O`rta Sharq bunday jarayonlarni boshidan kechirmagan. O`rta Sharqda Yevropadagi kabi burjuaziya yoki ijtimoiy sinflar shakllanmagan.
b)  bir-biri bilan bog`liq bo`lmasada, O`rta Sharqda etnik va diniy farqlar ajratilmagan.  Kurd-turk-arab, musulmon-xristian, sunniy-shia bir joyda, birgalikda yashab kelishgan. Bunday ijtimoiy hayot separatizmdan ko`ra ko`proq murosa va birgalikda yashashga asoslangan.
c) etnik va diniy farqlar esa birinchi navbatda katta imperiyalar tomonidan vosita sifatida ishlatila boshlangan, so`ng jamiyatga ham o`z ta`sirini o`tkazgan.
d) O`rta Sharqdagi etnik farqdan ko`ra katta ta`sirga ega bo`lgan omil bu- dindir.
e) etnik va milliy farqlarni hisobga olmagan holda bir din vakillari orasidagi nikoh O`rta Sharqda odat tusiga kirgan. Statistikaga ko`ra, Turkiyani o`zida kurdlar va turklar o`rtasidagi nikoh 1 milliondan oshib ketadi.
f) O`rta Sharqda etnik turfaliklar o`rtasida jiddiy nizolar deyarli kelib chiqmagan, urushlarning asosiy sababi gegemoniyaga intilish, tashqi kuchlar ta`siri yoki diniy bo`lgan. 
g) millatchilik, alohida millat asosida davlat tuzish g`oyasi O`rta Sharq uchun yangi hisoblanadi. Birinchi galda bu mintaqada xarbiy davlatlar tashkil topgan. Mintaqadagi arablarning millatchiligi esa din bilan qorishib ketgan.
   Bulardan kelib chiqib aytish mumkinki, kurd muammosini hal qilishning yo`llaridan biri-ularning yashab turgan davlatlaridagi boshqa xalqlar bilan assimilyatsiya (qorishtirib yuborish) qilishdir. Ya`ni kurdlarga qarshi diskrinimatsiya siyosatini bekor qilib, ularni boshqa xalqlar bilan aloqasini mustahkamlashga erishish orqali muammoga yechim topish mumkin. Bunday usulni XX asrning boshida kamolchilar amalga oshirmoqchi bo`lgan edilar. Ular Turkiyada yashab turgan barcha millatlarni bir yagona millat- turklar deb atshgan, yagona davlat qurishga intilishgan edi. Biroq  kamolchilarning assimilyatsiya siyosati demokratiya ruhidan begona, faqatgina turk millatining manfaatlarini hisobga olgan natsizmdan o`zga narsa emas edi. Hozirgi kunda esa assimilyatsiya siyosatini demokratik tamoyillarga tayanib olib borish lozim. Ya`niki kurdlarning asliyati, xuquqlari, erkinliklari tan olinsa hamda ular mintaqadagi boshqa millatlardan ajratilmasa muammoni qanaqadir ma`noda yumshatishga erishish mumkin. Albatta, bu uzoq vaqt talab qiladigan jarayon bo`ladi va butun boshli millatni boshqa millatlar tarkibiga singdirib yuborishning ham amaliy jihatdan deyarli iloji yo`q. Biroq shuncha davrdan buyon masalaga aniq yechim topilmagan ekan, vaqtni qo`ldan boy bermasdan bu jarayonni boshlash lozim. Muammoning eng murakkab tomoni shundaki, kurd ziddiyati faqat bir davlatga tegishli emas. Mintaqadagi rejimlarning siyosiy kayfiyati hisobga olinsa, assimilyatsiya bilan muammoga yechim topish ming yillik kul orasidan cho`g` topishdek bekorchi ish ekanligini anglab yetish mumkin.

  Yuqoridagilardan kurdlarning hammasi mustaqil davlat g`oyasiga qarshi yoki shunday bo`lishi kerak degan xulosaga chiqarish katta xatolikdir. Kurdlarning alohida millatligi, ma`lum hududi, tili hisobga olinsa, ular falastinliklardan ham ko`ra o`z davlatiga ega bo`lish xuquqiga ko`proq loyiqdirlar va ko`pchilik kurdlar ham shunday fikrga ega. 

   Biroq hozirgi zamon, mintaqadagi hukumatlarning siyosiy portretiga nazar solinsa, kurdlarning o`z davlatiga ega bo`lishi ilojsizdek ko`rinadi. To`rt davlatda ham o`ziga xos tuzumlar mavjudligi, davlatlararo integratsiyasi jarayonlarining o`zgaruvchanligi muammoga yechim topishni yanada qiyinlashtiradi.

   Xo`sh, unday bo`lsa yechimga qanday erishish mumkin? Faqat ikki yo`l bilan: xarbiy yoki diplomatik.

    Kurd milliy xarbiy harakati yuqorida ko`rsatib o`tilgan qator sabablarga ko`ra haligacha biror natija bermadi. Kurdlar zamonaviy armiya, qurol-yarog`larning yetishmasligi, jangari guruhlarni o`zaro hamkorlik qilmasligi ham buning asosiy sabablaridan biridir. O`z navbatida to`rt davlat ham kurd alohidaligini yo`q qilishning uddasidan chiqa olmadilar. Bunga qarshi o`laroq kurd ayirmachilik harakati kuchayib, ommaviy tus oldi. Milliy harakat shakllandi va kurd jamiyatining barcha qatlamlarini o`z ichiga qamrab oldi. Kurdistonning turli burchaklaridagi kurdlar o`zaro aloqalarni mustahkamlashga erishdilar.  Deyarli barcha davlatlarda kurd qarshiligi o`sdi, Kurdistonning uchta qismida bunday qarshiliklar qurolli ko`rinish oldi.

    Bu qarshiliklarga to`rt davlat kurd alohidaligini tan olmaslik, xuquqlarini yanada cheklash va repressiyani kuchaytirish bilan javob berdilar. Turkiya va Iroq hukumati kurd ayirmachilariga qarshi xarbiy harakatlarga hisobsiz mablag` va inson resurslarini sarfladilar. Birgina Turkiyaning o`zi 1990-2000-yillar mobaynida xarbiy operatsiyalar uchun 10 milliard dollar isrof etdi. Natija esa bitta: mamlakatning byudjetiga katta zarar keltirildi, ommaning hukumatga nisbatan noroziligi kuchaydi, davlat siyosiy inqiroz yoqasiga kelib qoldi va Kurdistonning iqtisodiyoti deyarli barbod bo`ldi.

  Shunday ekan, xarbiy yo`l bilan muammoga yechim topilmasligiga xech qanday shubha yo`q. Muzokara stoliga o`tirib, har ikki tomonni manfaatlarini hisobga olgan holda ziddiyatni demokratik yo`l bilan hal etish yagona yo`ldir. So`ngi 80 yil ichidagi assimilyatsiya yoki xarbiy siyosat xech qanday natija bermaganligi shu fikrga kelishga majbur etadi. Ayni damda tomonlar orasida ham tinchlik yo`li tarafdorlari soni ortib borayotganligini kuzatish mumkin. Aksariyat faollarning hisoblashicha, teng xuquqli avtonomiya yoki federatsiya eng maqbul yechimdir.

   Kurd muammosi mintaqaviy darajadan xalqaro darajaga ko`tarilar ekan, BMTning Iroq Kurdistonini himoyalaydigan rezolyutsiyasi alohida e`tiborga loyiq. Yevropa Ittifoqi kirishga harakat qilayotgan Turkiyadan ham Ittiqfoq Yevropa siyosiy va ijtimoiy standartlarini qabul etish, demokratik islohotlarni joriy etish, eng muhimi, kurd repressiyasini bas qilishni talab etadi.

   1970-yilda diplomatik yo`l bilan tashkil etilgan Iroq Kurdistoni regioni tinchlik yo`li yordamida yechim topishga yorqin misoldir. Biroq mintaqada despotik (Eron), parokanda (Suriya) va agressiv (Turkiya) tuzumlar hukmron ekan diplomatik yechim ham savol ostida qoladi. Bu tuzumlar hokimiyatni qo`ldan boy bermaslik uchun har narsaga tayyor bo`lib, “domino effekti”dan qo`rqqan holda biror kurd avtonomiyasi yoki federatsiyasini xech qachon tan olishmaydi. Ularning o`zaro munosabati xavas qiladigan darajada bo`lmay, xatto boshqa bir davlat hududida ham kurd avtonomiyasi tuzilishiga xech qachon yo`l qo`ymaydi. Mobodo, xalqaro bosim orqali kurd avtonomiyasi tashkil qilingudek bo`linsa ham bu davlatlar uning ichki ishlariga aralashishdan o`zlarini tiyolmaydilar. Natijada mintaqada yanada xavfli vaziyat yuzaga keladi.

   Yakuniy xulosa o`rnida shuni aytish mumkinki, tinchlik yo`li yagona yo`l bo`lib,  Kurdistonning barcha hududlarida ijobiy natija beradi, kurdlarning tan olinishi, alohida avtonomiya bo`lib ajralib chiqishlari ularni qoniqtiradi. Biroq buning uchun mintaqa davlatlaridagi avtoritar tuzumlar o`zgarishi yoki ular o`z siyosatlarini demokratik o`zanga solishlari lozim. Qachonki mintaqada integratsiya jarayoniga keng yo`l ochilsa, davlatlarning bir-biridan xavfsirab yashashiga o`rin qolmasa, chegaralar simto`rlar va minalardan tozalansa shundagina kurd muammosi degan so`zga o`rin qolmaydi.

XULOSA



 Jahondagi har bir millat o`zini-o`zi e`tirof etish, o`z davlatini tuzish xuquqiga ega. Bir millatning boshqa millatlarning manfaatlari va egoistik dunyoqarashi tufayli tan olinmasligi, oyoqosti qilinishi achinarli holdir. 

  Kurdlarning mustaqillik uchun kurashi, davlatlarning esa bunga qarshiligi mana yillardirki O`rta Sharq mintaqasini jahonning “qaynoq nuqtalar”idan biriligicha qolishiga sabab bo`lib kelmoqda. Dunyoning bunday “qaynoq nuqtalar”i qanchalik ko`p bo`lsa, insoniyatning xotirjamligi, osoyishtaligi shunchalik xavf ostida qoladi. Bugungi global zamonda dunyoning u chekkasida bo`layotgan inqirozlar zum o`tmay dunyoning bu chekkasiga ta`sir etishini xisobga olsak, kurd muammosi faqatgina O`rta Sharq yoki to`rt davlat yoinki turk-kurd-arab-fors muammosi emas, balki butun insoniyatning muammosi ekanligini anglab yetamiz.

    Shunday ekan, butun xalqaro hamjamiyat vaqtni qo`ldan boy bermasdan xar ikki tomonni muzokaralar stoli atrofiga chorlab, ziddiyatni tinch yo`l bilan xal qilish choralarini ko`rishi zarur. Zero, insoniyat, dunyoning taqdiri bugun chiqarilajak qarorlar bilan bog`liq.

   Dunyo despotlardan bir millatni xaq-xuquqini oyoqosti qilmaslikni talab qilishi lozim. O`z navbatida jabirdiyda millat ham qo`lidagi qurolini qo`yib, jamiyatining ongi, dunyoqarashini o`stirishga bor e`tiborini qaratishi zarur. Ana shundagina maqsadga erishish, muammoga yechim topish osonlashadi.

   Kurd millatining birlashish masalasi kelajak savolidir. Ishonamanki, O`rta Sharq kelajakda xuddi boshqa mintaqalarda bo`lgandek ijobiy o`zgarishlarni boshidan kechiradi. Bugungi kunning despotik, agressiv, avtoritar rejimlari ertaga yo`q bo`ladi, ularning o`rniga demokratik, islohotparvar hukumatlar tuziladi,  millatlardagi yarim-yovvoyi dunyoqarash keskin o`zgarishga uchraydi, mintaqa millatlari bir-biridan begonasiramay, nafratlanmay, bir oiladek xayot kechirashadi. Chegaralar o`z ahamiyatini yo`qotadi, hozirgi Yevropa Ittifoqidek chegara bilmas tashkilotlar mintaqada hukm suradi, davlatlar, ayniqsa, Kurdistonni bo`lib tashlagan simtikanlar yulib tashlanadi. Faqat bu narsalarga erishish uchun harakatni bugundan boshlash zarur.€

Комментариев нет:

Отправить комментарий