29.01.2014

BRITANIYA VA ROSSIYA O‘ZARO MUDOFAA BITIMINI IMZOLAMOQCHI

Buyuk Britaniya o‘zining Sovuq Urush davridagi sobiq dushmani – Rossiyadan o‘zaro mudofaa bitimi ostida qurol-yarog‘ sotib olishi mumkinligi haqida Telegraph xabar tarqatdi.


Ma’lum qilinishicha, agar ushbu bitim imzolansa, britan kompaniyalari Rossiya qurol-yarog‘ sanoatidagi hamkasblari bilan birga ish olib borishadi. Shuningdek, Britaniya mudofaa tizimi ham rus qurollarini sotib olish imkoniga ega bo‘ladi.

Britaniya Mudofaa Vazirligidagi manbalarga ko‘ra, bitim britan armiyasini rus qurollari bilan ta’minlash bilan birga, ikki davlat qurol-yarog‘ sanoatidagi kompaniyalar o‘rtasida o‘zaro ma’lumot almashish va bir-biridan komponentlar sotib olishga ham sharoit yaratadi.

Xabar qilinishicha, ayni vaqtda Britaniya Mudofaa Vazirligi va Rossiya Harbiy texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Federal Hizmati bitimning qoralamasini ko‘rib chiqmoqda. Rasmiy Moskvaning bildirishicha, bitim shu yilning bahorida imzolanishi mumkin.

Tahlilchilarning ta’kidlashicha, ushbu bitim imzolanishi sobiq josus Aleksandr Litvinenkoning o‘ldirilishi va president Putinning raqiblari bo‘lgan bir qancha rus korchalonlariga Britaniya tomonidan siyosiy boshpana berilishi ortidan sovuqlashib ketgan ikki tomonlama aloqalarning qaytadan jonlanishiga turtki berishi mumkin. Ayni vaqt rus va britan maxsus hizmatlari Sochi Olimpiadasi xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ham hamkorlik qilmoqdalar.

Avvalroq, Vladimir Putin rus qurol sanoati rivojini jadalashtirish siyosatini boshlagan edi. Ushbu islohotlardan asosiy maqsad Sobiq Ittifoq davridan qolgan rus arsenallarini tubdan yangilash va Yevropa qurol sanoatidagi kompaniyalarga eksport bozorini berib qo‘ymaslikdir.


Amerika Kongressi Rossiyani Assad hukumatini qurol-yarog‘ bilan ta’minlash orqali Suriya Inqirozini kuchaytirishda ayblab kelishiga qaramay, so‘nggi yillarda AQSh afg‘on qurolli kuchlari salohiyatini oshirish uchun Rossiyadan Mi-17 vertolyotlarini sotib olmoqda. 

Комментариев нет:

Отправить комментарий