29.01.2014

SURIYADA G‘ARBIY KURDISTON DAVLATI PAYDO BO‘LISHI MUMKIN

O‘tgan hafta Shvetsariyada BMT tashabbusi bilan tashkil qilingan hukumat va isyonchilar o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari davomida Suriya kurdlari o′z mustaqilligi hamda o‘zlari yashaydigan hudud ustidan nazoratni talab qilib namoyish o‘tkazishdi.

Jenevada jurnalistlar saollariga javob bergan Kurdiston Demokratik Ittifoq Partiyasi yetakchisi Solih Muslim kurdlarni yo‘liga to‘sqinlik qilayotgan kuchlar mavjudligini, shunga qaramay kurdlar o‘z demokratik huquqlarini qo‘lga kiritish uchun ortga chekinmasligini ta’kidlab o‘tdi.

Suriya Kurd Oliy Kengashi nomidan gapirgan Solih Muslim kurdlarning Jeneva II tinchlik muzokaralarida ishtirok etishga bo‘lgan urinishlari behuda ketgan. Hukumat va muholifatni muzokaralar stoli atrofiga olib kelgan asosiy kuchlar – BMT, AQSH va Rossiyaga muzokaralarda qatnashish yuzasidan bir qancha so‘rovlar yuborilgan.

“Kurd masalasini hal qilmay turib, qanday qilib Suriya Inqiroziga yechim topish mumkin? Kurd masalasi Jeneva II doirasida hal qilinishi lozim edi,” deydi Solih Muslim. 

Muslimga ko‘ra, Suriyada 3,5 millionga yaqin kurdlar istiqomat qilib, ular mamlakat aholisining 15 foizini tashkil qiladi. Solih Muslim partiyasi 2004-yildan buyon kurd davlatini tuzish uchun harakat qilib keladi.

Shuningdek, Solih Muslim kurdlarning muammosiga e’tibor qaratmagan muholifat liderlarini ham tanqid qilmoqda. “Biz istaydigan yagona narsa – konstitutsiyada bizning mavjudiyatimiz tan olinishi xolos,” deydi u.

2012-yilning yozida hukumat qo‘shinlari kurdlarda qarshilik harakatini kuchaytirib yubormaslik maqsadida kurd yerlaridan chiqib ketgan edi. Bu esa kurdlarga de fakto avtonomiya imkoniyatini berdi. Hozirgi kunda kurdlar hukumat va muholifatga nisbatan betaraf pozitsiyadadir. Biroq so‘nggi bir yil mobaynida kurdlar jihodchi va radikal guruhlarga qarshi mudofaa guruhlarini tuzib, ular bilan bir necha marta to‘qnashgani ma’lum.

O‘tgan yilning so‘ngida uchta yirik kurd hududida o‘z avtonomiyasini e’lon qilgan edi. 21-yanvar kuni esa ular hamkorligida Suriya Kurd Oliy Kengashi tashkil qilindi. Ushbu harakatlar natijasida yaqin vaqt ichida Suriya g‘arbida kurdlar davlati paydo bo‘lishi mumkin.


Комментариев нет:

Отправить комментарий