29.03.2013

AFG`ONISTON MILLIY TABIIY BOYLIKLARDAN FOYDA KO`RISHGA TAYYORLANMOQDA


Afg`oniston hukumati joriy yilda 5 ta gaz va neft hamda mineral konlarni xorijiy investorlar tenderiga chiqarishni rejalashtirmoqda. Uzoq yillik tala-to`plardan qashshoqlashib ketgan mamlakatni hukumati tabiiy boyliklardan keladigan foyda evaziga oyoqqa turg`izmoqchi.


Afg`oniston tabiiy boyliklarining tahminiy xaritasi 

“Loyihalar neft, tabiiy gaz, temir, mis va oltin rudasi kabi tabiiy boyliklarni qidirib topish hamda ularni o`zlashtirishni o`z ichiga oladi,” deya ma`lum qilgan Afgo`niston Konlar Vaziri Vohidulloh Shahrani.

“Biz joriy yilning o`zida ikkita neft va tabiiy gaz konini tenderga qo`ymoqchimiz. Konlarni xorijiy investorlarga tarqatish 2015-yilgacha davom etadi. Afg`onistondagi neft va tabiiy gaz mamlakatni ta`minlab, eksport qilishga ham yetadi,” davom etadi Konlar Vaziri.  

Ayni vaqtda tabiiy resurslarning milliy iqtisodiyotdagi ulushi 3 % ni tashkil qiladi. Hukumat bu raqamni 2024-yilgacha 45 % ga yetkazmoqchi.

1970-yildan buyon notinch holda saqlanib qolayotgan mamlakatda yana battareyalar va elektronika sohasida keng qo`llaniluvchi litiy koni ham tenderga chiqarilishi ko`zda tutilmoqda.

Jahonning eng qashshoq davlatlaridan biri sanalgan Afg`onistonda 2010-yili tekshiruv o`tkazgan Geological Survey tahlil markazining ma`lumotlariga ko`ra mamlakat tabiiy boyliklarning tahminiy qiymati 1 trillion AQSH dollaridan ziyodroqni tashkil etadi.

Biroq ko`pchilik tenderlar yetarlicha investorlarni jalb qilmasligini tahmin qilmoqda. Sababi doimiy beqaror vaziyat, bundan tashqari korrupsiyaga botgan hukumat tizimi G`arb investorlarini tavakkal qilishdan saqlab turmoqda. Shuningdek, so`nggi paytlarda Afg`oniston iqtisodiyotining asosiy ustunlari bo`lgan Xitoy va Hindiston firmalarining ham yuqoridagi sabablar tufayli mamlakatni tark etishga majbur bo`lgan hollari tez-tez kuzatilmoqda.

Shunga qaramay mamlakatda qolib, o`z faoliyatini davom ettirishga qati`y qaror qilgan kompaniyalar ham yo`q emas. Xitoyning China National Petroleum Corp. kompaniyasi o`tgan yili mamlakatning neft-gaz sanoatiga 600 million dollar sarmoya kiritib, bir vaqtlar Rossiya firmalari izlanish olib borgan hududlarda faoliyat yurita boshlagan edi.

Konlarni o`zlashtirish va ishlab chiqarish ishlari shu yildan boshlanib, milliy ta`minotni ham o`z ichiga oladi.

Xitoy Metallurgiya Korporatsiyasi va Jiangxi Copper kompaniyalari 2007-yilda Qobul yaqinidagi Aynoq mis konini o`zlashtirish yuzasidan mamlakat hukumati bilan bitim imzolashgan edi. Ushbu ikki kombaniya konni o`zlashtirish uchun 3 milliarddan 4 milliard AQSH dollarigacha mablag` sarflashga qaror qilishgandi.

Biroq mis koni joylashgan hududdan qadimiy Budda ibodatxonalaridan biri topilgani tufayli o`zlashtirish ishlari to`xtab qolgan edi. Konlar Vaziri Vohidulloh Shahranining so`zlariga ko`ra, yodgorlik joriy yilning iyun oyiga qadar boshqa joyga ko`chiriladi. Shundan so`ng ishlarni davom ettirish imkoni tug`iladi.

Shu bilan bir vaqtda hukumatda konlarni o`zlashtirish bo`yicha yangi qonunlar ko`rib chiqilmoqda va ular keying oyda tasdiqlash uchun parlamentga jo`natiladi.

Agar parlament yangi qonunlarni tasdiqlaydigan bo`lsa, xorijiy investorlar faoliyati uchun katta imkoniyatlar paydo bo`ladi.


1 комментарий:

  1. Afg'onistonda yangi qonunlar ishlab chiqarilgani bn xorijiy investorlarning kirib kelishiga mamlakatdagi notinch vaziyat yo'l qo'ymaydi, chunki risklilik darajasi juda yuqori. har qanday investor foyda olish un investitsiya kiritadi bunda investor mamlakatning investitsiya muhitini (ijtimoiy,siyosiy,iqtisodiy)o'rganib chiqadi

    ОтветитьУдалить