Koreya yarimorolida
vaziyat kun sayin murakkalashib bormoqda. Kuni kecha Shimoliy Koreya rahbari
Kim Jong Un yadroviy sinov ortidan kuchaytirilgan sanksiyalarga nisbatan “Janubiy
Koreyani yer yuzidan supurib tashlash” bilan tahdid qilgan.
Kim Jong Un harbiy tayyorgarlikni ko`zdan kechirmoqda
Ma`lumotlarga
ko`ra 11-mart kuni janob Kim harbiylar bilan uchrashuvda Janubga tegishli Bayengnyeong
oroliga xujum qilib, butun orolni “olov ichida qoldirish”ga ko`rsatma bergan.
“Buyruq berildimi,
tamom, siz bu ahmoq dushmanning belini sindirib, kekirdagini uzib olib, ularga
xaqiqiy urush qanday bo`lishini ko`rsatib qo`yishingiz kerak,” deya millat
rahbarining so`zlaridan parcha keltiradi Shimoliy Koreya Markaziy Xabar
Agentligi.
Ayni damda
Pxenyan va Seul o`rtasidagi ziddiyat eng yuqori bosqichga ko`tarilgan.
Bayengnyeong
ma`muriyati vakili Kim Young Guning so`zlariga ko`ra shimolliklar rahbarining
so`zlaridan so`ng orol xar qanday favqulodda holatga shay turibdi,
fuqaroviy chodirlar aholiga tarqatish uchun taxt qilingan.
“Hozir ommaviy
evakuatsiya haqida bir narsa deyish qiyin, lekin orolliklar ayni paytda
qo`rquvda,” deydi Kim Young Gu.
Ikki davlatning
dengiz chegarasida joylashgan Bayengnyeong oroli 1999, 2002 va 2009-yillarda
ham kichik qurolli to`qnashuvlarga guvoh bo`lgan.
Shuningdek,
boshqa xabar manbaalarida tarqatilganidek, Shimoliy Koreya ikki o`rtada
imzolangan 60-yillik tinchlik sulhini ham xech qanday tushuntirishlarsiz bekor
qilgan.
Bu inqiroz
Janubiy Koreyaning yangi rahbari Park Geun Hye xonim uchun o`z vazifasiga
to`liq kirishishi oldidan sinov bo`lib turibdi. Siyosiy tahlilchilar, har ikki
davlat rahbarlari endi hokimiyatga kelganliklari va ular haqida hali deyarli
xech qanday ma`lumot yo`qligi sababli, liderlar qanday yo`l tutishlarini oldin
tahmin qilishga qiynalishmoqda.
Janubiy Koreyaning ilk ayol prezidenti Park xonim mavjud vaziyatdan chiqish uchun qanday yo`l tutishi hali noma`lum
Park xonim
kabinetiga Mudofaa Vaziri sifatida nomzodlikka turganlardan biri, janob Kim
Byung Kvan kech qabul qilingan qaror mamlakat uchun qimmatga tushishi
mumkinligidan ogohlantirgan.
“Juda ham
katta xavfni sezib turibman,” deydi press-konferensiyalardan birida janob Kim. “Hozirgi
vaziyatda milliy mudofaa masalasida biror bo`shliq bo`lishi mumkin emas. Hozir
millat uchun juda xavfli davr boshlanmoqda,” deya davom etadi Kim Byung Kvan.
Janubiy
Koreya Mudofaa Vazirligi so`zchisi Kim Min Seokga ko`ra, shimolliklar “psixologik
bosim” o`tkazishga urinishmoqda. Yaqin kunlar ichida Shimoliy Koreya kichik
harbiy manevrlar boshlashi mumkin, lekin ular haqiqiy urush ochishdan
cho`chishlariga ishonadi Kim Min Seok.
“Biroq,
shimolliklar haqiqiy urush boshlagudek bo`lishsa, biz ham qo`l qovushtirib
o`tirmaymiz,” fikrini davom ettiradi janob Kim.
Kim Jong
Unning so`zlaridan so`ng Shimoliy Koreyaning xorijdagi xisoblarini muzlatib
qo`ygan.
Boshqa
tomondan BMTning Jenevadagi Inson Huquqlari Kengashi Pxenyanni insoniyatga
qarshi qator jinoyatlar bilan ayblab chiqqan.
Kengash Shimol
hukumatini inson xuquqlarini oyoqosti qilish, zo`ravonlik, ommaviy ocharlikka
yo`l qo`yish kabilar bilan ayblagan.
Kengashdagi
chiqishlarga ko`ra, inson huquqlari himoyachilari ayni damda mavjud rejim
siyosatiga qarshi chiqqan 200,000 dan ortiq odam Shimoliy Koreya
qamoqxonalarida azob chekyapti, deb hisoblashadi. Ular zudlik bilan shimoliy
Koreyaning insoniyatga qarshi jinoyatlariga zudlik bilan chek qo`yish maqsadida
xalqaro komissiya tuzishga chaqirishgan.
URUSH EHTIMOLI QANCHALIK YUQORI?
Bundan bir
qancha vaqt oldin Shimoliy Koreyaning o`ziga xos – yovvoyi, ojiz va ahmoqona
strategiyasi haqida maqola e`lon qilgan edik. Xo`sh, o`sha maqoladagi fikrlar
qanchalik o`z tasdig`ini topmoqda? Shimoliy Koreya rostan urush boshlashi
mumkinmi?
Kim Jong Un
Janubga xujum qilib, kuli ko`kka sovurish bilan tahdid qilib turgan bir paytda,
Janubiy Koreya razvedkasi katta sondagi shimollik askarlar chegara chizig`idan
mamlakat ichkarisiga ko`chirilayotgani haqida xabar tarqatdi. Tahminlarga
ko`ra, buning asosiy sababi ichki intizom izdan chiqqanligi, qattiq kelgan qish
va oziq-ovqat yetishmasligidir.
Bundan tashqari,
boshqa manbaalarga ko`ra, shimol armiyasi ichida xizmatdan bo`yin tovlash va
dezertirlik xollari ko`paymoqda. Tasdiqlanmagan ma`lumotlar shuni
ko`rsatmoqdaki, dezertirlik (xizmatdan qochish) xollari o`tgan yilgi shu vaqtga
nisbatan 7-8 marta oshgan.
Armiyadagi intizomning
keskin susayishining asosiy sababi sifatida bu yilgi cho`zilib ketgan qishgi
xarbiy tayyorgarlik tufayli oziq-ovqat tanqisligining kelib chiqqanligi va
urush boshlanishi haqidagi vahimalar armiya bo`ylab tarqalgani ko`rsatilmoqda. Siyosiy
tahlilchilarning fikricha, Shimol hukumati “buyuk qudrat” haqidagi
propagandalarga qanchalik zo`r bermasin, qurolli kuchlarning katta qismi
g`alabaga deyarli ishonmaydi.
Armiyadagi tartibsizliklarga
qaramay, Shimoliy Koreya o`tgan yili harbiy paradda namoyish etgan uzoq
masofali ballistik raketalarni taxt qilayotgani haqida xabarlar kelmoqda va bu
xabarlar urush borasidagi xavotirlarni yana kuchaytiryapti.
Ballistic raketalar
ichida oz miqdorda yadroviy raketalar ham borligiga ishoniladi. Shimoliy Koreya
yadroiy sinov o`tkazgandan so`ng, agar Vashington va Seul “dushmanlik”ni bas
qilmaydigan bo`lsa, bu safargi nishon ular bo`lishini aytib, tahdid qilgan edi.
Bu tahdid
borasidagi savollar raketalarni tayyorlash ishlari boshlangani ma`lum
bo`lgandan so`ng yanada dolzarblashgan. Amerika Strategik Qo`mondonligidan
Robert Keler bu savollarga “AQSHda tugal raketaga qarshi mudofaa tizimi
yaratilganligi va Shimoliy Koreyadan keladigan har qanday raketa mamlakat uchun
umuman xavf tug`dirmasligi”ni aytib, xavotirlarga biroz chek qo`ygan.
AQSH eng zamonaviy raketadan mudofaa tizimiga egaligini da`vo qilib, Shimoliy Koreya mamlakatga zarar yetkaza olmasligini aytmoqda
Robert
Keler so`zini yana davom ettirib, “agar shimolliklar bu ishga qo`l urgudek
bo`lishsa, AQSH harbiylari mamlakatni himoya qilish uchun har qanday holatga
tayyor turishlari”ni ham qo`shib qo`ygan.
Tahdid haqida
Janubiy Koreya hukumatining ismini oshkor qilmagan vakili esa “vovullagan it
xech qachon qopmaydi” qabilada javob bergan.
Shimolning
harakatlariga xattoki uning doimiy hamkori Xitoy ham qarshi chiqmoqda.
Ko`rib
turganingizdek, vaziyat judayam tushunarsiz va chigal. Kimdir urush
boshlanishidan qo`rqayotgan bo`lsa, boshqa bir shaxs Shimoliy Koreya urush
boshlashiga aslo ishonmaydi.
Shimoliy Koreyada
bu kabi inqirozni targ`ib qilish uchun sabab mavjud. Eng birinchi sabab mavjud
rejimning qanday qilib bo`lsada yashab qolishga intilishidir. Boshqa bir sabab
esa, yangi rahbardir. Tahminan, 30 yoshda (Kim Jong Unning tavallud sanasi aniq
emas) bo`lgan yosh lider avval boshida hokimiyat tepasiga kelganda, ko`pchilik
nazdida tashqi dunyoda ta`lim olgan rahbar mamlakatga globalizatsiya olib
keladi, degan fikr paydo bo`lgan edi. Uni kommunist dunyoqarashdan ko`ra,
zamonaviy fikrlaydigan shaxs deya tahmin qilishgan edi. Shu sababli ham
tahlilchilar yangi rahbar rejimni ortiq davom ettirolmaydi, mamlakatni dunyo
uchun ochib beradi, deb tahmin qilishgan edi. Bu esa janob Kim an`anviy
boshqaruvni eplolmaydi, degani edi. Xattoki, mamlakat ichida bunga
ishonadiganlar ko`plab topildi. Endilikda, yosh Kim o`zini ajdodlariga
qanchalik “munosib voris” ekanligini ko`rsatib qo`yishni xohlayotgan ko`rinadi.
Biroq mavjud
harakatlar faqatgina mamlakat rahbarining istagi bilan bo`lmayotgani aniq.
Shimoliy Koreyada xukmron partiya va harbiylarning ta`siri juda kuchli bo`lib,
aynan ular rejimni shakllantirishadi, aynan ular amalda rahbarni bevosita nazorat
etishadi. Davlat rahbari bu qudrat bilan kelishib ish tutishga majbur.
Shimoliy Koreyada hatto oliy rahbar ham beixtiyor ravishda itoat qiladigan qudrat shakllangan
Shimoliy Koreya
vaqti-vaqti bilan bunday tahdidlar qilib keladi va ko`pchilik bunga ko`nikib
qolgan. Lekin bu safar vaziyat jiddiyligi ko`rinib turibdi. Doimo Shimolni
himoya qilib kelgan Xitoyning bu gal qarshi chiqishi ham bu xavotirni
tasdiqlamoqda.
Agar urush
boshlansa, Shimoliy Koreya yetkazishi mumkin bo`lgan zarar qanchani tashki
etadi? Tahlilchilarga ko`ra, Pxenyanning o`zi ham harbiy qudratiga u qadar
ishonmaydi. Sababi Shimoliy Koreya shu vaqtga qadar biror qurol ustida ishni
tugallamagan. Yadro sinovi o`tkazilgan bo`lsada, atom bombasini uzoq masofaga
tashuvchi raketalar sinovdan o`tmagan. Shu sababli Shimolning ilk harbiy
harakatlarining muvaffaqiyatli chiqish ehtimoli deyarli nolga teng. AQSH va
ittifoqchi davlatlarda raketadan mudofaa tizimi mavjud ekan, ular birinchi
xujumni osonlik bilan qaytaradilar va shiddat bilan Shimoliy Koreyaga xujum
qiladilar. Pxenyanning mudofaa tizimi esa o`ta abgor holda. U AQSH va boshqa
qudratli davlatlarning zamonaviy qurollaridan o`zini himoya qilolmasligi aniq.
Pxenyan rejimi buni juda yaxshi tushunadi.
Pxenyan rejimi o`tgan yili aprel oyida hali sinovdan o`tmagan ballistik raketalarni harbiy parad davomida ommaga namoyish etgan edi
Demak, Shimoliy
Koreya yovvoyi strategiya bilan ishlamoqda ayni vaqtda. Ya`ni o`zi qo`rqqan
holda dushmanni cho`chitishga urinib, po`pisa qilish strategiyasini
qo`llamoqda.
Biroq tahlilchilar
Pxenyan harakatlarini oldindan bashorat qilib bo`lmasligi va har qanday ishga
qo`l urishini aytib, ogoh turishga chaqirishmoqda.
Umuman olganda
Shimoliy Koreya bu harakatlar orqali nimaga erishmoqchi bo`layotganligini
tahlil qilish juda qiyin. Ikki o`rtada bahsli hududlar deyarli mavjud emas. Balki
shimol hukumati mavjud vaziyatni, bosayotgan qadamlarini o`zi ham anglab
yetmayotgan bo`lishi mumkin.
Xulosa qilib
aytganda, urush bo`ladimi yoki yo`qmi, degan savolga javob berish bir qancha
mushkullik tug`diradi. Shimoliy Koreya o`z kuchiga ishonmaydi, lekin po`pisa
qilish va harbiy tayyorgarlik ko`rishda davom ettirmoqda. Bu hol esa butun
dunyodan bir zum ham diqqatni boy bermaslikni talab qiladi. Ha, ko`rib
turganimizdek, Shimoliy Koreyaning harakatlari juda tushunarsiz va tahmin qilib
bo`lmasdir. Ehtimol, shu maqolani o`qiyotgan bir paytingizda Pxenyan rejimi
raketalarni uchira boshlagan bo`lsa ne ajab…
Shimolni jangni boshlashiga 5 ta pivo tikishim mumkin, muammo uni qachon ichishimda. Qaysidir amerkanets o`zi shimolliklar safida turib raketani zapusk qiladi, baribir. Bu urushdan eng katta foyda ularga, nima qipti 50-60 ming kareys o`lsa
ОтветитьУдалить