07.03.2013

QOZOG`ISTON YADROVIY DAVLATGA AYLANMOQCHI (MI?)

Markaziy Osiyodagi Sobiq Sovet davlatlari mustaqillikka erishganlaridan so`ng, achchiq haqiqatki, jahon siyosiy sahnasidan yuqori o`rin ololmadilar. Biroq Qozog`iston doimo regional emas, balki global siyosiy “o`yinchi”ga aylanish uchun harakat qilib keldi. Endi u faoliyatini xalqaro yadroviy xavfsizlik doirasida ham sinab ko`rmoqchi. Aynan o`sha, bir vaqtlar Moskva yuzlab yadroviy qurollarini hududida sinab ko`rgan, uzoq yillar davomida uran qazib chiqarishni yuqori sur`atda oshirib borayotgan Qozog`iston o`tgan oyning so`ngida Eronning yadroviy dasturi bo`yicha o`tkaziladigan xalqaro muzokaralarga mezbonlik qildi.




1991-yil 16-dekabrda mustaqillikka erishgandan to hozirgi kungacha Qozog`iston Sobiq Ittifoqning yadroviy merosiga egalik qilayotgan yagona Markaziy Osiyo davlati bo`lib qolmoqda. Butun 90-yillar davomida amalda bo`lgan Nun-Lugar Xavfni Kamaytirish Hamkorligi (Nun va Lugar AQSHlik senatorlar bo`lishgan, dastur ularning tashabbusi edi) dasturi doirasida Qozog`istonga yadroviy qurollarni saqlash va yo`q qilish bo`yicha ko`plab AQSHlik mutaxassislar kiritildi. Ular Qozog`istonni yadroviy qurol va chiqindilarni qanday nazorat qilish hamda yo`q qilishga o`rgatdi. Bunday tajriba boshqa biror Markaziy Osiyo davlatida yo`q edi.

2011-yil sentyabrida Vashingtondagi Qozog`iston elchixonasida mamlakat mustaqilligining 20 yiligi nishonlanayotgan bir paytda qozoq rasmiylari yig`ilgan AQSHlik elitalarga o`zlarining yadroviy meroslari haqida yana bir bor shipshitib qo`yishdi. Bu esa yadroviy hamkorlik hali davom etishining belgisi edi.

Qozog`iston o`zini bir vaqtlar zamini sovetlar tomonidan yadroviy sinovlar bilan ilma-teshik qilib tashlangan jabrlanuvchi sifatida ko`rsatishga urinsada, aslida rasmiy Astananing o`zi so`nggi yillarda uran qazib olishni yuqori sur`atlarda oshirib kelmoqda. Yadrodan holi hudud hisoblangan Markaziy Osiyoda joylashgan Qozog`iston  qazib chiqarilayotgan uran rudasi faqatgina energetik maqsadlarda ishlatilishini da`vo qilib keladi.

Qozoq hukumati, asosan, Xitoy, Hindiston va Yaponiyani uran bilan ta`minlaydi. 2007-yilda esa AQSH atom elektr stansiyalariga ham uran xomashyosi yetkazish bo`yicha kelishuvlar imzolangan edi.

Shunga qaramay dunyo hali ham Qozog`istonni nefti bilan taniydi. Uran qazib olish sektori jadal o`sayotgan bo`lishiga qaramasdan, xanuz mamlakatga kiritilgan xorijiy investitsiyalarning asosiy qismi neft sohasiga yotqizilgan (tahminan 154 mlrd dollar). Shu sababli Qozog`iston uzoq vaqtdan beri “Uran uchun Jahon Banki” g`oyasini ilgari surib keladi. Bundan asosiy maqsad esa jahonda tobora narxi va unga bo`lgan talab oshib borayotgan urandan misli ko`rinmagan foyda olishdir.

Yuqorida aytib o`tganimiz, Tehron yadroviy dasturi bo`yicha xalqaro muzokaralarga mezbonlik qilish esa dunyo e`tiborini Qozog`iston uraniga qaratish yo`lidagi ajoyib siyosiy o`yin bo`ldi. Har doimgidek, Eron muammosi borasida sezilarli biror o`zgarish ko`zga tashlanmadi, biroq xalqaro yadro bo`yicha mutaxassislarga qozoq urani zimdan ko`z-ko`z qilindi. 

Astananing bu harakatlari faqatgina uran orqali boylik orttirish, ya`ni iqtisodiy istiqbollar bilan bog`liq, deb bo`lmaydi. Iqtisodi tobora o`sib borayotgan Qozog`iston xalqaro siyosiy maydondan ham o`ziga munosib joy topmoqchi. U bunday harakatlarini 2010-yilda Shanxay Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qilish mobaynida boshlagan edi. Biroq janob Nazarboyevning urinishlari hanuz naf bermayotir. Ayniqsa, o`tgan prezidentlik saylovlari xalqaro ekspertlar tomonidan adolatsiz, deb topilgan so`ng jahondagi siyosiy darg`alar qozoq rahbarini o`z saflariga qo`shishga shoshilishmayapti. 

Qozog`iston e`tiborini neftdan olib yadroviy sektorga qaratishining yana bir sababi 2011-yil so`ngida bo`lib o`tgan neftchilarning namoyishi bilan ham bog`liq. G`arbiy Qozog`istonda bir oycha davom etgan bu namoyishlar hukumat tomonidan qattiqqo`llik bilan bostirilgandan so`ng, demokratiya qadrlanadigan G`arb kompaniyalari tanqidga uchrashdan cho`chib, qozoq neftiga sarmoya yotqizishda ikkilanib qolishdi.

Ayni damda siyosiy maydonda Eron, Pokiston va Shimoliy Koreyaning yadroviy dasturlari bo`yicha muammolari avj olar ekan, Qozog`iston ham bu davlatlar qatoridan joy olib qolish ehtimoli katta. Shuning uchun Astana hozircha uran xomashyosi eksporti bilan cheklanmoqda. Shuningdek, yadroviy dasturi bilan jahon xavfsizligiga tahdid solayotgan mamlakatlar sirasiga kirib qolmaslik uchun Qozog`iston bu sektorga xorijiy investorlarni jalb qilmoqchi. Vladimir Putin tashabbusi bo`lgan Yevrosiyo Ittifoqiga qo`shilish qarori ham Qozog`istonnni jahon siyosiy kuchlarining teng huquqli a`zosiga aylantirib, uning yadroviy sektorini tashqi ta`sirdan himoyalashi mumkin. 

Shu o`rinda aytib o`tish mumkinki, 2011-yilning so`ngi choragidagi ma`lumotlarga ko`ra, jahondagi qazib olinayotgan uran rudasining 33 % Qozog`istonga tegishli bo`lgan. Undan so`ng Kanada (18%) a Avstraliya (11%) turishgan. Bu esa Qozog`iston hozirda jahonning birinchi uran rudasi ishlab chiqaruvchisi ekanligini bildiradi.

 Shuningdek, uran zahirasi bo`yicha ham Qozog`iston ikkinchi o`rinda turadi: 1,5 mln tonna. Bu davrgacha Qozog`iston Kanada va Avstraliyadan keyin uchinchi uran ishlab chiqaruvchi hisoblanar edi. Hozirda bu uchlik jahondagi uran rudasining 62 %ini ishlab chiqarishadi. 

3 комментария:

  1. Rahmat judaham foydali malumot uchun. Buni qanday tasirlari bolishi mumkin qoshni davlatlarga agar Qozogiston bu rejani amalga oshirsa?

    ОтветитьУдалить
  2. Avvalo yadroviy davlat deganda yadro quroliga ega yoki ega bo'lishga harakat qilayotgan davlat, deyish fikridan yiroqmiz. Qozog'iston urandan iqtisodiyotini yuksaltirish va siyosiy ta'sirga ega bo'lish yo'lida foydalanmoqda. Endi bevosita savolingizga javob beradigan bo'lsam, buni Markaziy Osiyo regioniga xavfli ta'siri yo'q. Lekin, hammamiz yaxshi bilamizki, hozirgi dunyoda xomashyo eksport qilish katta foyda keltirmaydi. Bu narsani oddiy iqtisodchi ham yaxshi tushunadi. Hozircha uranni chetga sotayotgan Qozog'iston ertaga uni o'z iqtisodiyotida ishlatishni xohlab qolishi aniq. Yaponiyadagi Fudziyama stansiyasi xalokatga uchragandan so'ng jahonda AESlarning ahamiyati kamaygandek bo'ldi, ularga qarshiliklar avj oldi. Uranning narxi ham keskin pasayib ketdi. Lekin oradan bir yil o'tar o'tmas, uran rudasi yana xaridorbop tovarga aylandi. Bu insoniyat energetikaga qanchalik muhtojligining yaqqol dalili edi. Xuddi shu yildan Qozog'iston uran qazib olishni jadallashtirdi, bir yil ichida jahondagi uran qazib olishda birinchi davlatga aylandi. Jahonning yetakchi davlatlarini uran xomashyosi bilan ta'minlay boshladi. Uran strategik xomashyo hisoblanar ekan, unga boy davlat siyosiy maydonda katta ta'sirga ega bo'lish imkoniyati katta. Kun kelib Qozog'iston ham o'z hududida AESlar qurish harakatiga tushib qolishi bor gap. Savolingizga yana bir bor javob beradigan bo'lsam, Qozog'istonning bu harakati amalga oshsa, mintaqa barqarorligiga xavf solinmaydi, shunchaki, tepamizda iqtisodiy baquvvat, gigant davlat paydo bo'ladi, xolos.

    ОтветитьУдалить
  3. Япония поможет Казахстану построить АЭС
    http://www.atomic-energy.ru/news/2012/05/04/33204

    ОтветитьУдалить