25.03.2013

MARKAZIY AFRIKA RESPUBLIKASI POYTAXTINI ISYONCHILAR EGALLAB OLDI


Markaziy Afrika Respublikasi poytaxti Bangi shahrida o`tgan haftaning so`ngida isyonchilar va hukumat kuchlari o`rtasida qator qurolli to`qnashuvlar ro`y bergan. Mamlakat prezidenti Fransua Bozize esa Fransiya hukumatidan vaziyatni o`nglash uchun harbiy yordam so`ragan.



Seleka nomli mahalliy isyonchi guruh o`tgan hafta tabiiy zahiralarga boy, sobiq Fransiya koloniyasi bo`lmish MAR hukumati bilan qurolli ziddiyatlarni qaytadan avj oldirgan edi. Guruh Bozize hukumatini yanvarda imzolangan isyonchilarni hukumat armiyasiga qabul qilish bo`yicha ikki tomonlama shartnomaga amal qilmaganlikda ayblamoqda.

Seleka guruhi hukumatni shartnomaga amal qilmaganlikda ayblamoqda

Reyter agentligining xabar qilishicha, shu kecha kunduzda isyochilar poytaxtning shimoliy, prezident qarorgohiga juda yaqin qismini o`z nazoratlariga olishgan. Bundan tashqari isyonchilar tinch aholi niqobida shaharning boshqa qismiga ham ko`chib o`tmoqdalar.

Tasdiqlanmagan xabarlarga ko`ra, hukumat kuchlari faqatgina prezident saroyi joylashgan hududda nazoratni ushlab qolishga muvaffaq bo`lgan, xolos.

Bugun Seleka isyonchilari Bangi shahrini elektr bilan ta`minlaydigan yagona stansiya – Boalini egallab olishdi va uni o`chirib qo`yishdi. Shu sababli ayni damda MAR poytaxti butkul elektrsiz qolmoqda.

Otishmalar davom etayotgani to`g`risida xabarlar yo`q.

Elektr yo`qligi sabab, ayni vaziyat haqida xech kim xech narsa bilmayotir.

Nelson Ndjadder, Seleka guruhi so`zchisining so`zlariga qaraganda, isyonchilar hukumat kuchlariga qarashli vertolyotni urib tushirishgan va prezident saroyini egallash uchun tayyorlanishmoqda.  

Hukumat so`zchisi Krepin Mboli-Goumba esa poytaxt nazorati haliga qadar hukumat qo`lida ekanligini aytmoqda. Unga ko`ra: “Bozize hanuz qudratda, poytaxt qo`ldan boy berilmaga”.

Prezident Fransua Bozizening taqdiri haqida aniq xabarlar yo`q

Fransiyaning Le Monde gazetasining yozishicha, Bozizening oilasi Ekvatorial Gvineyaga evakuatsiya qilingan, prezidentning o`zi esa poytaxtda qolmoqda. Biroq bu xabarni ham tasdiqlashning imkoni bo`lmagan.

Markaziy Afrika Respublikasi uran, oltin va olmos zahiralariga boyligiga qaramay, dunyodagi eng rivojlanmagan davlatlardan biri sanaladi.

Seleka mahalliy isyonchilardan tashkil topgan guruh hisoblanib, o`tgan yili ham Bozize armiyasiga qarshi poytaxt ostonasida qator qurolli hujumlar uyushtirgan edi.  

Joriy isyon mamlakatning 1960-yilda Fransiyadan mustaqil bo`lganidan buyon boshidan kechirayotgan eng katta inqirozidir.

Diplomatik manbaalarga ko`ra, Fransiya Bangi xalqaro aeroportini muhofaza qilish uchun mavjud 250 nafar askarga qo`shimcha ravishda yana 150 nafarlik guruh jo`natgan.

Bangi aeroporti mamlakatda yashovchi 1,200 nafar Fransiya fuqarosini evakuatsiya qilish uchun yagona chiqish nuqtasi hisoblanadi.

Janubiy Afrika Respublikasi Bozize armiyasini qo`llash uchun 400 nafar askar jo`natgan. Bundan tashqari Markaziy Afrika Hududiy Bloki doirasidagi davlatlardan ham yuzlab tinchlikparvar kuchlar isyonchilarga qarshi kurashish maqsadida Bozize qo`shiniga kelib qo`shilishmoqda. 

1 комментарий:

  1. ISYONCHILAR EGALAB OLGANI YUQ. MATN SARLOVHASINI TUGRI YOZING. GARB QUGICHGI BULGAN HUKUMAT UZ XALQINI ESDAN CHIQARGAN,AENI UZBEKISTON HUKUMATI KABI. GAZABLANGAN MARKAZIE AFRIKA XALQ UZ BOLIKLARINI TEKINGA GARBGA BERAYOTGAN HUKUMATDAN NOROZI ODDIE HALQ QUROLLI QUZGOLON QILDI AENI IRONDAGI HUMOENIY KABI.TUGRI HAQQONIY QUZGOLON QILINGAN.

    ОтветитьУдалить