25.03.2013

XITOY VA ROSSIYA MARKAZIY OSIYO UCHUN RAQOBAT QILISHMOQDA



Markaziy Osiyodagi xomashyo materiallari va energiya zahiralari ko`pgina davlatlarni o`ziga jalb qilishi bugungi kunda sir emas. Bu borada ayniqsa Rossiya va Xitoyning e`tibori o`zgacha. Ko`pgina sohalarda hamkor va ittifoqdosh bo`lgan bu ikki davlat Markaziy Osiyodagi geosiyosiy manfaatlar borasida tobora ashaddiy raqiblarga aylanib bormoqdalar.



Biroq ikki davlat hukumatlari bu raqobatni oshkora kechishini istashmaydi. Shu sababli munosabatlarning faqat yorqin tarafini ko`rsatishga intilishadi. Xitoyning yangi rahbari Si Jinping ilk xorijiy safarini Rossiyadan boshlashi ham go`yoki ikki davlat munosabatlari silliq ketayotganidan dalolat beradi.  

Mamlakatlar ekspertlari odatda o`zaro munosabatlarni “strategik hamkorlik”, deb ataydilar. Aslida bu hamkorlik muammolardan holi emas. Xitoy va Rossiya Markaziy Osiyoda faqatgina tabiiy zahiralar yoki energetika sektori uchun emas, balki qudrat va geosiyosiy ta`sir uchun ham raqobatlashmoqdalar.

Biroq raqobatchi mamlakatlar umumiy manfaatlarga ega emaslar. Xitoy Markaziy Osiyoning energetika zahiralariga ko`z tikkan bir paytda, Rossiya uchun region geostrategik jihatdan muhim hisoblanadi.

Ularning umumiy manfaatlari sanoqli yoki vaqtinchalikdir.

Xitoyning asosiy maqsadi: iqtisodiyotini yuksaltirishdir. Buning uchun xomashyo materiallari va energiya manbaalariga muhtoj. Markaziy Osiyo esa Xitoyga eng yaqin, tom ma`noda jannat hudud sanaladi.

Rossiyaning o`z tabiiy zahiralari esa Markaziy Osiyonikidan ham ziyodroq. Shu sababli bu borada Markaziy Osiyo Rossiyani u qadar o`ziga jalb qilmaydi. Rossiyaning asosiy manfaati region ustidan siyosiy va harbiy ta`sirini oshirib, transport yo`llari nazoratini qo`lga olishdir.

Garchi ikki mamlakatning manfaatlari bir nuqtada to`qnashmasligiga qaramay, yagona bir regionda ikki qudratli kuchning harakatlanishi geosiyosatning yozilmagan qoidalariga mos kelmaydi.  

Ushbu raqobatda kimning qo`li baland kelyapti, degan savol tug`ilishi mumkin. Bu savolga aniq javob berish biroz mushkul. Xitoy Markaziy Osiyo davlatlari bilan quyuq iqtisodiy aloqalar o`rnatganiga qaramay, ko`pgina tahlilchilarning fikriga ko`ra, rasmiy Pekinning regiondagi imkoniyatlari cheklangan.

Butun Markaziy Osiyo xalqlarining Xitoydan ko`ra Rossiyaga moyilligi anchayin kuchli.

AQSH va xalqaro kuchlarning Afg`onistondan chiqib ketishi ortidan yuzaga kelishi mumkin bo`lgan xavfsizlik masalalari borasida esa Moskva va Pekinning fikri bir joydan chiqmoqda. Ikki davlat ham 2014-yildan ekstremistik kuchlarning afg`on hududida yana bosh ko`tarishi va regionga suqilib kirishi ehtimolidan xavfsirashmoqda.

Markaziy Osiyo, bundan tashqari, AQSH va Xitoy raqobati maydoniga ham aylanishi mumkin. Vashington va Pekinning global raqobati kuchayib borar ekan, bu jarayondan Markaziy Osiyo ham chetda qolib ketmasligi turgan gap.

Комментариев нет:

Отправить комментарий