12.03.2013

YAKUNI YO`Q URUSHLARDAN SAQLANING!


“Bugun kibrga berilgan "buyuk" mamlakat sharmandalarcha qochgan kun. Mana yaqinda yana bir o'zini buyuk sanaydigan mamlakat sharmandalarcha qochib chiqmoqchi...Sharafli bir xalq..Qullikka toqat qila olmaydigan bir xalq..Bizga o'rnak bo'ladigan bir diyor. O'g'illari jangchi bo'lib tugiladigan yurt.Dunyo "buyuklari" talasha-talasha it kabi quviladigan tuproqlar.Hurmatim cheksiz... Ularning g'alabasi o'zbek halqining ham g'alabasidir...


“Afğonistondagi urush Sovet musulmonlarini har qanday chuqurda bölsang ham olğa qadam bosishga örgatti, qanchalik faqir va bechora bölsang ham Ozodlik uchun dini İslom uchun vatan uchun mujodala qilishni örgatti....


(Sobiq Ittifoq va AQSH qo`shinlarining Afg`onistondan olib chiqilishiga doir Facebookdagi sahimizda qoldirilgan fikrlardan. )


Siz yuqorida o`qib turgan fikrlar bizni ushbu maqolani yozishga undadi. Biz fikrlarni buzmasdan, asli holida keltirmoqdamiz. Xo`sh, bu “mag`lubiyat” yoki “buyuk xalqning g`alabasi” qanchalik haqiqatga yaqin? Keling, birgalikda insoniyat so`nggi paytlarda tez-tez yuzlashib turgan shu kabi “g`alaba-mag`lubiyat”larni geosiyosiy nigoh bilan tahlil qilib chiqamiz.

Amerika askarlari Afg`onistonda 


Joriy yilning boshida AQSH prezidenti Barak Obama matbuotda yaqin oylar ichida Afg`onistondagi jangavor mas`uliyat afg`on harbiylarga topshirilishi va bu xalqaro kuchlarning Afg`onistondan chiqib ketish jarayonidagi eng katta qadam bo`lishi haqida bayonot tarqatgan edi. Xuddi shu vaqtda Fransiya harbiylari Malida yangi bir intervensiya boshlashdi.  Dunyoning bir burchagida intervensiyani tugatish jarayonidagi eng muhim qismni bajarishga qo`l urildi, boshqa bir tomonda esa...

Har ikki hodisa o`zaro bog`liq. Bu bog`lovchi narsa islomiy terrorizm bo`lib, so`ngi o`n yil ichida katta geosiyosiy o`zgarishlarga sabab bo`ldi. AQSH Afg`onistondan chiqish rejasini e`lon qilgandan so`ng ko`pchilikning nazdida (ayniqsa islom bayroqdorlarining) bu mag`lubiyatni ochiq tan olish, degan fikr paydo bo`lgan edi. Aslida, Amerika Afg`onistondan qo`shinlarni shunchaki olib chiqmoqchi emas, bu Amerika afg`on zaminidan butunlay ketishini ham anglatmaydi. Vashington shunchaki so`nggi vaqtlarda boshiga yog`ilayotgan “malomat toshlari”, ya`ni “Amerika bosqinchi!” kabi gap-so`zlardan qutilmoqchi, xolos. 

Endilikda AQSHning qo`lidan qurolni Yevropa olmoqchi, Yevropa davlatlari jahonda kuchlar muvozanatchisi bo`lishni istashmoqda va Fransiya Maliga intervensiya uyushtirib, bunga qadam qo`ygan birinchi Yevropa davlati bo`ldi. Ammo bu Amerika o`yindan chiqdi, degani emas, AQSH shunchaki parda ortidan qo`g`irchoqlarni boshqaradigan qo`g`irchoqboz roliga kirishdi, xolos.

9/11 SABAB BO`LGAN BEHALOVATLIK


AQSH qanday qilib Afg`onistonga kirib keldi, degan savol haliga qadar odamni qiziqtiradi, garchi bunga javobni ko`pchilik bilsada. 11-sentyabr voqeasidan so`ng butun Amerika shokda edi va Vashington hali al-Qoida haqida ko`p narsa bilmasdi. Terraktdan so`ng al-Qoidani o`rganish ishlari avj oldi. Olingan razvedka ma`lumotlariga ko`ra, al-Qoida Jahon Savdo Markaziga xujum qilishdan tashqari yana bir qancha terraktlarni rejalashtirib qo`ygan ekan. Rejalar orasida xattoki, yadro xuruji ham bor edi.

2001-yil 11-sentyabr tongi

Nihoyat Amerika Afg`onistonda harbiy harakatlar olib borish uchun yetarlicha ma`lumotga ega bo`ldi. Biroq Vashington to`satdan afg`on zaminiga bostirib kirmadi. AQSH qurolli kuchlari avvaliga afg`on shaharlarini obdon bombardimon qilishdi, so`ng cheklangan miqdorda piyoda qo`shinlar kiritildi. Afg`on Urushini boshlashdagi asosiy qiyinchiliklaridan biri Tolibon hukumati bo`ldi. Tolibonlarning o`zi al-Qoidaga qarshi va anti-al-Qoida kuchlar himoyasida edi. Amerikaliklar kirgandan so`ng tolibonlar shaharlarni tashlab chiqishdi va uzoq vaqtli urushga tayyorgarlik ko`ra boshlashdi. Natijada Amerikaning dushmani yana bittaga ko`paydi. Asosiy nishon – al-Qoida esa Afg`onistonni tashlab, Pokistonga o`tib ketdi.

AQSH Afg`onistonga kirishi bilan o`zining asosiy maqsadiga erishdi. Bu maqsad al-Qoidaning boshqaruv-nazorat tizimini yo`q qilib, uning keyingi harakatlariga to`sqinlik qilish edi. Natijada oldinlari nisbatan markazlashgan al-Qoida parchalanib, asosiy qismi yuqorida aytilgandek, Pokistonga o`tib ketdi.

Ikkinchi vazifa al-Qoidaning dunyo bo`ylab ta`minotchilari va o`zi otaliqqa olgan kuchlarni aniqlashdan iborat bo`ldi. Buning uchun bu kuchlar o`rtasidagi aloqalarni kuzatish va josuslar yordamida bevosita bu aloqalarda ishtirok etish texnikasi ishlab chiqildi. Kuzatish va aniqlash texnikasidagi asosiy muammo – al-Qoidaga aloqador har bir shaxsni bevosita kuzatish imkonsizligi bo`ldi. Bu xuddi somon uyumi ichidan ignani topishdek mashaqqatli ish edi. Xavfsizlik hizmati odamlarning shaxsiy hayotiga aralasha boshladi, ular hammani xoh yashirin, xoh oshkora kuzatishga harakat qilishar, har kimdan xavfsirashar edi. Natijada hukumat va fuqarolar munosabati o`ta sovuqlashib ketdi. 

Fuqarolar huquqlarining hukumat tomonidan qo`pol tarzda buzilishi Amerika tarixida bir necha bor kuzatilgan. Abraham Linkoln fuqarolar urushi davrida bir qancha konstitutsiyaga zid ishlarga qo`l urgan. Franklin Ruzvelt FQB (Federal Qidiruv Byurosi)ga shaxsiy pochta jo`natmalarini ochib ko`rishga ruxsat bergan va amerikalik yaponlarga qarshi diskrinimatsiya ishlarini olib borgan. Vashingtonning terrorga qarshi urushi fuqarolarning huquq va erkinlarini poymol etish evaziga olib borilgani tufayli jamiyat va hukumat orasida o`zaro ishonchsizlik avj oldi. Odamlar Afg`on Urushiga qarshi chiqa boshladilar. Shunga qaramay urushga yakun yasalmadi.

I-II Jahon Urushlari va yuqoridagi ikki intervensiya orasida o`zaro bog`liqlik yo`q, albatta. Jahon Urushlarida kurashayotgan taraflarning aniq maqsadlari bor edi va bu maqsadlar amalga oshishi bilan urushlarga yakun yasaldi. Afg`on Urushida esa strategiyalar keskin o`zgarib ketdi. Avvaliga al-Qoidaga qarshi boshlangan urush, keyinchalik Tolibonni yo`q qilish va demokratik jamiyat qurish harakatiga aylandi. Harbiy harakatlardan aniq bir maqsadning yo`qligi esa urushning uzoq vaqtga cho`zilib ketishiga asosiy sabab bo`ldi.
Biroq Afg`onistondagi urush asosiy urush emas edi. Afg`oniston 11-sentyabr akti amalga oshirilgan paytda al-Qoida uchun shunchaki boshpana vazifasini o`tayotgan mamlakat edi. Bu davlat al-Qoida uchun asosiy makon bo`lmasdan, tashkilotning butun dunyoga firqalari tarqab ketgan edi. Tolibonni yo`q qilish va demokratik jamiyat qurish ham al-Qoidani kuchsizlanishiga sabab bo`lmas, xattoki, al-Qoidaning butunlay yo`q qilishi ham yangi paydo bo`ladigan ekstremistik tashkilotlar xavfini bartaraf etolmasdi. 

URUSHNING YANGI TURI


Sovuq Urush barham topishi bilan insoniyat o`ziga xos bo`lgan urushlar erasiga qadam qo`ydi. Bu – yagona markazga ega bo`lmagan dushmanga qarshi urush edi. Endilikda dushman turgan joyni egallab olish va yanchib tashlash orqali urushlarga barham berishni iloji bo`lmay qoldi. Yuqorida aytib o`tilgandek, Jahon Urushlari va ulardan oldingi urushlarda dushmanning yagona markazi mavjud edi. Berlin va Yaponiya olingandan so`ng urushga yakun yasalgan edi.

Zamonamizga kelib esa, asosiy urush alohida terrorchi guruhga emas, balki o`sib kelayotgan islomiy radikalizm g`oyasiga qarshi qaratildi. Albatta, musulmonlarning barchasi radikal qarashga ega emas, lekin 1,5 milliard ergashuvchiga ega har qanday dindan istalgancha radikallarni topish mumkin. Islomdagi radikalizm chuqur ildizlarga ega. Amerika bor kuch-qudratini radikalizm ildizini quritishga qaratmasin, tahdidga butunlay chek qo`yish deyarli imkonsiz. Minglab harbiylar jalb qilinadimi, terrorchilarni qidirib topishning mukammal tizimi ishlab chiqiladimi, bularning barchasi islomiy radikalizm xavfini faqatgina kamaytirishi mumkin, lekin to`la yo`q qilolmaydi. Shu bilan birga G`arbga qarshi bosh ko`targan diniy ekstremistlar ham yer yuzidan dunyoviylikni supurib tashlolmaydilar. Xuddi shu omil tufayli dunyoning qaysi qismida bo`layotgan bo`lmasin, dunyoviylik va diniy radikalizm o`rtasidagi ziddiyat poyoni ko`rinmas urushlarga sabab bo`lmoqda.

Yakuni yo`q urushlardagi keskin burilish nuqtasi 2004-yilda bo`ldi. O`sha vaqtlarda al-Qoida bir qancha sabablarga ko`ra AQSHga qarshi turolmadi. Afg`onistondagi urush esa terroristik tashkilotni xoldan toyirgan va Karzay hukumati tashkil qilingan edi. Bir yil muqaddam AQSH Iroqqa bostirib kirgan bo`lib, bu yerda ham radikalizm qarshiligiga duch keldi. Endilikda G`arb ikki frontda radikalizm bilan kurashishiga to`g`ri kelardi.

Yana savol tug`iladi: AQSH faqatgina radikalizmga chek qo`yish va dunyoviylik hamda demokratiyani yoyish uchungina urush boshladimi? Bir tomondan fikrlab ko`rilsa, diniy radikalizm global tarmoqlarga ega bo`lib, u AQSH va uning ittifoqdoshlari, umuman, G`arb dunyosiga doimiy xavf solib turardi, solib turmoqda ham. 

Bundan kelib chiqib, yuqoridagi savolga “ha”, deb javob berish mumkin. Boshqa tomondan o`ylab qaralsa, bu tahdidlar, ayniqsa asrimizdagi eng katta terroristik akt- 11-sentyabr voqeasi davlat mavjudiyatiga xavf solmagan edi, qurbonlarni hisobga olmaganda, albatta. AQSH xuddi shu insonlar va moddiy ziyondan boshqa narsaga xavf solmagan xujum uchun  o`zining zamonaviy tarixidagi eng katta harbiy harakatni boshladi. Bu harakatga o`z ittifoqdoshlarini ham jalb qildi. Biroq tajovuzga qarshi tajovuzkorona javob faqat yakuni ko`rinmas urushlarga sabab bo`ldi, xolos. Bu urushda na G`arb, na diniy radikallar biror arzirli natijaga erishishdi. Balki sizda “Amerikadek qudratli davlat kichik guruhlarni yo`q qilolmadi, demak, bu qaysidir ma`noda uning mag`lubiyatini anglatadi”, degan fikr paydo bo`lgandir? Yo`q, adashasiz! Agar siz shunday fikrga kelgan bo`lsangiz, hali amerikacha geosiyosiy strategiya nima ekanligini bilmas ekansiz.

20-asr boshlarida Vashington jahon siyosiy maydoniga kirib kelar ekan turli hildagi tahdidlarga qarshi kurashishiga to`g`ri keldi. Bularni yengib o`tishda o`ziga xos strategiyani ishlab chiqdi. O`tgan asr davomida AQSH Birinchi, Ikkinchi Jahon Urushlari, Sovuq Urush, Korea, Vyetnam urushlari va bir qancha mintaqaviy harbiy harakatlarda ishtirok etdi.  Birinchi va Ikkinchi Jahon Urushlarida Vashington mavjud vaziyat oydinlashguncha sabr qilishga qaror qildi. Bu urushlarda Yevropa AQSH ishtirokiga o`ta darajada muhtoj bo`lgunga qadar kutib turdi. Har ikki jahon urushlarida AQSH har ikki tomon bir-birlarini xoldan toydirgan bir paytda katta kuch bilan jang maydoniga kirib kelib, mavjud vaziyatni keskin o`zgartirib yubordi. Garchi Ikkinchi Jahon Urushida AQSH 1941-yilning so`ngida fashizmga qarshi urush e`lon qilgan bo`lsa ham, uning asosiy harakatlari 1944-yilning yozida boshlangan edi. Bu davrda AQSHning strategiyasi Yevropa davlatlari vaziyatni o`z foydalariga hal qilisha oladimi, yo`qmi, shuni diqqat bilan kuzatish bo`ldi.

Ba`zilar Amerikaning bu strategiyasini izolatsionizm deb atashadi. Aslida AQSH izolatsionist emas edi. U faqat kuzatib turmasdan Osiyo tomon ta`sirini kengaytirish bilan shug`ullandi, harbiy va iqtisodiy qudratini mustahkamladi. O`z qudratini sarhisob qildi va g`alabaga erishshishga ko`zi yetagndan so`nggina jangga kirdi.
Sovuq Urush boshlangandan so`ng bu strategiyaga o`zgartirish kiritdi. Endilikda AQSH vaziyatni chetdan kuzatib turuvchi emas, balki o`z ittifoqdoshlarini jangga yetaklovchi bayroqdorga aylandi. AQSH strategiyasi tajovuzkorona tus oldi. Vashington rahbarligida qator G`arb davlatlari Vyetnam va Koreya zaminida qon to`kishdi.

Vyetnam va Koreya urushlarida AQSH kommunizmga qarshi olg`a bayroqdorlik qilgan edi

Sovuq Urush strategiyasi radikal islomizmga qarshi urushda ham davom ettirildi. 9/11 dan so`ng AQSH birinchi bo`lib jangga kirdi, ittifoqdoshlari uning ortidan ergashishdi.  

AQSH-radikalizm urushi Vashingtonning o`ylamay qo`ygan qadamlaridan biri bo`ldi, kutilmagan xujum (9/11) ortidan o`rganilmagan dushman (al-Qoida va islomiy radikallar)ga qarshi jangga otlandi. Bu 1941-yil 7-dekabrdagi yaponlarning Perl Harborga xujumini esga solardi. O`shanda hali urushga kirishga qaror qilmagan Vashington kutilmagan xujum ortidan vaziyatni hisob-kitob qilmay qadam bosgan edi. Amerikaliklarning xis-tuyg`ulariga quloq solgan Vashington bu shoshqaloqlik bilan urushning dastlabki yillarida xech qanday natijaga erishmadi. Faqatgina o`zini iqtisodiy va harbiy jihatdan ta`minlab, oldinda turgan dushmanni yaxshilab o`rgangandan so`ng deyarli bir zarb bilan jahonni larzaga solayotgan urushni kerakli o`zanga solib yuborgan edi.

ESKI STRATEGIYAGA QAYTISH


Geosiyosatdan ma`lumki, jahondagi biror davlat geografik, iqtisodiy va boshqa qator omillar tufayli o`z hududidan ancha olisda bo`lgan makonarda harbiy harakatlar olib borolmaydi, olib borsa ham biror natijaga erishishi juda mushkul bo`ladi. Qo`shma Shtatlar qanchalik qudratli bo`lmasin, geosiysatning shunday yozilmagan qonunlari tufayli, asosan Sharqiy Yarimsharda makon topgan islomiy radikalizmga qarshi urush olib borolmaydi, olib borsa ham g`alabaga erishishi savol ostida qoladi. Shu sababli ayni damda Malida davom etayotgan radikalizmga qarshi intervensiyaga AQSH emas, Fransiya boshchilik qilmoqda, Vashingtonning ko`magi bilan, albatta. Nega aynan Fransiya? Sabab, turgan gapki, geosiyosiy manfaatlardir. 

Mali Fransiyaning sobiq koloniyasi bo`lib, uniq shimolida-Aljir: Fransiya milliardlab dollarni energetika sanoatiga sarmoya sifatida kiritgan davlat; sharqida- Niger: Fransiya uchun qazilma resurslar, ayniqsa, uran ta`minotchisi bo`lgan davlat; janubida-Fil Suyagi Qirg`og`i: kakoa yetishtirishda Fransiya katta rol o`ynaydigan davlatlar joylashgan. Ko`rinib turibdiki, Fransiya Malida joylashgan islomiy radikallar o`zining geosiyosiy manfaatlari joylashgan yon-atrofdagi davlatlarga yoyilib ketmasligi uchun tirishmoqda. AQSH yoki boshqa Yevropa davlatlari manfaatlari ushbu mintaqada Fransiyanikichalik katta emasligi sababli ham xorijiy intervensiyaga aynan janob Olland rahbarlik qilmoqda.  

Bu mintaqada Fransiyaning geosiyosiy manfaatlari boshqa davlatlarnikidan ko`ra ko`proq

Savol tug`iladi: Amerika radikalizm urug` yoygan hududlardan ketmoqda, endi yana qaytib kelishi mumkinmi? Adashmang, Amerika xech qayerga ketgani yo`q! Yuqorida aytib o`tganimizdek, u faqatgina o`zining 20-asrning ikkinchi yarmiga qadar amal qilgan eski strategiyasi qaytmoqda, xolos. Biroq bu strategiyani biroz zamonaviylashtirgan ko`rinadi: endilikda u faqat vaziyatni kuzatuvchi bo`lishni istamayapti. Afrikada mahalliy qo`shni davlatlar va ittifoqchilari, Afg`onistonda Karzay hukumatining qo`li orqali radikalizmga qarshi kurashishda davom etyapti. Kun kelib estafeta tayoqchasini topshirib qo`ygan davlatlari va kuchlarning qo`li ojiz kelib qolsa, o`zi jangga yana oshkora kirishishi aniq. Demak yakuni ko`rinmas urushlar hali beri yakun topmaydigan ko`rinadi...

Комментариев нет:

Отправить комментарий