07.10.2013

GEOPOLITIKA... ASLIDA NIMA?

Blogimizning so'ngi davrdagi faoliyati davomida shunga amin bo'ldimki, ko'pchilik o'quvchilarimiz geopolitika so'zining tub mohiyatini chuqur anglab yetmaganlar. Bu ayniqsa keyingi davrda blog o'quvchilarining soni ortishi bilan yaqqol ko'zga tashlana bordi. Geopolitikadagi ko'pchilik "nozik" masalalar, ayniqsa, o'quvchilar orasida norozilikka sabab bo'lmoqda. Shulardan Islomizm, Isroil-Falastin va G'arb-Sharq kuchlar nisbati masalalari ko'p bahs va fikrlar to'qnashuviga olib kelmoqda. Shuni hisobga olgan holda bugungi mavzuimizni geopolitikaning asl mohiyatini o'quvchilarga tushintirishga bag`ishlaymiz.

Salvador Dalining "Jajji geopolitikaning Yangi Odam tug'ilishini kuzatishi" asari
Xo'sh Geopolitika aslida nima?

So'nggi 20 yil davomida geopolitika so'zi ommaviy axborot vositalari va taniqli siyosatchilar tomonidan uzluksiz ravishda tilga olinib kelindi. Uning bunday ommaviy qo'llanilishi shu darajaga olib keldiki, u o'zining asl mohiyatidan chetga chiqib, xalqchil bir atamaga aylanib qoldi. Geopolitika so'zini qo'llaydigan ko'pchilik kishilar esa uning asl ildizi "politika", ya'ni siyosatga emas balki "geo" ya'ni Geografiyaga borib taqalishini e'tibordan chetda qoldiradilar. Haqiqatdan ham, Geopolitika bu birinchi navbatda geografiya, hudud, uning komponentlari, hududda yashovchilar va undan keyin esa uni siyosiylashtirishdir. Qisqa qilib aytadigan bo'lsak, Geopolitika turli hududlarga tegishli bo'lgan kuchlar nisbatini o'rganuvchi fandir.

Geopolitika so'zi uzoq tarixda ishlatilmagan bo'lsada, u amalda doim mavjud bo'lib kelgan. Davlat tizimi hosil bo'lishi geopolitikani tug'ilishi desak mubolag'a bo'lmaydi. Qadim-qadim zamonlardanoq insonlar uchun makon masalasi vaqt masalasidan ko'ra muhimroq bo'lgan. Chunki kishilar vaqtni boshqara olmasligini juda erta tushunib yetishgan. Makon esa ularning kundalik hayoti uchun zarur bo'lgan. Tarixchilar qadimgi odamlarning sayohatlari haqida ko'p izlanishlar olib borishgan. Shu kunga qadar ma'lum bo'lishicha, qadimgi odamlar o'zlari bilmagan holatda geografik ekspeditsiyalar uyushtirishgan, dunyoda aholini tarqalishiga sabab bo'lishgan. Insondagi begona hududga bo'lgan qiziqish uni dunyo bo'ylab tarqalishiga olib kelgan, o'z navbatida har bir odam borgan hududining iqlimi, geografiyasi va landshaftini yashab ketish uchun o'rgana borgan. Aynan geografik xilma-hillik dunyoda turlicha jamiyatlar, davlatlar va dunyoqarashlarni keltirib chiqargan.

Dastlabki geopolitik nazariyalardan biri qadimgi Yunoniston va Rimda vujudga kelgan. Uni zamonaviy olimlar "Iqlimlar Nazariyasi", deb ataydilar. Bu nazariyada insonlar va davlatlarning shakllanishi, ularning hatti- hararakatlari geografiya hamda iqlim bilan uzviy bog'liq, deya ta'kidlanadi. Unga ko'ra shimoliy kengliklarda yashovchi kishilar sovuq iqlim va qiyin yashash sharoitlariga moslashgan jismonan baquvvat lekin aqlan zaifroq, janubiy issiq kengliklarda yashovchi kishilar esa aqlli, uddaburon, makkor, lekin issiq ta'sirida jisomnan zaifroq deb hisoblangan. Iqlimlar nazariyasining eng asosiy hulosasi shundan iboratki: na janubda va na shimolda yashamaydigan, balki ikki kenglikni orasidagi kishilar ham aqlan, ham jismonan baquvvatligi bilan ikki kenglik kishilarga nisbatan kuchliroqdir. Albatta bu nazariya zamonaviy davrda o'zini oqlamadi. Lekin ushbu fikrlar orqali kishilarning geografiyaga qanchalik e'tibor berishini va eng asosiysi, ma'lum kuchaygan imperiya yoki davlatlarning kuchliligini geografiya bilan bog'lashga moyillik doim bo'lganligini ko'rsatib beradi.
Uyg'onish Davri va Buyuk Geografik Kashfiyotlar tufayli geografiyaga qiziqish kuchaya bordi. O'z navbatida dunyo aholisi sonining oshishi, mustamlakachilik tizimining hosil bo'lishi bilan, siyosat va xalqaro aloqalar ham murakkablasha bordi. Harbiy sohada ham geografiya asosiy unsurga aylana bordi, chunki endilikda qudratli mamlakatlar armiyalari o'zi yahshi biladigan qo'shnilari yoki bir hil geografik sharoitdagi mamlakatlar bilan emas, balki geografik jihatdan umuman noma'lum bo'lgan hududlarga hujum uyushtirar edilar. Bu hujumlarda shu hududning geografiyasi va mahalliy sharoitini o'rganish eng asosiy omillardan biriga aylandi. Yevropadan minglab ekspeditsiyalar dunyo bo'ylab sayohatlar uyushtirdilar, har bir sayohatchi o'z sayohati davomida xaritalar yaratib bordi. Lekin bora bora qudratli mamlakatlar yer sharidagi hududlar cheklanganligini tushuna bordilar, natijada mustamlakalar uchun urushlar ham avj oldi. Lekin ikki qudratli davlat orasidagi to'g'ridan to'g'ri to'qnashuv ikki tomonning ham sillasini quritishi va umuman uchinchi davlat tomonidan qo'shib olinishiga sabab bo'lishi mumkin edi. Bunday katta falokatli janglarni chetlab o'tish maqsadida yirik mamlakatlar hududlardan faqat resurs bilan ta'minlovchi manbaa sifatida emas, balki siyosiy maqsadlarni amalga oshirish vositasi sifatida ham foydalana boshladilar. Jumladan tarixdagi eng mashxur geopolitik iboralardan biri shu davrga to'g'ri keladi, ya'ni "Bo'lib tashla - hukmronlik qil".

19-asr "Geopolitika" atamasining tug'ilishi uchun sharoit yaratdi. Yevropada eng kechikib birlashgan davlat Germaniya bo'lib u qo'shnilaridan farqli o'laroq mustamlakalardan mosuvo bo'lgan edi. Ko'pchilik nemis ziyolilari qanday qilib Germaniyani bu holatdan chiqish yo'llarini izlashar edi. Shulardan Fridrix Ratsel geopolitika fanining konseptsiyasiga asos soldi, garchi Geopolitika atamasini fanga Rudolf Chellen olib kirgan bo'lsada.

Ratsel o'z davrining mashxur nazariyalaridan o'ta ta'sirlangan edi. Ayniqsa Darvinizm uni odam evolyutsiyasi bilan odamlar jamoasi, ya'ni davlat evolyutsiyasi orasidagi bog'liqlik bor degan hulosaga olib keladi. O'zining Antropogeografiya asarida Ratsel inson va yerning uzviy bog'liqligini, jamiyatdagi ijtimoiy hodisalar uning geografik joylashinuvi oqibati ekanligini ta'kidlaydi. Ratsel tabiatdagi har bir organizm yashab ketishi uchun yashash hududiga ega bo'lishi lozimligi kabi, mamlakatlar ham yashab ketishi uchun ma'lum hududlarga ega bo'lishi lozimligini uqtiradi. Aynan shu konseptsiyani keyinchalik ingliz olimi Makkinder rivojlantiradi, lekin yirik masshtablarda. Ya'ni Makkinder o'zining Heartland nazariyasida qanday qilib dunyoni ma'lum kalit hudud orqali boshqarish mumkinligini ilgari suradi. Makkinderning bu nazariyasi geopolitikaning birinchi nuqtai nazari bo'lib shakllanadi. Ya'ni dunyoda hukmronlik qilish uchun birinchi navbatda quruqlikda hukmronlik qilish kerak, eng katta quruqlik esa Yevrosiyodir, degan mantiq orqali. Lekin o'z-o'zidan bu nazariyaga qarama qarshi qarash ham vujudga keladi, ya'ni kim dengizda hukmron bo'lsa aynan o'sha dunyo hukmronligini qo'lga kiritadi. Bunga ko'p geopolitika olimlari tarixiy kuchlarni misol keltiradilar, masalan dengiz uchun Buyuk Britaniya Imperiyasi va AQSh, quruqlik uchun Germaniya, SSSR, Xitoy, Yevropa Ittifoqi va Rossiya.

Yuqoridagilarga qarama qarshi ravishda uchinchi qarash ham dunyoga keladi. Ya'ni har bir davlat geopolitikasi yagonadir va butun dunyo mamlakatlari uchun hech qanday umumiy determinizm mavjud emas. Aynan mana shu qarash oxirgi davr geopolitikasi uchun asos bo'ldi, desak yanglishmaymiz. Yaqin tarix davomidagi voqealarga asoslansak, har bir davlat o'zi uchun qayg'uradi, o'zi uchun ittifoq tuzadi, o'zi uchun o'z prinsiplarini o'zgartiradi, o'zi uchun qadriyatlar mohiyatini o'zgartiradi, o'zi uchun siyosiy qarashiga ko'ra paradoksal yo'lni tanlaydi, chunki davlatlarning mavjudligini asosi ularning manfaatlaridir. Keling yuqoridagi qarashlardan kelib chiqib davlatga atroflicha ta`rif bersak:
  • Davlat mavjud ekan uning rivojlanish progressi ham doimiydir. Davlatning o'z hududi yoki ta'sir zonasini kengaytirishga bo'lgan moyilligi davlatning yashash manbasidir. Xoh u quruqlikdagi qudrat bo'lsin, xoh dengizdagi o'zining kuchayishini hududini kengaytirish orqali namoyon qilish har bir davlat uchun tabiiy holdir. Geopolitiklar nuqtai nazari bilan qaraganda bu davlatning "biologik" hususiyati bo'lib, uning hayotiy mantiqi kuchayish orqali hududini yoki ta'sirini kuchaytirishdir, bu uning qochib qutulmas taqdiridir;
  • Bir xil xususiyatga ega bo'lgan hududlar hech qachon to'laligicha ajratilishi mumkin emas. Ya'ni bir hillikka ega bo'lgan hududlarda siyosiy qarashlar, jamiyatlar va xalqlar ham bir hil bo'lishga moyildir, bunday hududlarni "bo'lib tashlash" ancha mushkuldir;
  • Qudratli mamlakat tomonidan boshqaruvni osonlashtirish uchun yaratilgan su'niy mamlakatning kelajagi yo'qdir, uning siyosiy davomiyligi faqat muddatli bo'lishi mumkin.
  • Quruqlikdagi qudratli kuchga qaramlik dengiz kuchiga qaramlikdan og'irroqdir. Chunki quruqlik dominatsiyasi to'g'ridan to'g'ri hududga kirib keladi, jamiyatlar strukturasini tubdan o'zgartiradi, agar bu qaramlik uzoq davom etsa bosib olingan hudud o'z o'zligini butunlay yo'qotishi va oxir oqibat yirik davlatning bir qismiga aylanib qolishi mumkin. Mustaqillik bo'lgan taqdirida ham quruqlikdagi qudratli davlatga ko'ptomonlama qaram bo'lib qoladi (O'rta Osiyo-Rossiya). Dengiz kuchiga qaramlik esa ko'proq iqtisodiy strategik bo'lib, uning asosi dengizdagi hukmron davlatiga dengizda erkin hukmronlik qilish uchun bir nechta dengiz bazalarini ajratib berish orqali cheklanadi. Lekin bu holatda mamlakat o'zligiga to'g'ridan to'g'ri ta'sir bo'lmasa ham, unda o'zgarish kuzatiladi, ikki jamiyatning qorishishidan yangi madaniyatlar vujudga keladi (Hindiston);
  • Agar ikki qudratli kuch bir maqsadlar uchun bir biriga qarama qarshi bo'lsa va kuchlar nisbati deyari teng bo'lsa, unda to'qnashuvlar o'zga hududlarda yuz beradi (Vyetnam, Afg'oniston).
Albatta shu bilan birga geopolitikani faqat ma'lum determinizmlarga tayanib o'rganish ham bizni reallikdan uzoqlashtirishi mumkin. Hududlarning geografiyasi, aholisi va boshqa ijtimoiy tizimlari albatta muhim, lekin yuqorida ta'kidlaganimdek davlatlar yoki davlatni boshqaruvchi bir guruh kishilarning manfaatlari bu faktrolarni muhimligini yo'qqa chiqarishi va mamlakat siyosatini umuman kutilmagan tomonga o'zgartirib yuborishi mumkin.

Yuqorida biz siz bilan geopolitikaning asosiy ustunlari va faktorlarini ko'rib o'tdik. Endi qanday qilib geopolitik analiz qilishda o'quvchiga reallikni asl mohiyatini yetkazish mumkin degan savolga javob beramiz.

Geopolitik analiz qilishda har bir kishi bir nechta to'siqlarga duch keladi. Shulardan eng asosiylari neytrallik, obyektivlik va masalaga yondashishda qanday tayanchni tanlash lozimligi.

Neytrallik - biz uchun eng muammoli shartdir. Chunki ayrim voqea hodisalar borki, unga neytral qarashni iloji yo'q, bunda bizni insonligimiz va odamiylik qadriyatlarimiz ma'lum pozitsiya olishga undaydi. Masalan, shaxsan menga Uchinchi Reyxning yahudiylar genotsidiga neytral tarzda baho ber yoki Ruandadagi genodsidga hech qaysi tarafni yonini olmasdan baho ber, degan shart qo'yishsa albatta bu narsa qo'limdan kelmasligini tan olishim turgan gap. Chunki har qanday asoslar bo'lishiga qaramasdan butun boshli xalqni yoki millatni asossiz yo'q qilishga qaratilgan harakat mening nazdimda qarshilikka uchrashi darkor va u neytral baho berishga arzimaydi. Shundan kelib chiqqan holda ayrim o'quvchilarimizni holis bo'lmagan reaksiyalariga o'z pozitsiyamni bildirib o'tsam. Blogimizda islomizm, demokratiya, diktatura va g'arb-sharq to'qnashuvlari (Suriya fuqarolar urushi) haqida maqolalar talaygina. Albatta bu mavzularni chetlab o'ta olmaymiz chunki bular zamonaviy geopolitikani asosiy muammoli mavzularidir. Masalan, Islomizm mavzusi haqida yozilgan har bir maqola tanqidlar ostiga tushadi, chunki o'quvchilarimiz orasida din va ideologiyani qorishtirib tushunadiganlari ko'p uchraydi. Lekin har bir shu mavzuni yahshi o'rgangan kishi bu ikkalasi bir biridan tubdan farq qilishini juda yahshi tushunadi. Bu haqda alohida maqolada eslatib o'tganmiz. Yana eslatib o'tishni lozim ko'ramiz, biz obyektiv bo'lishimiz mumkin, lekin ayrim masalalarda erkin fuqaro sifatida neytrallikni to'la saqlab qolishimiz qiyin. Ha, biz Islomizm va Jihodizmni tarqalishiga qarshimiz, Ha, biz Dunyoviy davlatlar tarafdorimiz va biz uchun din har bir kishining shaxsiy e'tiqodi bo'lib qolishi lozim, Ha, biz uchun Isroil Falastinga nisbatan agressiv siyosatini to'xtatishi lozim, Ha, biz Suriyaga g'arb qo'shinlarini kiritilishiga qarshimiz va hakozo.

Shu o'rinda faktlarning muhimlarini ham eslatib o'tsak. Fakt-bu haqiqatda, real holatda bo'lib o'tgan voqealar. Ko'pchilik uchun tortishuvli masala bo'lgan 11-sentyabr voqealarini misol qilsak. Undagi faktlar: Umumjahon savdo binolariga samolyotlarni ataylabdan zarba berishi bu fakt, samolyotlarni asosan Saudiya Arabistonidan bo'lgan radikal islomist-terrorchilar boshqargani bu fakt, radikal islomist-terrorchilarni Saudiya Arabistoni va boshqa Fors ko'rfazidagi neftga boy davlatlar tomonidan moliyalashtirilgani bu fakt, Al-Qoida terroristik guruhini Usama Ben Laden tomonidan boshqarilgani bu fakt, o'z navbatida uni AQSh tomonidan Afg'onistondagi Sobiq Sovet ittifoqi qo'shinlariga qarshi kurashish maqsadida qo'llab quvvatlangani ham fakt.

Lekin aynan 11-sentyabr voqealariga MRB (Markaziy Razvedka Boshqarmasi yoki inglizcha CIA) yoki AQShning boshqa havfsizlik hizmatlari aralashganligi hanuz noma'lumligicha qolmoqda, biz o'zimiz ishonch hosil qilmagan har qanday ma'lumotni tarqatishdan tiyilishni ma`qul ko`ramiz. Demak voqealarga yondashishda har bir o'quvchidan har doim so'raydigan narsani ya'ni har bir ma'lumotni sinchiklab tekshirib ko'rishni, uni faktligiga ishonch hosil qilishni so'raymiz. 21-asr bu axborot asridir, shu bilan birga axborot yaratishda 7 milliard aholining har biri qatnashuvchi sifatida ishtirok etishi mumkin, internet tizimidan minglagan blog va saytlar mavjud, ularda ko'pchilik axborotlar bir birga qarama qarshi, ko'pchiligi ma'lum kuchlar ta'siri ostida, yana ayrimlari to'liqligicha propoganda markazlaridir, hoh u demokratik bo'lsin, hoh islomist va hoh sionist.

Lekin neytral bo'lishdagi muammolar obektivlikka ta'sir qilmasligi lozim. Geopolitik faktlarni keltirish bu obektivlikning asosidir. Masalan Isroilning Falastin hududiga tobora kirib borishi bu geografik fakt, lekin bu voqeaga o'zining salbiy fikrini bildirish reallikni o'zgartirmaydi, ya'ni Isroil Falasatin hududiga tobora kirib bormoqda, degan informatsiyaga reaksiya ikki hil bo'lishi mumkin - ha bu yaxshi yoki ha bu yomon. Albatta, reaksiya har kimning dunyoqarashidan kelib chiqadi, hech kim kimgadir "buni yaxshi deyishga sizning haqqingiz yo'q yoki buni yomon deyish yaxshimas" deyishga haqqi yo'q. Faqat shu masala yuzasidan ikki tomon o'zlarini argumentlarini keltirib bahs olib borishlari mumkin. Shunday ekan, neytrallik va obektivlik degan tushunchalarni bir birlaridan yahshilab ajratib olish lozim.

Oxirgi eslatma: Har bir kishi o'zining siyosiy qarashlari shakllanishi uchun ma'lum tashqi ta'sirlarni boshdan kechiradi, buning natijasida har kimning o'z qarashlari hosil bo'ladi. Lekin geopolitik analiz qilishdan oldin aynan shu qarashlarni chetga surib qo'yish lozim va geopolitikaning asosiy mantig'ini har doim yodda tutish kerakdir, buni Napoleon Bonapart bir so'z bilan ifodalagan: Davlatlar insonlar emas, ularda axloq va his -tuyg'ular yo'q, ularda Manfaatlar bor! Shunday ekan har bir o'quvchi geopolitik vaziyatga baho berishdan oldin uning dunyoqarashiga singib ketgan davlatlarni yaxshi yomon guruhlarga ajratishni chetga surgan holda fikrlashi lozim. Mamlakatlarni bunday kategoriyalarga ajratish diplomatik jihatdan juda yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin, masalan bu narsa Musulmon mamlakatlarini G'arb mamlakatlarini qoralashi ularni yashash tarzini "noto'g'ri" deb topishi, o'z navbatida G'arb mamlakatlarini ko'pchilik Musulmon mamlakatlaridagi erkinlikni yetarli emas deb baholashi va u mamlakatlardagi yashash tarzini "noto'g'ri" deyishi ana shunday siyosiy bilimsizlikni oqibati desak xato bo'lmaydi. Bunday umumiylashtirish bizni nafaqat geopolitik dunyoqarashimizni reallikdan yiroqda shakllanishiga, balki kelajakda siyosiy xatolarga yo'l qo'yishimizga ham olib kelishi mumkin.

Misollarni ko'rib chiqsak. G'arbdagi ko'pchilik oddiy aholi uchun Eron haqiqiy yovuz mamlakat hisoblanadi, ular uchun Eron esini yegan fanatik Mullalar tomonidan boshqariladi, lekin 1979-yildan beri Eron Islomiy Respublikasini tashqi siyosatiga nazar solsak bunday hukmni noto'g'riligini darhol anglab yetamiz. Chunki ko'pchilik g'arb mamlakatlari diplomatiyasidan farqli o'laroq Eron xalqaro aloqalarda o'zini pragmatik mamlakat ekanligini bir necha bor namoyon qildi, nafaqat namoyon qildi, balki butun g'arb mamlakatlari bosimiga bardosh bera oldi, buning oqibatida xalqaro maydonda o'zini alohida o'rniga ega bo'ldi. Eron bo'yicha yana bir yuzaki qarash bu uning Islomiyligidir. Ko'pchilik kishilar Eron va boshqa musulmon mamlakatlarni umumiy ittifoqga kiritishga moyildirlar, chunki ular uchun umumiy dinga ega bo'lish qaysidir ma'noda ittifoqni bildiradi. Aslida shundaymi? Albatta yo'q, Eronni yaqin sharqdagi ideologik dushmani Isroil bo'lsa uni birinchi raqamli raqobatchisi bu Saudiya Arabistonidir. Isroilga bo'lgan munosabat bu Eron uchun ham strategiya, chunki shu orqali Eron g'arb mamlakatlari ta'sirini kamaytirishga harakat qiladi, ham idologiya, chunki Eron Islomiy Mamlakatini paydo bo'lishida Isroilga bo'lgan nafrat fundamental rol o'ynagan. Lekin Eronni siyosiy va iqtisodiy jihatdan 1-raqamli raqobatchisi bu Islomiy davlat bo'lmish Saudiya Arabistonidir.

Bundan tashqari Eron o'zini islomiy mamlakat deb e'lon qilgandan beri rasmiy ravishda bir mamlakat bilan urush olib bordi, bu mamlakat esa musulmon mamlakati edi, ya'ni Iroq. Bunday paradokslar jahonda talaygina, Xitoyning kommunistik ideologiyasi va kapitalistik iqtisodiy tizimi, Yevropa Ittifoqida Fransiya bilan Germaniya Raqobati, AQSh va Yevropa munosabatlari, Rossiya va Xitoy munosabatlari, yoki oddiy biz tarkibida bo'lgan, ming yillik umumiy tarix va madaniyatga qaramasdan dushmanlik kayfiyatidagi aloqani saqlab kelayotgan O'zbekiston va Tojikiston munosabatlarini ham misol tariqasida keltirish mumkin.
Ko'pchilikda savol tug'ilishi mumkin, unda qanday qilib siyosiy yahlitlikni yaratish mumkin, qanday qilib kuchlar muvozanatini o'lchash mumkin? Bu juda murakkab masala. Jahon bo'yicha aniq umumiy yahlit siyosiy tarif berishni iloji yo'q. Chunki aniqlik faqat global ahamiyatga ega bo'ladi. Lekin hududlarga yaqinlashgan sayin bu yahlitliklar alohida qismlarga bo'linib boradi. Masalan hozirda dunyoni ikkita kuchga bo'ladigan bo'lsak: Har doimgidek unda ikki qutb hosil bo'ladi, g'arb va sharq. Lekin masalaga yana chuqirlashsak g'arb va sharq ham o'z ichida bir nechta umummanfaatga ega bo'lgan regionlarga bo'linib ketadi. Masshtabni yanada kattalashtirsak regionlar ichidagi davlatlar orasidagi raqobatni guvohi bo'lamiz, garchi ular ittifoqdosh bo'lsa ham. Bunday yaqinlashtirishni davom ettirsak hatto bir biriga yaqin bo'lgan qo'shni viloyatlar, tumanlar, qishloqlar va hatto oilalar orasida ham manfaat to'qnashuvlari doimiy ekanligiga ishonch hosil qilishimiz mumkin. Bunday murakkab ustma ustlik esa siyosiy jihatdan juda muhimdir, chunki har qanday siyosiy o'zgarish yoki harakat, kichik masshtabdan katta masshtabga aylanib boradi. Tunisdagi bir savdogarning o'z o'zini yoqib yuborishi bilan boshlangan Arab Bahori bunday sxemaga yaqqol misoldir.

Geopolitik tahlilda yoki geopolitik maqolani o'qishda kishi his tuyg'ularini chetga surib qo'ymog'i lozim. Aks holda siyosiy reallik his tuyg'ularimizga nisbatan qarama qarshi bo'lganligi tufayli undan ko'z yumishimiz va natijada esa bu holat noto'g'ri qarorlar qabul qilishimizga sabab bo'ladi. Eng qizig'i shundaki siyosiy his tuyg'ular ham regionlarning siyosiy tarixi va hozirgi kundagi geopolitik vaziyatiga uzviy bog'liqdir. Maslan G'arb mamlakatlari aholisi orasida siyosiy voqealarga nisbatan qo'rquv bilan yondashish ayniqsa ko'p uchraydi. Bunga birinchi sabablardan biri mavjud qulay sharoitlar yaratilgan hayot tarzini yo'qotmaslikka bo'lgan urinishdir. G'arbdagi qo'rquv deyarli barcha g'arbga tegishli bo'lmagan sivilizatsiyalarga qaratilgan, ular orasida Islom, Qora Afrika va Sharqiy, Janubiy-Sharqiy Osiyo sivilizatsiyalaridan qo'rqish ommalashgan.

O'z navbatida boshqa sivilizatsiyalarda ham siyosiy voqealarga nisbatan his tuyg'ular mavjud, masalan Arab dunyosining eng keng tarqalgan his tuyg'ularidan biri bu g'azab va alamzadalik his tuyg'usidir. Bu keyingi asrlar davomida Arab dunyosining o'z tarixiga nomutanosib tarzda qoloqligi va boshqa sivilizatsiyalardan farqli o'laroq Islom sivilizatsiyasini himoyachisi yo'qligining oqibati deya tushintiriladi. Haqiqatdan ham Turkiya o'zini dunyoviy davlat sifatida e'tirof qilib so'ngi halifalikka chek qo'ygandan so'ng Islom sivilizatsiyasida millatchilik avj olib har bir mamlakat turli hil qo'shni sivilizatsiyalar ta'siriga tushib qoldi. Arab dunyosi esa ikki muammoga duch keldi: arablar orasidagi bo'linish va dunyoda yakkalanib qolish. Bu esa o'z navbatida bu mamlakatlarni rivojlanishini susaytirdi, uning ustiga Isroil-Arab mojarolar, doimiy tartibsizliklar bu mamlakatlarni sillasini quritdi. Shunga qaramasdan Ta'lim tizimini yuqori darajada ushlab turilishga erishildi. Ziyoli, lekin kambag'al aholi esa o'z mamlakatini nega doim qoloqlikdan chiqa olmayotganiga sabab izladi.

Asosiy aybdor deya ko'pincha g'arb mamlakatlari topiladi, lekin bu degani boshqa sivilizatsiyalarga nisabatan yaqinlashish mavjud degani emas, aksincha Arab dunyosi hozirga qadar barcha tashqi madaniy ta'sirlarni rad qilmoqda, bu esa uni yanada yakkalanishiga sabab bo'lmoqda.

Keyingi yillarda rivojlanish darajasi ancha yuqori bo'lgan Osiyo va Janubiy Amerika mamlakatlari aholisi orasida esa umid va kelajakka bo'lgan ijobiylik his tuyg'usi keng yoyilgan, garchi bu mamlakatlarda ijtimoiy va iqtisodiy hayot ancha past darajada bo'lsa ham. Shu sababdan ham kambag'allikni yuqoriligiga qaramasdan iqtisodiy dinamika doimiy o'sishdadir.

Xulosa qilib shuni aytish lozimki, geopolitikani o'rganish kishidan o'ta sovuqqonlik va ratsionallikni talab qiladi. Bu sohada mantiq yoki adolat mezonlarini qidirish samarasizdir. Chunki davlatlar munosabatlari o'ta murakkab va hech qanday umuminsoniy qadriyatlarga bo'ysunmaydi. Siz geopolitikaga o'z shaxsiy qarashlaringiz, mantig'ingiz yoki his tuyg'ularingizni aralashtirishingiz esa sizni noto'g'ri siyosiy hulosalar chiqarishga, masalaga bir yoqlama yondashishingizga sabab bo'lishi mumkin.

3 комментария:

  1. Юқорида таъкидлаб утканингиздек, купчилик одамлар геополитикага уз эътиқодидан келиб чиққан холда ёндашишади, албатта бу нотуғри. Зеъро хозирги дунё геополитикасидан адолат ёки тенгхуқуқлиликни қидиришнинг узи мантиқсиз мени назарамда. Чунки хар бир давлат уз манфаатларига таянган холда сиёсат олиб боради. Шунинг учун менхам геополитикани анализ қилаётганда асло унга қизиққонлик билан муносабат билдирилмаслигини тарафдориман.

    ОтветитьУдалить
  2. Iltimos 2008-yil andijon voqealari haqida yozing

    ОтветитьУдалить
    Ответы
    1. Bir marta so'rashingizni o'zi yetadi, hammayoqqa kommentariyangizni takrorlash shart emas. O'zbekiston haqidagi maqolalarni yozishni tez orada boshlaymiz. Blog asosan ommaga geopolitika nima ekanligini va uning asosiy mavzularini tushuntirish uchun ochilgan. Siz so'rayotgan mavzu esa hatto katta geopolitiklar tomonidan ham aniq ravshan yoritilmagan, chunki voqea joyida aynan nima bo'lgani haqida yetarlicha ma'lumot yo'q. Lekin shunga qaramasdan bu mavzuni yoritishga harakat qilamiz

      Удалить