AQSH Prezidenti Barak Obamaning so`nggi Suriya masalasida
tashabbusni Vladimir Putinga boy berishi o`tgan oyning eng ko`p muhokama
qilingan mavzusi bo`ldi, desak adashmaymiz. Xalq nazdida gapiradigan bo`lsak, “Putin
Obamaga dam berdi”. Lekin bu biz bugun muhokama qiladigan mavzu emas. Ushbu maqolada
Siz bilan o`tgan oy ichida deyarli e`tibor berilmagan tomon – Yevropa va AQSH
aloqasini tahlil qilib chiqamiz.
Suriyadagi kimyoviy qurol inqirozi oldingi maqolalarimizda
ta`kidlangandek, xalqaro tizimdagi qator evrilishlarni ko`rsatib berdi. Shunday
keskin o`zgarishlardan biri Yevropaning AQSHdan uzoqlashashi bo`ldi. AQSHning
Rossiyaga yon berganligiga aynan Yevropaning mavjud mojarodan o`zini chetga
olishi sabab bo`ldi desak, mubolag`a bo`lmaydi. Chunki ruslarning yolg`iz o`zi
buni uddalay olmas edi. Rossiyaning iqtisodiyoti haminqadar, armiyasi o`ziga
yarasha kuchli bo`lsada, global ta`sirga ega emas. Yevropaning qurolli kuchlari
ojizroq bo`lsada, uning global iqtisodiy va siyosiy ta`siri anchayin ulkandir.
AQSH-Yevropa hamkorligi 20-asrni shakllantirib berdi.
AQSHning Birinchi va Ikkinchi Jahon Urushlaridagi ishtiroki yevropalik
protagonistlarning g`alabasida katta rol o`ynadi. Sovuq Urush davrida Yevropa
va AQSH yana yelkama-yelka turishdi. Bugunga kelib savol tug`iladi: Dunyo
sanoat ishlab chiqarishining yarmidan ko`proq ulushiga ega bu ikki gigant iqtisodiy
va siyosiy qudratning joriy asrdagi aloqasi qandayin kechadi?
Suriyaga intervensiya
uyushtirilishi borasidagi xabarlar tarqalgandan so`ng bu savol yanada muhim
ahamiyat kasb eta boshladi. Ikki yil davomida mojaroga bevosita aralashib
qolmaslikka harakat qilgan Obama hokimiyati Buyuk Britaniya, Fransiya va
Turkiyaning intervensiya uyushtirish borasidagi chaqiriqlari ortidan yangi
qadam tashlashga majbur bo`ldi. Obama raketa zarbalari berish bilan Suriya hukumatini
istaksiz ogohlantirgandan so`ng Yevropadagi vaziyat kutilmagan tomonga yuz
burdi. Buyuk Britaniyada parlament intervensiyaga qarshi ovoz berdi, Fransiyada
ham janob Olland “Qo`shma Shtatlarning intervensiya haqidagi chaqirig`ini
qanchalik sabrsizlik bilan kutayotgani”ni ta`kidlamasin, parlament qarshiligiga
ro`baro` keldi. Faqatgina Turkiya xattoki AQSHdan ham ko`ra kuchli shaxd
bilan intervensiyani yoqlab chiqdi. Lekin bu yetarli emas edi.
Xuddi shu nuqtada Yevropa Ittifoqi birdam emasligi ko`rinib
qoldi. Ularning bir yoqadan bosh chiqara olmasligi yana bir bor isbotlandi. E`tiborlisi,
Germaniyaning mojaroga nisbatan munosabati bo`ldi. Boshidan intervensiyaga
qarshiligi ma`lum bo`lgan Germaniya uzoq vaqt o`z pozitsiyasini ma`lum qilmadi.
Ittifoq ichida, ayniqsa Fransiya va Germaniya o`rtasida kuchli qarama-qarshilik mavjudligi ayonlashdi. Ushbu holat Yevropa defragmentatsiyasi haqida gap-so`zlar urchigan
bir vaqtda yuzaga chiqib qoldi.
1945-yildan beri hamkorlikda yashashga urinib kelayotgan Yevropa
davlatlari aravani o`zlari tomonga sudramoqdalar. Bu holat ayniqsa, mintaqaning
uch qudratli davlati tashqi siyosatida ko`zga tashlanadi. Buyuk Britaniya
mintaqaga e`tiborni susaytirib, Qo`shma Shtatlar bilan alohida aloqa
o`rnatishga harakat qilmoqda; Fransiyaning diqqati janubga – O`rta Yer dengizi
va Afrikaga qaratilgan; Germaniya esa Sharqdan erkin savdo zonasi izlamoqda.
Albatta, bu Yevropa Ittifoqi parchalanib ketdi, degani emas,
balki Yevropa Ittifoqi xech qachon mustahkam bo`lmagan. Ittifoq bir qancha
mintaqa davlatlarini o`z ichiga olgan erkin savdo zonasidan ortiq narsa emas.
Albatta, Ittifoq o`z parlamentiga ega, lekin mudofaa va tashqi siyosat suveren
davlatlarning ixtiyorida qoldirilgan. Yarim asr davomida Ittifoq a`zolarini
faqat chegaralar ajratib turar edi, endi ular g`oyaviy jihatdan bo`linib
ketdilar.
Yevropa Ittifoqi va AQSH o`rtasidagi farqlar Suriya
Inqirozida aniq ko`rinib qoldi. Obama Kongress ma`qullovisiz ham intervensiyani
uyushtirish vakolatiga ega, lekin Yevropa Ittifoqi bunday imkoniyatga ega emas.
Chunki yevropaliklar na mudofaa, na tashqi siyosat borasida yakdil emaslar,
yana ham aniqrog`i biror Yevropa davlati yolg`iz o`zi Suriyaga xavo hujumlarini
amalga oshira olish qudratiga emas edi. Bunga misol sifatida Liviyani
keltirishimiz mumkin: Xattoki Fransiya va Italiya birgalikda xavo hujumini
amalga oshira olishmadi, ularga baribir AQSH kerak bo`ldi.
Biroq Suriya masalasida vaziyat o`zgacha tus oldi. Kulminatsion
nuqtagacha AQSHni qo`llagan yevropaliklar xal qiluvchi pallada uni yolg`iz
tashlab, ortga chekinishdi. Shundoq ham yangi urushni xohlamay turgan va na
ichki na tashqi qo`llovsiz qolgan Vashingtonning ham chekinishdan o`zga iloji
qolmadi. Agar Obama o`z vakolatidan foydalanib xujumni amalga oshirganda uni yo
impichment yoki Jorj Bush kabi omadsizlik kutgan bo`lardi. Mavjud vaziyatdan
Putin qanday ustamonlik bilan foydalangani va o`z obro`sini oshirib olganligiga
hammamiz guvoh bo`ldik.
Bu AQSHga nisbatan “xiyonat” edimi? Yo`q, bu shunchaki
Yevropa Ittifoqi qanchalik birlashganining ifodasi edi, xolos. Ular birgalikda
qadam tashlay olmadilar, ular bir-birlariga qanchalik raqib ekanliklarini
ko`rsatib qo`yishdi. Yevropa Ittifoqi qudratli siyosiy birlik emas, balki
yashab qolish umidida xohishsiz birlashgan davlatlar guruhi ekanligi ma`lum
bo`ldi.
Endi AQSH-Yevropa aloqasi qanday kechadi? Buning hammasi
Ittifoqning o`ziga bog`liq. Agar yevropaliklar o`zlarining sevimli klassik
realizmidan yurishda davom etsalar Vashington butun ittifoq bilan emas, balki
faqat ma`lum davlatlar bilan aloqa qila boshlaydi. Axir, kimga ham bir-biri
bilan kelisha olmaydigan egoistik davlatlar ittifoqi bilan aloqa qilishdan naf
bor?
Assalomu alekum, avvalambor maqola uchun rahmat. Iloji bo'sa lotin Amerikasi davlatlari xaqidayam va ulani dunyodigi pozitsiyasi xaqida maqola yozsela juda yaxshi bo'lardi. Bu mamlakatla xaqida xamma joyda juda kam gapiriladi. Rahmat.
ОтветитьУдалитьTugri aytdingiz lotin amerikasi haqida yetarli malumot bilmaymiz agar ularni ham geosiyosati haqida maqolalar berilsa yaxshi bulardi
Удалить