19.10.2013

GEOSIYOSAT QUDRATI: “ANARXIYA VA QUDRATGA INTILISH”

Aziz O`quvchi! Bugundan e`tiboran biz jahondagi kuchlar muvozanati, xalqaro tizim va tarixga o`z ta`sirini o`tkazgan geosiyosiy nazariyalar haqida ma`lumot beruvchi “Geosiyosat Qudrati” ruknini boshlashga qaror qildik. Ushbu ruknda biz alohida bir geosiyosiy nazariya haqida qisqa va umumiy ma`lumot berib, uni sharxlashga harakat qilamiz. Nazariya haqida chiqariladigan xulosa esa, faqat Sizdan.

Jon Mirshaimer
Ilk ma`lumot bermoqchi bo`lgan nazariyamiz amerikalik siyosatshunos, professor Jon Mirshaimerning “Anarxiya va Qudratga Intilish” maqolasidagi fikrlardir:

Nega davlatlar qudrat uchun intiladilar?

Jon Mirshaimer o`zining bu maqolasida dunyo siyosiy tizimi va davlatlarning qudratga bo`lgan tashnaligiga realizm ko`zi bilan qaraydi. Davlatlarning alal-oqibat maqsadi gegemoniya, boshqalar ustidan hukmronlikni qo`lga kiritishdir.

Mirshaimer qudratli kuchlarning gegemoniyaga intilishini kuzatib turib, xalqaro tizim haqida 5 farazni o`rtaga tashlaydi.

1-faraz: Xalqaro tizim anarxiyaga moyil. Mirshaimer bu yerdagi anarxiya so`zini xaos yoki tartibsizlik bilan adashtirib qo`ymaslikni uqtiradi. Unga ko`ra, xalqaro tizimda biror mutlaq boshqaruv markazi mavjud emas.

2-faraz: Buyuk qudratlar tajovuzkor harbiy salohiyatga ega. Qudratli davlat bo`lish uchun albatta tajovuzkor kuchga ega bo`lish lozim. Shu sababli qudratli davlatlar bir-birlari uchun xavfli hisoblanadilar. Davlatning qudrati uning harbiy salohiyati bilan belgilanadi. Mabodo qurol bo`lmasa ham, qudratga ega bo`lmoqchi bo`lgan davlatning aholisi qo`l va oyog`ini ishga solib, jismoniy kuch bilan boshqa davlatni o`ziga bo`ysundirishiga to`g`ri keladi.

3-faraz: Davlatlar bir-birlarining asl maqsadlarini xech qachon bila olishmaydi. Biror davlat boshqasi o`ziga do`st yoki dushman ekanligiga xech qachon 100 % amin bo`la olmaydi. Manfaatlar, munosabatlar doim o`zgarib ketishi mumkin. Shu sababli hattoki yaqin aloqadagi davlatlar ham bir-birlaridan xavfsirab turishadi.

4-faraz: Yashab qolish – qudratli davlatlarning eng asosiy maqsadidir. Davlatlarning qanday manfaat-maqsadlari bo`lmasin, ular uchun birinchi masala o`z hududiy yaxlitligi va ichki siyosatdagi dominantligini saqlab qolishdir. Mirshaimer 1927-yilda Iosif Stalin tomonidan aytilgan so`zlarni iqtibos sifatida keltiradi: “Biz Sovet Ittifoqida sotsializm qurishimiz shart. Biroq bunga erishish uchun birinchi navbatda o`z mavjudiyatimizni saqlab qolishimiz kerak. ”

5-faraz: Buyuk kuchlar ratsional akterlardir. Qudratli davlatlar atroflarida kechayotgan voqea-hodisalarni yaxshi anglaydilar va omon qolish uchun strategic harakat qiladilar. Shuningdek, ular o`z hatti-harakatlari boshqa kuchlarga qanday ta`sir qilishini ham yaxshi tushunadilar va har bir qadamlarini o`ylab bosadilar.

Davlatning hatti-harakati


Mirshaimerga ko`ra, davlatda 3 ta asosiy hatti-harakat bor:

      
1.    
Qo`rquv. Davlatlar doim bir-birlaridan qo`rqib turadilar, xavotirlanadilar va ishonmaydilar. Shu sababli davlatlar orasida o`zaro ishonch deyarli nolga teng. Hattoki, 45 yil davomida yaqin ittifoqdosh sifatida yashab kelgan Buyuk Britaniya va Fransiya 1990-yilda Germaniyaning birlashishi yuzasidan xavotir bildirishgan va yangi davlatni o`zlari uchun xavf sifatida ko`rishgan.

       2.       O`z-o`zini ta`minlash. Xech bir davlat o`z xavfsizligi, taqdiri va kelajagini boshqa bir davlatga ishonib topshirib qo`ymaydi. Sababi, yuqorida ta`kidlangandek, davlatlar o`rtasida ishonch mavjud emas. Bugungi kundagi ittifoqdosh ertaga dushman; bugungi dushman esa ertaga ittifoqdoshga aylanishi mumkin. Bundan tashqari davlatlar o`rtasida xech qachon mushtarak manfaatlar mavjud bo`lmaydi. Shuning uchun har bir davlat o`z xavfsizligini o`zi ta`minlashga, o`z kelajagi uchun o`zi qayg`urishga harakat qiladi. Mirshaimer Immanuel Kantdan iqtibos keltiradi: “Abadiy tinchlikka erishish har bir davlat yoki hukmdorning asosiy orzusidir. Lekin buni faqat butun dunyoni egallabgina amalga oshirish mumkin. Iloji bo`lsa, albatta.”

      3.       Maksimal qudratga erishish. Davlatlar uchun qudratga erishish – bu o`z xavfsizligini ta`minlash va kelajagini mustahkamlash, demakdir. Shu sababli davlatlar qudratga erishish yo`lida xech qachon to`xtamaydilar, o`zlarining bor imkoniyatlarini ishga soladilar. Bir davlatning qudratga erishishi boshqa bir davlatning mag`lubiyatidir. Shulardan kelib chiqib davlatlarning qudratga doimiy intilishining ikki asosiy sababi keltirish mumkin:

a)      Davlatlar bir-birlarining qudratlari va salohiyatlarini xech qachon to`liq bila olmaydilar. Ba`zida qudratli ko`ringan bir davlatni nisbatan zaifroq boshqasi osonlik bilan mag`lubiyatga uchratishi mumkin. Shu sababli davlatlar imkon boricha qudrat to`plashga intiladilar;

b)      Kuchlar muvozanati doimo o`zgarishda. 10 yoki 20 yildan keyingi muvozanatni xech kim aniq bashorat qila olmaydi. Bugungi qudratli davlat, agar o`z salohiyatini oshirib bormasa, ma`lum vaqtdan keyin xalqaro tizimning eng quyi pog`onasiga tushib qolishi mumkin.

Hisobli tajovuz

Davlat qanchalik qudratli bo`lmasin, uning qudrati ham o`z cheklovlariga ega va abadiy emas. Shu sababli qudratli kuchlarni aqlsiz bosqinchilar, deya hisoblamaslik zarur. Ular biror tajovuzni amalga oshirish uchun obdon o`ylab ko`rishadi, harakatlari kuchlar muvozanatiga qanday ta`sir etishini hisoblab ko`rishadi.
Bundan tashqari davlatlar o`zlari qarshi chiqayotgan kuch haqida ham o`ylab ko`rmoqlari lozim. Davlatlarning aniq salohiyati haqida xech qachon bilib bo`lmaydi. Masalan, biror zaif davlat o`z qudratini bo`rttirib ko`rsatib, boshqa davlatlarga po`pisa qilish orqali ularni qo`rquvga solishi mumkin. Yoki biror qudratli kuch o`z salohiyatini yashirib, o`zini ojiz ko`rsatishi mumkin. Masalan, Gitler urushni boshlaguniga qadar Yevropani qanday aldab kelganini eslab ko`ring. O`shanda uning asl salohiyati va nimalarga qodirligi borasida biror kimda to`liq tasavvur mavjud emas edi.

Xattoki, qarshi tomon haqida to`liq ma`lumot bo`lsada, qudratli davlatlar tajovuzni amalga oshirishdan ikkilanib turadi. Chunki jangda hamma narsa kutilmagan tomonga o`zgarib ketishi mumkin. Masalan, 1991-yildagi “Sahrodagi Bo`ron” operatsiyasini hattoki Amerika harbiy strateglari ham osongina va tez tugashini kutmagan edilar. Ular iroqliklarni ancha qudratli dushman hisoblashgan edi, lekin Saddam Husayn armiyasi kutilgandan ko`ra ojiz bo`lib chiqdi.

Bundan tashqari davlatlar tajovuz uyushtirilgan paytda oldin hisobga olinmagan tashqi kuchlar aralashuvidan ham cho`chishadi. Masalan, 1914-yilda Germaniya, agar Fransiya va Rossiyaga qarshi urush boshlansa, Buyuk Britaniya aralashmaydi, deya xato hisobladi. Yoki Saddam Husayn 1990-yilda Quvaytga xujum qilishidan oldin AQSHning aralashuvini hisobga olmagan edi.

Dunyoda 1815-yildan 1980-yilgacha 63 ta urush bo`lib o`tgan. Shundan 39 tasi (tahminan, 60 %i) urushni boshlagan kuchlarning g`alabasi, qolgani mag`lubiyat bilan tugagan. Ko`rinib turibdiki, qolgan 40 % tajovuzkor kuch yuqorida keltirilgan omillarni hisobga olishmagan va mag`lubiyatga uchrashgan.

Gegemoniya cheklovlari

Gegemon qudrat o`zi mavjud bo`lgan tizimda mutlaq boshqaruvni qo`lga oladi, qolgan barcha kuchlar unga tobe bo`ladi. Dunyoda ko`plab gegemon kuchlar mavjud bo`lgani haqida gapiriladi, biroq Mirshaimer da`vosiga ko`ra, dunyoda yaqqol gegemon qudrat mavjud emas. Uning fikrlashicha, xalqaro tizimda qudratli kuchlar mavjud, lekin ularni gegemon, deb atash noo`rin. Masalan, 19-asr o`rtalarida Buyuk Britaniya Yevropada gegemon, deya ko`rilgan. Lekin u paytda yana to`rt qudrat: Avstriya,Fransiya, Prussiya va Rossiya ham mavjud edi. Britaniya bular ustidan xech qachon to`liq nazoratni qo`lga ola olmagan. Xattaki, Fransiya Britaniyaning ashaddiy raqibi bo`lgan.

Gegemon qudrat global va regionalga ajratiladi. Mirshaimerning fikricha, hozirgi dunyoda yagona regional qudrat bor – AQSH. AQSH zamonaviy tarixdagi eng qudratli davlat, deya sifatlansada, uning gegemonligi G`arbiy Yarimshardan tashqariga chiqmaydi, ya`ni Amerika shu mintaqadagi kuchlar muvozanatini to`liq nazorat eta oladi. Butun dunyo nazoratini qo`lga kiritish uchun unga geografik masofa, salohiyat va kuch-qudrat yetishmasligi to`sqinlik qiladi. Shu sababli dunyoda biror global gegemon qudrat mavjud bo`lmagan va mavjud bo`lishi ilojsizdir.

Mirshaimer bir qancha regional gegemonlarni sanab o`tadi: Shimoliy-Sharqiy Osiyoda Yaponiya Imperiyasi, Yevropada Napoleon Fransiyasi,Vilgelm va Fashist Germaniyasi, shuningdek Sovet Ittifoqi.

Biror regional gegemon boshqa bir mintaqada gegemon paydo bo`lishiga toqat qila olmaydi, uni o`z raqibi sifatida ko`radi. Shu sababli regional gegemonlarning ko`p bo`lishi urush ehtimolini ham oshiradi.

Mirshaimerning da`vo qilishicha, gegemoniyada yagona ideal holat – bu faqat bitta regional gegemonning mavjud bo`lishidir. Unga ko`ra, AQSH dunyoda yagona regional gegemon sifatida saqlanib qolishi kerak.

Qudrat va Qo`rquv

Muallifning davlatlar bir-biridan doim qo`rqishi, xavotirlanishi va shubhalanishi haqidagi fikrlarini yuqorida aytib o`tdik. Endi Mirshaimerning qudrat qo`rquvga qanday ta`sir qilishi haqidagi so`zlariga quloq tutsak:
Muallif qudrat va qo`rquv munosabati haqida fikr bildirishdan oldin, “qudrat” o`zi nima ekanligini ochiqlab olishni taklif qiladi hamda qudratni ikki asosiy qismga ajratadi:

a)       Imkonli qudrat – davlatning aholisi va boyligidir. Bunday qudrat har bir davlatda mavjud va bu ikki omil harbiy salohiyatning asosini tashkil etadi;

b)      Asl qudrat – davlatning harbiy salohiyati. Imkonli qudrat orqali yuzaga kelgan harbiy salohiyat asl qudratga aylanadi.

Endi qudrat qanday qilib davlatlar qo`rquvini kuchaytirishini ko`rib chiqamiz. Buni muallif uch yo`lda kuzatishni taklif etadi:

1)      Ikki yadro quroliga ega davlat boshqa ikki yadro quroliga ega bo`lmagan davlatdan ko`ra bir-biridan ko`proq cho`chiydi. Sababi yadro quroli daxshatli kuchga ega va yadroviy davlatlar o`rtasida urush boshlangudek bo`lsa, ularning ikkisi ham omon qolishi dargumon;

2)      Hududini katta masofa, masalan, ulkan suv havzasi ajratib turuvchi davlatlar yagona quruqlikda joylashgan davlatlardan ko`ra bir-biridan kamroq qo`rqadi. Chunki ko`rinib turgandek, ularni ulkan tabiiy to`siq ajratib turibdi. Yagona materikda joylashgan davlatlar uchun tabiiy to`siqlar mavjud emas va shuning uchun ular o`rtasida urushlar tez-tez sodir bo`lib turadi. Masalan, AQSH va Buyuk Britaniya xech qachon bir-biriga tahdid solmaagan va bir-birlarining mintaqalarida gegemonlikni da`vo qilmaganlar. Sababi ularni ulkan ocean ajratib turadi;

3)      Qudratning tizimdagi davlatlar orasida taqsimlanishi ham qo`rquvga sabab bo`ladi. Masalan, ko`p qutbli tizim o`z-o`zidan raqobatchi davlatlarni ko`payishiga yoki ikki qutbli yoda bir qutbli tizim davlatlarning biror qudratli kuchga tobe bo`lib qolishlariga olib keladi.

Davlat maqsadlarining ierarxiyasi

Ta`kidlangandek, Mirshaimer jon saqlab qolish – davlatning eng birinchi maqsadi ekanligini uqtiradi. Shuningdek, davlatning xavfsizlikka aloqasi bo`lmagan maqsadlarini ham sanab o`tadi: iqtisodiy yuksalish, o`z mafkurasini yoyish, milliy birlikka erishish va hk.

Dunyo tartibotini yaratish

Mirshaimer dunyo tartiboti qudratli davlatlar tomonidan yakdillikda o`rnatilishi va tinchlikni saqlashga qaratilishi kerak, degan fikrga qarshi chiqadi. Unga ko`ra, davlatlar xech qachon bir yoqadan bosh chiqarib, dunyo tartibotini yarata olmaydilar. Ayni mavjud tartibot ham davlatlarning milliy manfaatlariga ko`ra shakllangan, uni davlatlar hamkorlikda yaratishmagan.

Masalan, Sovuq Urush davridagi tartibotni na AQSH, na Sovet Ittifoqi yaratishgan. Bu tartibot davlatlar egoizmi, raqobati va manfaatlari tufayli shakllandi. Sovuq Urush tugashi bilan o`zaro raqobati ham yakuniga yetgan AQSH va Rossiya yana yangi dunyo tartibotini yaratishda hamkorlik qilishmadi, balki ularning yangi raqobati tufayli hozirgi tartibot shakllandi.

Dunyo davlatlari ikki sabab tufayli hamkorlikda tinch tartibotni yaratishmaydi:

a)      Hanuzgacha tinchlikning umumiy formulasi yaratilmagan. Bu borada har bir davlat o`z qarashiga ega. Qaysidir davlat uchun urushlar odatiy hol bo`lsa, qaysidir davlat tinchlikka faqat qaysidir kuchni yo`q qilish bilangina erishish mumkin, degan fikrda sobit.

b)      Global tinchlikni ta`minlash yo`lidagi hamkorlikka hamma davlatlar ham ishonmaydi. Ular hamkorlik natijasi ijobiy bo`lishini aniq bilishmaydi. Kutilmagan natijalardan saqlanish uchun harbir davlat egoistona harakat qilishni maqbul ko`radi.

Davlatlararo hamkorlik

Ikki omil davlatlar o`rtasidagi hamkorlikka asosiy sababdir: olinadigan foydani teng taqsimlanishiga bo`lgan shubha va aldanib qolishdan xavotirlanish.

Qudratli davlatlar uchun hamkorlikda kuchlar muvozanatini unchalik ahamiyati yo`q. Ularni faqat foyda qiziqtiradi. Har bir davlat o`rtadagi foydadan maksimal darajada ulush olish ishtiyoqida yonadi. Shu sababli ko`p hollarda foydani taqsimlash borasida kelishmovchiliklar yuzaga keladi va hamkorlik hali boshlanmasidan nihoyasiga yetadi.

Aldanib qolishdan qo`rqish ham hamkorlikka asosiy to`siqlardan. Germaniyaning 1939-yilda SSSR bilan hamkorlikka kirishi va atigi ikki yildan so`ng kutilmaganda Sovet Ittifoqiga bostirib kirganini barchamiz yaxshi eslaymiz. Bu tarixiy fakt ko`pgina davlatlar uchun hamkorlikka kirishishdan oldin eslatma vazifasini o`taydi.


Ko`rib turganinggizdek, Jon Mirshaimerning nazdiga ko`ra, davlatlar hamkorlik qilsada, ittifoqqa kirishsada yoki qudratli davlatlar boshqa davlatlarga bosim o`tkazsada, dunyoda hanuz anarxiya hukmron. Biror davlat boshqasiga tom ma`noda tobe emas va ular qudratga intilishda xech ham to`xtamaydi. 

3 комментария:

  1. Assalomu alaykum sizlardan bir iltimosim bor edi. Agar iloji bo'sa maqolalardi stranitsalarga bo'lib qöyselar oldingi maqolalardi o'qigani qulay bo'lardi. Oldingilarga o'tish uchun birma-bir orqaga qaytishga tögri kelyapti. Agar shunde qilinsa oldingi maqolalardan ham bahramand bo'lardik.

    ОтветитьУдалить
    Ответы
    1. Agar sizga malol kelmasa blogda oldin yozilgan maqolalarni qanday o'qishni oson yo'lini aytaman. Blogni o'ng tarafidagi gadjetlarni birin ketin qarab pastga tushsangiz ular orasida Blog Arxivi degan gadjetga ko'zingiz tushadi, ana shu yerdan yil, oyga qarab blog arxividagi maqolalarni o'qishingiz mumkin bo'ladi. E'tiboringiz uchun raxmat

      Удалить
  2. Salom. Bizni ham hozir shu muammo qiynayapti. Chunki Geopolitika.Uz hozirda haqiqiy sayt emas, balki Bloggerda ochilgan blogdir. Blogda saytdan ko'ra interfeys imkoniyatlari ancha cheklangan. Shu sababli, aytganingizdek, oldingi maqolalarni topish ancha qiyin. Lekin blogni veb-formatda ochib, o'ng tomondagi panelga qarasangiz "Tasodifiy maqolalar" yorlig'iga ko'zingiz tushadi. Shu yerdan oldingi maqolalarni topishingiz mumkin. Yangi yilgacha blog to'liq .uz domenidagi haqiqiy saytga aylantiriladi. O'shanda bu muammo bartaraf etiladi, albatta.

    ОтветитьУдалить