Jahondagi har bir
mintaqa xalqlari o`z siyosiy hayoti davomida ko`plab urushlarni, ziddiyatlarni,
mojarolarni boshdan kechirishgan. Urushlarning ichida bir millat farzandlari
bir-birini qonini to`kadigan fuqarolar urushidek daxshatlisi bo`lmasa kerak.
Markaziy Osiyoda,
butun post-sovet hududida bo`lib yagona fuqarolar urushi Tojikistonga
tegishlidir. 1992-1997-yillarda bo`lib, 100,000 dan ortiq insonni hayotiga
zomin bo`lgan bu urushning sabablari bisyor. Ularning asosiysi mahalliychilik,
millatchilik va diniy fundamentalizmdir.
Garchi tashqi
kuchlar e`tiborini o`ziga ko`p jalb qilmagan bo`lsada, Tojik Inqirozining
boshlanishi va undagi voqealar rivojiga ko`plab davlatlar ta`sir ko`rsatganlar.
Bundan oldin
ushbu ziddiyatga bag`ishlangan ikki maqola e`lon qilingan edi. (1-qism, 2-qism).
Ularda urushning boshlanishi va ichki omillarni ko`rib chiqqan edik.
Ushbu maqolada
Tojik Inqirozidagi tashqi ishtirokchilar va urush davomidagi xalqaro
munosabatlar o`rganib chiqiladi.
Tojikiston
fuqarolar urushiga tashqi ta`sir
Dunyoda biror bir
mojaro yoki inqiroz tashqi kuchlar ta`sirisiz ro`y bermaydi. Tojik inqirozida
ham tashqi kuchlarning roli anchagina. Tashqi qudratlarning Tojikistonga
e`tibor qaratishining bir qancha sabablari bor. Bulardan asosiysi
Tojikistonning geosiyosiy joylashuvi hamda mamlakatda mavjud suv
resurslaridir.
Quyida bir qancha
davlatlarning inqiroz arafasida mavjud bo`lgan Tojikistondagi manfaatlarini
ko`rib chiqamiz:
Rossiyaning
Tojikistondagi manfaatlarini siyosiy-harbiy, iqtisodiy va madaniyga sifatlasa
bo`ladi. Shuningdek, Tojikistonning Afg`oniston bilan chegaradosh ekanligi ham
Rossiya uchun muhim bo`lgan. SSSR tarqab ketgandan so`ng Rossiyaning yangi
hukumatini nazoratsiz Afg`onistondan Tojikiston orqali giyohvand moddalar, radikal
ekstremistlar va noqonuniy qurollarning mamlakatga kirib kelishi tashvishga
solar edi. Shu sababli rus hukumati Tojikistonda o`z manfaatiga muvofiq
keladigan kuchlarni hokimiyat tepasiga olib chiqib, ular orqali bu tahdidlarni
oldini olish hamda mamlakat bilan chegaradosh Xitoyning mintaqaga kirib
kelishiga yo`l qo`ymaslikni istardi.
Bundan tashqari
hali 500,000 dan ortiqroq ruslar Tojikistonda istiqomat qilishmoqda edi. Yangi
rus hukumati ularning taqdiri uchun o`zini javobgar sanar edi.
Ta`kidlash joiz,
SSSR qulashi arafasida avj olgan “Buyuk Turon” yoki “Buyuk Turkiston” kabi
pan-turkiy va pan-islomiy mafkuralarga Rossiya ko`z yumib turolmas edi. Rossiya
uchun bunday g`oyalarni mintaqadan siqib chiqarib, o`z ta`sirini ushlab qolish
juda muhim edi.
O`zbekistonning
manfaatlari tarixiy aloqalarga borib taqaladi. Ma`lumki, o`zbeklar va tojiklar
tarixan birga yashab kelishgan. So`g`d viloyati, Hisor vodiysi va Hatlonning
asosiy aholisini o`zbeklar yoki o`zbek-tojik qorishmasi tashkil etadi. O`sha
paytda tahminan 1 mln atrofidagi etnik o`zbeklar Tojikistonda istiqomat
qilishar edi.
Shuningdek, 910
km cho`zilgan ulkan chegara ham O`zbekistonning Tojikistonda kechayotgan
o`zgarishlarga befarq qarab turmaslikka undardi.
O`sha vaqtda
tojik millatchilari tomonidan aholisini asosan tojiklar tashkil qiluvchi
Samarqand va Buxoro hamda Farg`ona vodiysining ayrim hududlariga nisbatan
urchigan da`volar ham yangi o`zbek hukumatini tashvishga sola boshladi. Tojik
millatchilarini asosan chuqur diniy kayfiyatdagi islomiylar radikallar tashkil
etganligi ayni vaqtda Juma Namongoniy va Tohir Yo`ldosh boshchiligidagi
fundamentalistlar tufayli og`ir vaziyatni boshidan kechirayotgan o`zbek
hukumati uchun yanada havotirli bo`ldi. Shu sababli o`zbek hukumati ham
Tojikistonda o`z manfaatiga mos kuchlarning hokimiyat tepasiga kelishi yo`lida
harakat qila boshladi.
Markaziy Osiyoda
liderlikni qo`lga kiritish maqsadidagi O`zbekiston uchun mintaqa davlatlaridagi
vaziyat juda muhim edi.
Tojikistonda
inqiroz boshlanishi arafasida Afg`oniston allaqachon daxshatli urush domiga
tortilib bo`lingan edi. O`rta Sharq va Markaziy Osiyoni bog`lab turuvchi bu
davlat o`z geostrategik joylashuvi tufayli bir vaqtlar dunyo qudratlarining
manfaatlari to`qnashgan hududga aylangani hammamizga ma`lum. Afg`oniston
nazorati uchun bir qancha muvaffaqiyatsiz urunishlardan so`ng bu davlat ma`lum
muddatga “buffer zona”ga aylantirildi. Sovetlarning Afg`onistonga “cheklangan
qo`shin” kiritishi bu tarixiy muvozanatni buzib yubordi. Natijada Eron,
Turkiya, Pokiston, Hindiston, AQSH kabi davlatlarning e`tibori yana
Afg`onistonga qaratildi va ular hudud yuzasidan ta`sirlarini oshirib olish
harakatiga tushib qolishdi.
Islomiy davlatlar
geosiyosiy manfaatlarini niqob qilgan holatda o`z “birodarlari”ga yordam bera boshlashdi;
AQSH Afg`onistonda kommunizmga qarshi “kurashdi”; Turkiya kabi amerikaparast
davlatlar ham SSSRning Afg`onistondagi mavjudiyatiga qarshi chiqib, pan-turkizm
kabi o`z mafkuralarini targ`ib qilaboshladilar. Yana bir bor manfaatlar
to`qnashgan hududga aylangan Afg`onistondagi holat 1,030 kmli umumiy chegaraga
ega Tojikistonga ham ta`sir etmay qolmadi.
Afg`onistonda
manfaatlari to`qnashgan davlatlarning raqobati o`sha davrda anarxiya va
klanchilik muammolari bilan qiynalayotgan Tojikistonda ham davom etdi. Natijada
Tojikiston tobora ikkinchi Afg`onistonga aylanib bora boshladi.
Markaziy Osiyo
bilan 7,000 kmli chegaraga ega Xitoy ham o`z qo`shnisi – Tojikistonda yuz
berayotgan voqealar rivojiga befarq bo`la olmas edi. O`zining notinch Shinjon
Avtonom Viloyati Markaziy Osiyoga yaqin ekanligi, Tojikistonda kuchayib
borayotgan hokimiyatsizlik, diniy fundamentalizm kabi xavfsizlik va barqarorlik
yuzasidan xavotirlar Xitoyni Tojikiston voqealariga aralashishga majbur qildi.
Hindiston
Afg`onistondagi notinchlikning Tojikistonga ko`chishi, natijada o`zi uchun uzoq
vaqtdan beri muammo bo`lib kelayotgan diniy ekstremizmning quloch yoyib
ketishidan xavotirda edi. Shuningdek, Pokistonning Tojikistonga nisbatan
e`tiborini kuchayishi, Pokiston hukumatining tojik radikallarini zimdan
dastaklay boshlashi Hindistonning tojik inqiroziga aralashishiga sabab bo`ldi.
SSSR qulashi
bilan AQSH post-sovet davlatlarini Rossiya ta`siridan chiqarib olishga urina
boshladi. Bundan tashqari Afg`on urushi davomida musulmon dunyosida paydo
bo`lgan anti-amerikanizm kayfiyati Markaziy Osiyoning yangi davlatlarida tarqalashini
rasmiy Vashington aslo istamas edi.
AQSH
Tojikistondagi diniy radikalizm va anarxiyani o`zining mintaqadagi ta`siri,
tabiiy resurslarga erishish, iqtisodiyoti uchun yangi bozorlar ochish yo`lidagi
asosiy g`ov hisoblab, boshlanayotgan inqirozni o`z foydasiga hal qilish uchun
harakat boshladi.
Shu tariqa
Tojikiston fuqarolar urushi boshlanishi arafasida global qudratlar, mintaqaviy
davlatlar va mafkuralarning manfaatlari to`qnashgan hududga aylanib qoldi.
Ularning har biri Tojikistonda o`zi istagan kuch qudratga kelishidan manfaatdor
edi va bu manfaatdorlik 5 yillik qonli fuqarolar urushiga sabab bo`ldi.
Tojikiston
fuqarolar urushi davomidagi xalqaro munosabatlar
Sovet Ittifoqi qulashi ortidan Markaziy Osiyo yana bir
bor “Buyuk O`yin” maydoniga aylandi. Yuqorida ta`kidlangandek, Tojikistondagi
keskin o`zgarishlardan har bir davlat o`z manfaati yo`lida foydalanishga
harakat qildi. Biroq fuqarolar urushi boshlanishi bilan vaziyat biroz o`zgardi.
G`arb davlatlari va Xitoy mojaroga iloji boricha aralashmaslikka harakat
qildilar. Sovuq Urushdan keyin yangi davrga kirgan G`arbiy Yevropa davlatlari
va AQSH Rossiya bilan Tojikiston masalasida keskin qarama-qarshiliklarga borishni
istamagan bo`lsa, Xitoy hududiy bog`liqlik tufayli jangari unsurlar mamlakat
ichkarisiga kirib kelishidan cho`chidi.
Ayni inqiroz boshlanishi arafasida “pan-turkizm”
mafkurasini Markaziy Osiyoda targ`ib qilishga kuch bergan Turkiya fuqarolar
urushi boshlanishi bilan o`zini chetga tortdi. Buning asosiy sababi Tojikiston
turkey davlat emasligida bo`lsa, boshqa sababi esa Turkiyaning o`zi hali
rivojlanayotgan davlat edi. Bundan tashqari MDH davlatlari bilan savdo
aloqalarining 90 % Rossiya bilan bo`lib, Turkiya rasmiy Moskvaning mintaqadagi
manfaatlariga zarar yetkazmaslik uchun ziddiyatga aralashishdan voz kechdi.
Yuqoridagi sabablar tufayli Tojikiston fuqarolar
urushida Rossiya, O`zbekiston va Tojikistonni o`zining bir bo`lagi
hisoblaydigan Eron faol harakat qildilar.
Rossiyaning mojaroga aralashish sabablarini 4 qismga
ajratish mumkin:
a) Post-imperial maqsadlar;
b) Islomiy tahdid va narkotrafikni nazoratga olish;
c) Iqtisodiy manfaatlar;
d) Tojikistondagi rus ozchiligini himoya qilish.
Post-imperial maqasadlarga ko`ra Rossiya Markaziy
Osiyoni yana o`z ta`sir doirasiga olish istagida edi. Tojik Inqirozi bu uchun
yaxshi bahona bo`ldi. SSSR tarqab ketgandan so`ng Rossiyaning mintaqada harbiy
mavjudligi qolmagan edi. Rossiya hukumati nima qilib bo`lsada, mintaqaga
qo`shin kiritishga intilardi. Nihoyat 1992-yil may oyida urush boshlanar ekan,
rus qo`shinlari “tinchlikparvar kuchlar” niqobi ostida Tojikistonga kirib
keldi. BMTning nizomlariga ko`ra, “tinchlikparvar kuchlar” neytral bo`lishi lozim
edi, lekin rus qo`shinlari ochiqdan-ochiq Ko`lob-So`g`d-Hisor blokini har
tomonlama qo`llab-quvvatladi.
1992-yilda ruslar o`n yil davomida kurashgan
kuchlarning Afg`onistonda hokimiyatga kelishi va ayni vaqtda boshlangan Tojik
Inqirozida ham diniy unsurlarning o`ta faollashini Rossiya “ulkan xavf”
sifatida ko`ra boshladi. Shu sababli fuqarolar urushi boshidayoq sobiq
kommunist va nisbatan sekular kuchlarni dastaklay boshladi.
Butun mintaqa diniy fundamentalizm asoratiga tushib
qolmasligi uchun Rossiya 1992-yil noyabrida O`zbekiston, Qozog`iston va
Qirg`iziston bilan birgalikda Kollektiv Tinchlikni Saqlash Kuchlarini tashkil
etdi. Ushbu blokdagi asosiy ma`suliyat Rossiyaning bo`ynida bo`lib, qolgan
davlatlarning ishtiroki shunchaki ramziy ma`noga ega edi, xolos.
Urush davomida Rossiya Birlashgan Tojik Muholifati
(BTM)ni tan olmadi, asosiy hujumlarni unga qaratdi. Moskvaning da`volariga
ko`ra, BTMni asosan diniy ekstremist unsurlar tashkil qilar va ular islomiy
davlatlardan yashirin yordam olishar edi.
Garchi Tojikiston iqtisodiy jihatdan zaif, bundan
tashqari boshlangan ziddiyat tufayli iqtisodiy vaziyat yanada tanglashgan
bo`lsada, Rossiyaning mamlakatda muhofaza qilish zarur bo`lgan iqtisodiy
manfaatlari mavjud edi. Bu haqida 1995-1998-yillarda MDH davlatlari bilan
hamkorlik bo`yicha vazir lavozimida ishlagan Valeriy Serov quyidagicha yozadi:
“Tojikistonda Rossiyani alyuminiy, elektr
transformatorlar, qishloq xo`jaligi va to`qimachilik mashinalari bilan
ta`minlaydigan qator zavodlar mavjud.
Tojikiston Sovet davrida yillik 900.000 tonna paxta
yetishtirar edi. Ayni paytda ham Rossiyada tojik paxtasiga bo`lgan talab
yuqori. Shuningdek, Tojikiston Rossiya uchun arzon va sifatli meva hamda boshqa
bog`dorchilik mahsulotlarini yetishtirib berish salohiyatiga ega.”
Bundan tashqari Rossiya SSSR davrida
loyihalashtirilgan gidro-elektro stansiyalar qurilishini ham davom ettirish
maqsadida edi.
Rossiyaning tojik ziddiyatiga aralashishga majbur
qilgan omillardan biri – rus ozchiligini himoya qilish da`vosi edi. SSSR
davrida ko`plab ruslar Tojikistonga kelib o`rnashgan, butun ittifoq bo`ylab rus
mafkurasi ustunligi uchun mahalliy til va madaniyatni o`rganmagan edi. SSSR
qulashi bilan ular qiyin vaziyatga tushib qoldilar. Boshqa davlatlarda bo`lgani
kabi, Tojikistonda ham boshlangan millatchilik va milliy o`zlikni anglash
harakati ruslarni tashvishga sola boshladi. Yashin tezligida boshlanib ketgan
fuqarolar urushi esa ularni to`la xavf ostiga qo`ydi. Rossiya uchun ruslarni
himoya qilish “tinchlikparvar kuchlar” niqobi ostida harbiy intervensiya
uyushtirish uchun ajoyib bahona bo`ldi.
1993-yili Rossiya Tojikistondagi urushga aralashgani
rasman e`lon qilingan vaqtda allaqachon 50,000 rus askari mamlakatga kiritib
bo`lingan edi. Shundan 25,000 nafari (201-Motorlashtirilgan va o`qchi
diviziyani o`z ichiga olgan holda) “tinchlikparvar kuchlar”, qolgani chegara
qo`shinlari edi.
Yuqorida sanab o`tilgan to`rt omil tufayli Rossiya
Tojik Inqirozining faol ishtirokchisiga aylandi.
Rossiya Tojikistonga kirib kelgan ilk davrdayoq
Imomali Rahmanov rejimi Moskvaning e`tiborini o`ziga qaratishga zo`r berib
urina boshladi. Nisbatan sekular qarashlarga ega bo`lgan Ko`lob klani va
Rahmanov Rossiyadan rasman ko`ma kola boshladi. Moskva Rahmanovni o`z
manfaatlariga muvofiq hisoblar va uning hukumatini legitimlashtirish uchun
1994-yilda qarama-qarshi tomonlarni muzokara stoli atrofiga yig`ishga muvaffaq
bo`ldi. Lekin bu harakat besamar tugadi. Sababi Rossiya faqat bir tomon –
ko`lobliklarni qo`llayotgan, qolganlar esa bundan norozi edi.
1994-yilda o`tkazilgan prezidentlik saylovida asosiy
da`vogarlar Ko`lob klanidan Rahmanov, So`g`d klanidan Abdullajanovlar
bo`lishdi. Noteng saylovda g`olib chiqqan va Rossiyaning madadiga ishongan Rahmanov
muholifatga nisbatan tazyiqni kuchaytirdi. Natijada shu davrdan boshlab
fuqarolar urushi avj olib ketdi.
Lekin Rahmanovning Rossiyaga suyanishi uzoq
cho`zilmadi: 1995-yilda boshlangan Chechen urushi Moskvaning Tojikistonga
nisbatan siyosatini o`zgarishiga sabab bo`ldi. Rossiya uchun ikki frontda
harakat qilish mushkul masala edi va Moskva Rahmanov rejimidan muholifat bilan
yana til topishishga harakat qilishni talab qila boshladi. 1995-yil noyabrida
Dushanbega kelgan president Yelsin maslahatchisi Dmitriy Rimkovning
sayi-harakati bilan Rahmanov hukumati va Birlashgan Tojik Muholifati (BTM) vakillari
yana bir bor muzokara stoli atrofiga to`plandilar. 1995-yil dekabr oyida
o`tkazilgan bu muzokarada BTM Rossiyadan Tojikiston ichki ishlariga
aralashmaslikni talab qildi. Rossiya esa bu talabni qabul qilmadi. Lekin oradan
bir oy o`tib, Boris Yelsin Tojikistonda rus askarlari xalok bo`layotgani uchun
Imomali Rahmanovni tanqid qilib, Moskva bunday keyin tojik hukumatini
dastaklamasligi haqida bayonot berdi.
Rossiyaning kutilmaganda bunday qarorga kelishiga
O`zbekiston va Qozog`iston rahbariyatining noroziliklari sabab bo`lgan edi.
Islom Karimov va Nursulton Nazarboyevlar Rossiyani Tojikiston hamda Markaziy
Osiyodagi vaziyatni murakkablashtirishda ayblab, zudlik bilan xunrezliklarni
tugatish uchun yechim topishni talab qilishgan edi.
Vaziyatni yumshatish uchun Rossiyaning yangi tashqi
ishlar vaziri Primakov 1996-yil iyulida Turkmaniston poytaxti Ashgabat shahrida
bo`lib o`tgan muzokaralarda BTM vakillari bilan shaxsan suhbatlashdi. Bu
Rossiyaning siyosati keskin o`zgargani, Rahmanovga ko`rsatilayotgan dastak
deyarli tugatilganiga dalolat edi. Rossiyaning bosimi bilan Imomali Rahmanov
BTM yetakchisi Abdulloh Nuri bilan yuzma-yuz uchrashuv o`tkazishga majbur
bo`ldi.
Tashqi ishlar vaziri Primakovning o`zi O`rta Sharq
bo`yicha mutaxassis bo`lganligi sababli mojaroni qurolli yo`l bilan hal qilish
deyarli imkonsiz ekanligini anglab yetgan edi. Uning tashabbuslari bilan
1997-yil 27-iyun kuni amaldagi hukumat va BMT o`rtasida Tinchlik Sulhi
imzolandi.
O`zbekistonning Tojik Inqiroziga aralashish sabablari
ham Rossiyaniki bilan o`xshashdir. Bu sabablarni uch kategoriyaga bo`lish
mumkin:
a) Islomiy tahdid;
b) Noqonuniy qurol va narkotrafik;
c) O`zbek ozchiligini muhofaza qilish.
O`zbeklar ham tojiklar kabi mintaqadagi diniy e`tiqodi
chuqur millatlardan biri bo`lib, ayni fuqarolar urushi boshlanish arafasida
Farg`ona vodiysida bosh ko`targan diniy konservativlar o`zbek hukumatiga
tashvish tug`dirayotgan edi.
O`zbekistondek mintaqadagi eng ko`p aholiga ega
davlatning yon qo`shnisida bo`layotgan o`zgarishlarga bee`tibor bo`lishi ham mantiqqa
to`g`ri kelmas edi. Islomiy fundamentalistlar kommunistlarni ag`darib,
diniy-demokratik koalitsiya tashkil etgan paytdan boshlab o`zbek hukumatining
Tojikiston voqealariga e`tibori kuchaydi. Tojik islamistlarining kommunistlar
ustidan g`olib kelishi O`zbekistondagi diniy fundamentalizmning avj olib
ketishiga olib kelishidan o`zbek hukumati tashvishlana boshladi. Bundan
tashqari Tojikistondagi millatchilik harakati ko`plab millatlar yashaydigan
O`zbekistonda ham bu kabi holat yuzaga kelishiga sabab bo`lishi, ayniqsa, tojik
ozchiligi ko`p bo`lgan Samarqand va Buxoro kabi hududlardagi vaziyatni izdan
chiqarib yuborishi turgan gap edi. Qisqa qilib aytganda, Tojikistonda dindorlar
va millatchilar ilgari surayotgan da`volar O`zbekistonning milliy manfaatlariga
mutlaqo zid edi.
Boshqa Markaziy Osiyo davlatlari kabi O`zbekiston ham
Tojikistondagi vaziyatning izdan chiqishi Afg`onistondan mamlakat orqali
noqonuniy qurol va narkotikning mintaqaga kirib kelishidan xavotirlana
boshladi.
Bunday ko`ngilsizliklarning oldini olish uchun o`zbek
hukumati nisbatan sekular qarashda bo`lgan Ko`lob-So`g`d blokini dastaklay
boshladi.
O`zbekistonning Tojik Inqiroziga aralashish
sabablaridan yana biri – O`zbekiston Islomiy Harakatining Rahmanov rejimi
nazoratidan holi bo`lgan tojik hududida joylashib olganligi bo`ldi. O`zbek
hukumatidan O`zbekistonda islomiy davlat qurishni talab qilgan O`IH beqaror
Tojikistonga qochib o`tib, Afg`oniston orqali kirib kelgan qurollar bilan
qurollana boshladi va o`zbek hukumati uchun xavfli dushmanga aylandi.
Tojikiston aholisining 25 % ini tashkil qilgan o`zbek
ozchiligi ham, shuningdek, O`zbekistonning aralashuvi uchun sabablardan biri
bo`ldi. O`zbeklar Hisor, Qo`rg`ontepa va Xo`jand aholisining asosini tashkil
etib, Tojikistondagi eng qudratli etnik ozchilik hisoblanardi. Lekin o`zbek
hukumati xech qachon aralashuvning milliy ozchilik sabablari haqida og`iz
ochmadi. Sababi O`zbekistonda ham tojiklar soni salmoqli bo`lib, bunday bayonot
millatchilikning avj olib ketishiga sabab bo`lar edi.
O`zbekiston Tojikistondagi o`zbeklarni islomiy blokka
qarshi qo`ya boshladi. Rasmiy Dushanbening o`sha paytlardagi da`volariga ko`ra,
Mahmud Hudoyberdiyev va Ibod Boymatov kabi etnik o`zbeklar o`zbek hukumati
tomonidan qurollantirilib, o`zbek-tojik chegarasi atrofida O`zbekiston
manfaatlarini himoya qilishgan.
Yuqoridagi sabablar tufayli o`zbeklar So`g`d klanini
dastaklay boshladi. Sababi so`g`dliklar SSSR davrida O`zbekistonga hayrixoh
bo`lishgan va o`zbek hukumati ular yordamida Tojikistonda uzoq davrdan beri
mavjud bo`lgan ta`sirini boy berib qo`ymaslikka intilardi.
Lekin O`zbekistonning urunishlari samarasiz kecha
boshladi. Rossiyaning ko`magini olayotgan Ko`lob klani eng qudratli kuch
bo`lib, Dushanbe ham ular qo`lida edi. Bundan tashqari o`zbekparast dala
qo`mondonlari Boymatov xalok bo`ldi, Mahmud Hudoyberdiyev esa Tojikistondan
qochib ketishga majbur bo`ldi. Bu o`zgarishlar O`zbekistonning ta`sir
vositalari zaiflashishiga sabab bo`ldi.
Natijada O`zbekiston o`z ta`siri ostida bo`lgan So`g`d
klanini Birlashgan Tojik Muholifati (BTM) bilan yaqinlashtirish harakatiga
tushib qoldi. Rahmanov rejimining asosiy muholifatchisi bo`lgan BTMning
so`g`dliklar bilan yaqinlashishi ko`lobliklarga qarshi katta kuchning paydo
bo`lishiga olib kelar edi. O`zbek hukumatining tashabbusi bilan BTM
yetakchilaridan biri Hoji Akbar To`rajonzoda va So`g`d klani vakili
Abdullajanov Toshkentda muzokara o`tkazishdi.
Biroq so`g`dliklar va BTMning hamkorligi samarasiz
yakunlandi. Tojikiston Rossiya va Eronning keng ta`siriga tushib qoldi.
Garchi o`zi beqaror vaziyatda bo`lsada, Afg`oniston
ham Tojikiston fuqarolar urushiga katta ta`sir o`tkazgan xalqaro akter
hisoblanadi. Asrlar davomida Markaziy Osiyo xalqlari bilan qalin aloqada bo`lib
kelgan Afg`oniston o`tgan asrning 20-yillarida sovetlar tomonidan “temir parda”
bilan ajratib tashlandi.
Sovetlarning Afg`onistonga bosqini va ularga qarshi
paydo bo`lgan mujohiddin harakati mamlakat shimolida yashovchi etnik tojiklarni
ham o`z ichiga olgan edi. Burhoniddin Rabboniy va Ahmad Shoh Masud kabi etnik
tojik liderlar o`z qavmini oyoqqa turg`aza boshlashdi.
SSSRning zaiflashishi, sovet armiyasining
Afg`onistondan chiqib ketishi, ittifoqning tarqab ketishi, Tojikistondagi
vaziyatning keskin o`zgarishi qisqa vaqt ichida yuz berdi va afg`onistonlik
tojiklarni o`ziga jalb etmay qolmadi.
Tojikistonda
shariat rejimi o`rnatishni da`vo qilayotgan fundamentalistlarga afg`on
mujohidlari katta e`tibor qarata boshladilar, tojik islamistlari Afg`onistonda
harbiy tayyorgarlikdan o`tishdi, islomiy davlatlatlardan Afg`onistonga “hadya”
sifatida kelgan qurollar bilan qurollana boshladilar.
Garchi o`sha markazlashgan afg`on hukumati mavjud
bo`lmagan bo`lsada, qator afg`on dala qo`mondonlari va etnik tojik
yo`lboshchilarning Tojikiston Inqirozida ishtirok etishiga asosan uch omil
sabab vazifasini o`tadi:
a) Tojikistondagi islomiy guruhlarni qo`llash;
b) “Buyuk Tojikiston”ni tashkil qilish;
c) Noqonuniy qurol savdosi va narkotrafik yo`llarini
muhofaza qilish.
Tojikistonda fuqarolar urushi boshlanishidan atigi bir
haftacha oldin Burhoniddin Rabboniy, Ahmad Shoh Masud, Mansur Nadri, Gulbiddin
Hikmatyor va Abdurashid Do`stumlarning birlashgan kuchlari Qobulga kirib,
sovetlarning qo`g`irchoq prezidenti – Muhammad Najibulloh hukumatini ag`darib
tashladilar. Etnik tojiklar – Rabboniy prezident, Masud mudofaa vaziri lavozimi
egallab olishdi.
Ularning bu harakati o`zlari tomonidan “jihod”
(Muqaddas Urush), qatnashchilar esa mujohiddinlar, deb ataldi. Rabboniy va
Masud siyosiy islom bayroqdorlari bo`lib, ular tojik fundamentalistlariga
“ilhom manbai” bo`lib hizmat qildilar. Shu sabab Afg`oniston va Tojikistondagi
nisbatan secular qarashdagi hukumatlarning bir vaqtda ag`darib tashlanganligi
ajablanarli hol emas.
Yuqorida ta`kidlangandek, tojik fundamentalistlari
uchun Afg`oniston harbiy lagerga aylandi, tojiklarga Tolibon va al-Qoida kabi
fundamental tashkilotlar yordam bera boshladi. BTM yetakchisi To`rajonzoda
1997-yilda Tolibon haqida quyidagilarni yozgan edi:
“Tolibon Afg`onistondagi yangi siyosiy kuchdir. Biroq
men Tolibonning radikal va fundamental tashkilot ekanligiga ishonmayman.
Toliblar tomonidan ag`darib tashlangan hukumatdagilarning o`zi sovetlar bosqini
paytida Islom bayrog`i ostida kurashgan va teokratik boshqaruv tashkil qilish
maqsadida edi. Biroq ular maqsadlariga erisha olmadilar. Endi shu kuchni
ag`darib tashlagan Tolibon butun dunyo, ayniqsa, rus chinovniklarining ko`ziga
radikal va fundamentalist bo`lib ko`rinmoqda.”
“Buyuk Tojikiston” da`vosi Afg`onistondagi
qo`mondonlarning tojik mojarosiga aralashishiga sabab bo`lgan omillaridan biri
bo`ldi. Sovet bosqini davrida Afg`onistondagi ko`plab millat va etnik birliklar
“Muqaddas Urush” bayrog`i ostida ruslarga qarshi birlashishdi. Bu urush davomida
ko`plab etnoslar siyosiy jihatdan faollashib ketishdi. Biroq birlashuv uzoq
cho`zilmadi, ruslar chiqib ketishi bilan har bir jamoat o`z manfaati yo`lidan
ketdi. Afg`oniston pushtunlar, o`zbeklar, tojiklar va hazorlar o`rtasida
bo`linib ketdi. Ularning har biri o`z ta`sir doirasini kengaytirishga harakat
qilar edi. Afg`onistonda millatchilik tobora keskin tus ola boshladi.
Najibulloh hukumatini ag`darib tashlagan etnik
liderlar “Buyuk O`zbekiston” va “Buyuk Tojikiston” da`vosini ilgari sura
boshladilar. Etnik tojik Ahmad Shohga ko`ra, “Buyuk Tojikiston” Tojikiston,
Afg`onistonning shimoliy qismlari, Samarqand va Buxoroni, etnik o`zbek general
Do`stumning “Buyuk O`zbekiston”i O`zbekiston, Afg`oniston hamda Tojikiston va
Qirg`izistonning o`zbeklar yashaydigan qismlarini o`z ichiga olishi lozim edi. Ularning
bunday utopik maqsadlarini xech kim jiddiy qabul qilmagan bo`lsada, etnik
tojiklarga qaysidir ma`noda ta`sir qildi. Tojik muholifati va
fundamentalistlari bunday havoiy da`vo bilan Afg`onistondagi ko`plab etnik
tojiklardan dastak olishga muvaffaq bo`ldilar. Islomiy davlat va “Buyuk
Tojikiston” tuzish istagida bo`lganlar birlasha boshladilar.
Rossiya bunday unsurlar va ularga yordam berayotgan
Tolibonni “Troya oti”, deb atadi. Moskvaning da`vo qilishicha, AQSH va Pokiston
bunday shaxslarni Tojikiston hududiga kiritib, Rossiya hamda Xitoy
chegaralariga chiqib olishga urinardi. Natijada Rossiya va Markaziy Osiyo
davlatlari fundamentalist hamda “Buyuk Tojikiston”chilarga qarshi kurashish
uchun general Do`stumdan foydalana boshladilar.
Shuningdek, 20 yillik beqarorlik davrida qurol va
narkotik biznesini yaratgan afg`on qo`mondonlari uchun Tojikiston muhim hudud
hisoblanardi. Ular Tojikistondagi beqarorlikdan manfaatdor, mamlakat orqali o`z
“tovar”larine dunyoga tarqatish niyatida edilar. Shu sababli tojik
fundamentalistlarini qo`llab, turli jangari guruhlarni tashkil qila
boshladilar.
Biroq tashqi kuchlar bosimi ostida Rahmanov rejimi
bilan BTM o`rtasida imzolangan 1997-yil Tinchlik Sulhi hamda Afg`onistonning
o`zidagi vaziyatni keskinlashishi afg`on qo`mondonlarini Tojik Inqirozidan
chekintirdi.
Tojiklarning forsiylarga yaqinligi Eronning e`tiborini
uzoq vaqtdan beri tortib kelardi. Mustaqillikka erishish bilan yangi Tojik
hukumati Eron bilan qalin diplomatik aloqa o`rnatdi. Nabiyev hukumati
ag`darilishi bilan rasmiy Tehron o`z manfaatlariga munosib hukumat yaratish
maqsadida muholifatni qo`llay boshladi.
Biroq Eron o`z pozitsiyasini xech qachon rasman ma`lum
qilmadi, o`zini Tojik Inqiroziga aralashayotganini rasman ochiqlamadi. Bunga
sabab Tehron bilan yaqin aloqada bo`lgan Rossiya Eronning manfaatlariga mos
bo`lmagan Ko`lob klanini qo`llayotgan edi. Rossiya bilan aloqalari sovuqlashib
ketishini istamagan Eron hukumati Rahmanov rejimi va BTM o`rtasidagi
muzokaralarni tashkillashtirishda muhim rol o`ynadi. Eron siyosatidagi bunday
o`zgarish haqida “Qozog`iston Haqiqati” shunday yozadi:
“Tehron, avvaliga, Rossiya qo`llayotgan kommunistlarga
qarshi harakat qilayotgan edi, biroq 1992-yil sentyabrida Moskva Tehronni Tojik Inqiroziga aralashuvdan
keskin ogohlantirgandan so`ng Eron Tashqi Ishlar Vazirligi “Tehron Tojikiston
ichki ishlariga aralashmagan”i haqida rasmiy bayonot e`lon qildi. Bir necha
oydan so`ng shunday bayonot prezident Rafsanjoniyning shaxsan o`zi tomonidan
ham berildi.”
Avvaliga Tojikistonda forsiyparast kuchlarni hokimiyat
tepasiga kelishiga harakat qilgan Eron, keyinchalik asosiy qurol va moliyaviy
ta`minotchisi bo`lgan Rossiyaning g`azabini toshirishdan cho`chidi. Natijada
ikki davlat tashqi ishlar vazirlari Velayatiy va Primakovlar 1996-yil martida
uchrashib, ziddiyatni tinch yo`l bilan hal qilishga kelishib oldilar. Rossiya
Rahmanov hukumatini, Eron BTMni muzokara o`tkazishga ko`ndirishdi. Natijada,
Eron mojaroni tugatishda muhim rol o`ynadi.
Xulosa
Ko`plab tahlilchilarning fikricha, Tojikistonda
fuqarolar urushining boshlanishiga mahalliychilik, tojiklarning
tabiiy-geografik joylashuv tufayli asrlar davomida ajrab qolganligi asosiy
sabab vazifasini o`tagan. Aynan mahalliychilik diniy omilni ham paydo
bo`lishiga olib kelgan.
Boshqa bir tahlilchilar guruhiga ko`ra, iqtisodiy
qiyinchiliklar, kambag`allik tojiklarni bir-biriga qarshi qurol ko`tarishga
majbur qilgan. Ularning ta`kidlashicha, aynan kambag`allik diniy radikalizmni
avj olishiga sabab bo`ladi va buni dunyo yuz berayotgan voqealardan ham ko`rish
mumkin.
Yana boshqa tahlilchilar esa, tashqi omilni ham sedan chiqarmaslikni,
garchi ziddiyatga ta`sir ko`rsatgan davlatlar soni barmoq bilan sanarli
bo`lsada, aynan ular Tojik Inqirozining boshlanishi, rivojlanishi va
yakunlanishiga katta ta`sir o`tkazganini uqtirishadi.
Men esa uch omil: mahalliychilik, diniy radikalizm va tashqi
ta`sirni alohida-alohida ko`rmaslikni tavsiya qilgan bo`lar edim. Sababi
mahalliychilik va diniy radikalizm barcha Markaziy Osiyo davlatlarida mavjud
bo`lib, ularda ham fuqarolar urushi boshlanish ehtimoli yuqori edi.
Keltirilgan uch omilning bir-birisiz yolg`iz o`zi xech
qachon inqirozning boshlanishiga sabab bo`la olmas edi.
Agar mahalliychilik bo`lmaganda, barcha tojiklar
siyosiy jarayonlarda qatnasha olish imkoniga ega bo`lardilar. Bir-biriga raqib
guruhlar paydo bo`lmas edi.
Agar diniy radikalizm bo`lmaganda, tojiklar
bir-birlarini “ateist”, “kofir” yoki “vovchik”ka ajratmasidilar, xech qanday
mafkuraviy kurash yuzaga kelmas edi.
Agar tashqi davlatlar inqirozga aralashmaganda
mamlakatga aralashayotgan guruhlar qurollana olmas, harbiy va moliyaviy
jihatdan kuchaymas edilar. Urush ham 5 yilga cho`zilmas, buncha uzoq vaqtga
tojiklar bardosh bera olmas edilar.
Ko`rib turganimizdek, har uch omil bir-birini
to`ldiradi va ularni alohida sabab sifatida ko`rsata olmaymiz.
Garchi hozirda tinchlik o`rnatilgan bo`lsada, urush tufayli
izdan chiqqan iqtisodiyot, kuli ko`kka sovurilgan sanoat korxonalari o`rniga
yangilari barpo etilmagani Tojikistonni kambag`allik botqog`ida ushlab
kelmoqda. Amaldorlarning suiste`moli, korrupsiya, iqtisodiy qiyinchilik,
radikalizm va mahalliychilikka to`la barham berilmagani mamlakatda vaziyat yana
izdan chiqishi ehtimolini oshiradi. Tojikistondagi vaziyatni izdan chiqishi
butun mintaqaga jiddiy ta`sir ko`rsatadi. Shu sababli mintaqa davlatlari va
xalqlari Tojikistonga bo`lgan e`tiborini bir zum ham susaytirmasligi lozim.
salom, avvalo qiziqarli maqola uchun raxmat. Tarixni, ayniqsa yaqin tarixni bilish kerak. Lekin men Sizlardan Rossiya va Ukrainaning bugungi munosabatlari haqida so'ramoqchiman. Roshen haqidagi maqolani o'qidim. Iloji bo'lsa ushbu mavzuni davom ettirsalaringiz. Ishlaringizga omad. Oldindan rahmat.
ОтветитьУдалитьBunday ma'lumotlarni qayerdan olgansiz? Yo o'qigansz? To'liq ishonch hosil qilish uchun aytsez yaxshi bo'lardi.
ОтветитьУдалить