Biz
bugungi maqolamizda zo`ravon, ya`ni kuch ishlatiladigan ommaviy noroziliklarning
kamchiliklari – geostrategik maqsadlarga ko`ra ularni tashqi kuch tomondan
manipulyatsiya qilinishi, kuch bilan o`zi ag`dargan rejim o`rniga boshqa bir
avtoritar rejim kelishi – haqida suhbatlashamiz. Ayni bir vaqtda kuch
ishlatiladigan noroziliklarni nozo`ravon namoyishlarning afzalliklari – qon
to`kilmasligi, demokratik chegaradan chetga chiqmasligi, qudratdagi hukumatni
ag`darmasdan uni xalq talablarini bajarishga majburlashi – bilan solishtirib
chiqamiz.
30-yillik diktator Husni Muborak tinch namoyishlarga atigi ikki hafta bardosh berdi xolos
O`zining
2011-yildagi “Granito, diktatorni qanday fosh qilish mumkin? ”maqolasida
Pamela Yeit Gvatemala fuqarolar urushida partizan bo`linmalaridan biriga
boshchilik qilgan sobiq inqilobchidan intervyu keltiradi: “O`sha vaqtda tizim o`zgarishi shartligi menga oydin edi, lekin
qudratli rejim osongina yon beradigan yoki xech bo`lmaganda kichik demokratik
o`zgarishlarga ruhsat bermasligi ko`rinib turardi… Shunda men inqilobiy
harakatga qo`shilishim kerakligi va qurolli
qarshilik yagona yo`l ekanligini anglab yetdim.” Bu sobiq partizanning so`zlari
nega ko`pchilik namoyishlar qurolli tus olib ketishini ochiqlaydi. Bunday
dilemma bilan o`zi qoniqmagan rejimga qarshi bosh ko`targan deyarli har bir
namoyishchi yuz-yuzma keladi.
Nizolarni
har yerda: aloqalar, g`oyalar, munozaralarda topish mumkin. Biroq nizolar
tabiatini o`rganib, tahlil qilib ko`rsak, avvalo, bizda tajavuzkor reaksiya
paydo bo`ladi. Biz ushbu maqola orqali zo`ravon inqiloblarning qanchalik
vayronkor va yoqimsiz ekanligi, shu bilan bir vaqtda nozo`ravon harakatlar va
tinch yo`l bilan ommaviy hukumatga bo`ysunmaslikning qanchalik katta qudratga
egaligini ko`rsatib berishga urinib ko`ramiz.
URUSH QIYMATI
Jamiyatlar
duch kelgan ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy muammolar va uning ortidan
kelib chiqqan daxshatli nizolar borasida ko`p yozilgan. Biroq biz bunday
nizolar haqida gapirganimizda uning faqatgina mavjud holati haqida o`ylaymiz,
ularning kelgusidagi ehtimoliy asorati ko`pincha yodimizdan chiqib qoladi.
Suriya bunga eng yorqin misollardan biridir. Ko`pchilik Suriyada davom
etayotgan fuqarolar urushi zo`ravon inqilob mevasi ekanligiga e`tibor bermaydi.
Xalqning tartibsiz norozilik chiqishlari va namoyishlarda kuch ishlatishlar
O`rta Sharqning eng ko`hna va madaniyatan boy mamlakatlaridan birini shafqatsiz
o`lim va vayrona ichiga uloqtirib tashladi.
Ko`rinib
turibdiki, biror jamiyatni bosqichma-bosqich yemiradigan vayronkor kuch turli
sabablar tufayli yuzaga keluvchi zo`ravon harakatlar tomonidan qo`zg`atiladi.
Bundan tashqari zo`ravon inqiloblar qonun, hukumat va ijtimoiy nazorat
tizimlarini vayron etib, jinoiy unsurlarni osonlik bilan hokimiyat tepasiga
chiqib olishiga ham yo`l ochadi. Shu sababli ham biror despotik rejimga qarshi
boshlangan zo`ravon harakatlar boshqa bir shafqatsiz rejimning shakllanishi
bilan tugaydi, ya`niki inqilobdan xech qanday natija bo`lmaydi. Tartibsiz
namoyishlar faqatgina hokimiyat uchun tashna bo`lib yurgan kuchlargagina qo`l
keladi xolos. 1917-yili Rossiya zaminida yuz bergan Oktyabr inqilobi xalqqa
xech qanday yengillik olib kelmasdan, faqatgina “qizil terror”ga yo`l ochib
berganini eslashimiz kifoya. Bundan tashqari gumanitar inqirozlarning asosiy
qismi ham aynan qurolli inqiloblar paytida yuzaga keladi, ommaviy qirg`inlarni
chegarasi bo`lmay qoladi.
Zo`ravon
inqiloblar yana va yana ko`proq hududlarga tarqalishga moyil bo`ladi. Muammar
Kaddafiy hukumatiga qarshi chiqishlar ortidan boshlanib ketgan Liviyadagi fuqarolar
urushi deyarli butun mamlakatni vayron qilishidan tashqari, Liviyadan chiqib
ketgan Tuareg qabilasining Maliga qurol bilan kirib kelishi ortidan, bu
davlatda ham daxshat urug`ini sochdi. Qo`shimcha sifatida uzoq vaqt davom
etadigan nizolar yaxlit bir jamiyatni bir-biriga adovatli turli qutblarga
bo`lib yuborishini ta`kidlab o`tish mumkin (Suriya misolida).
Urush
ichidagi askarlar yoki oddiy odamlar ko`p jarohat olganlaridan yaralanishdan
qo`rqmay qolib, qonli sahnalarga ko`nikib qolishadi. Zo`ravon inqiloblar va
ularning asoratini boshdan kechirgan jamiyatlar ham shunday: ular ham inson
huquqlarini toptalishi, qotillik, ommaviy zo`rlash kabi jirkanch hodisalarga
ko`nikib, bu ular uchun odatiy holga aylanib qoladi. Joriy yilda hattoki
BMTning ham e`tiborini tortgan Youtube tarmog`i bo`ylab tarqatilgan video
yozuvda suriyalik isyonchi hukumat askarlaridan birining yuragi va jigarini
sug`urib olib, xomligicha yeyayotgani tasvirlangan. Ehtimol bu shaxs Arab
Bahorigacha qandaydir kasb egasi, jamiyat uchun kerakli inson bo`lgandir, lekin
qonli fuqarolar urushi uni qonxo`r maxluqqa aylantirib qo`ygani ko`rinib
turibdi.
QUROLLI INTERVENSIYALAR VA TASHILUVCHI
INQILOBLAR
Che
Guveradan tortib Mujohiddin harakatigacha o`tgan qurolli inqiloblarning deyarli
barchasi va ulardagi asosiy qahramonlar jamiyatning turli qatlamlarining
orasida kumirlarga – timsollarga aylantirildi. Inqilobiy rahbarlar yoki
harakatlarning bevosita-bilvosita ta`siri natijasida yuzaga kelgan
talo-to`plarning aniq soni esa bizga ma`lum emas. Biroq, achinarli tomoni
shundaki, bunday harakatlarning juda oz qismi o`zi qarshi chiqqan eski rejimni
ag`darib tashlab, uning o`rnida haqiqiy demokratiya qurishga muvaffaq bo`la
oldi, xolos.
Qurolli inqiloblarning qolgan qismi esa butun boshli mamlakatlar,
xattoki, regionlarni vayronaga olib kirishdan boshqa narsaga yaramadi. Ozodlik
va demokratiyaga erishishdan yiroq ekan, zo`ravon inqiloblarning faqat birgina
ijobiy natijasini ko`rishimiz mumkin: qurolli inqiloblar hokimiyatga mahkam
o`rnashib olgan qattol, despotik rejimlarni osonlik bilan uloqtirib tashlab,
yangi bir qudrat uchun hukumat eshigini osonlik bilan ochib beradi. Zero,
diktatorlarni tinch namoyish bilan ag`darib tashlash mushkul masala.
Insoniyat
tarixidagi deyarli barcha qurolli inqiloblarning asosida jamiyatning bir yoki
bir necha qatlami turadi xolos. Jamiyatning aynan ma`lum bir sinflari
inqiloblarga uzoq vaqt tayyorgarlik ko`rishadi, boshlashadi va yakuniga
yetkazishadi. Xech bir inqilob jamiyatning butun qatlamlarini qamrab ololmaydi
yoki ma`lum sinflar inqiloblarda ishtirok etishni istashmaydi. Inqiloblarda
asosan ikki qatlamni faolligini kuzatish mumkin: jamiyatning eng quyi qatlami
va jamiyatning elita qismi. Bu ikki qatlam inqiloblarning asosiy yuragidir.
Zo`ravon inqiloblarda qo`liga qurol olganlarning katta qismini quyi qatlam
vakillari tashkil etadi. Sababi ular inqilobgacha og`ir sharoitlarda yashashga
ko`nikib qolishgan va o`zlarining ayanchli hayotlariga sababchi sifatida
amaldagi hukumatni ayblashib, farovon hayotga faqatgina uni ag`darib tashlash
orqaligina erishish mumkin, deb hisoblashadi. Ularning jonlaridan boshqa
yo`qotadigan narsalari yo`q bo`lib, qo`lga qurol olib, jangga kirishdan
cho`chimaydilar. Elita qismi, ya`ni muholifatchilar, aholining ziyoli qismi
inqiloblarda tashkilotchi va boshqaruvchi rolini bajaradilar. O`z navbatida
elita ham ikki guruhga bo`linadi: inqilob orqali yaxshi bir tuzum tashkil
qilib, mamlakatini shu orqali rivojlanishga yetaklamoqchi bo`lganlar va
boshqalarning kuchi yordamida shunchaki hokimiyatni egallab olishni
istaydiganlar. Elita vakillari deyarli qurol ko`tarib, jangga kirmaydilar, ular
quyi qatlamni ortlaridan ergashtiradilar va boshqaradilar.
Jamiyatning
o`ziga to`q va o`rta qatlami inqilobiy harakatlarga deyarli reaksiya
bildirishmaydi. Ular vaziyat o`nglanguncha uyda o`tirishni yoki mamlakatni
vaqtincha tark etishni ma`qul ko`radilar. Buning asosiy sababi ular
inqilobgacha hayotda unchalik qiyinchiliklarga duch kelishmaydi va normal
yashash sharoitlariga ega bo`lgan bo`lishadi. O`rta qatlam uchun ko`pincha
hukumat tepasiga kim kelishi ahamiyatsiz bo`ladi. Xuddi shuning uchun
to`palonlar bo`layotgan mamlakatlarni tashlab chiqayotganlarning asosiy qismini
o`rta qatlam vakillari tashkil etadi.
Tarix
qurolli inqiloblarda qatnashayotganlarning yaxlit bir kuch bo`lib harakat
qilganiga xech qachon guvoh bo`lmagan. Har bir inqilob davomida g`oyaviy
jihatdan birlshgan shaxslarning ma`lum guruhlari shakllanadi. Bunday guruhlarda
plyuralizm xech qachon bo`lmasdan, a`zolarning hammasi bir xil fikrlashi
kuzatiladi.
Odamlar asosan cheklangan ijtimoiy xarakterlarga ko`ra birlashishga
harakat qilashadi, masalan, etnik, milliy, diniy yoki madaniy yaqinlik. Bu
tendensiya qurolli inqiloblarning eng daxshatli tomonidir. Sababi bunday
guruhlar ilgari bir butun bo`lgan jamiyatni parchalab tashlaydi, qurolli
harakatlarning tajovuzkor davrida guruh a`zolari vahshiylashib, boshqa bir
guruhga toqatsiz bo`lib qoladi. Eng yomoni, bu hol inqilob olovi so`ngandan
so`ng ham davom etadi. Boshqa bir tomoni, har bir guruh rahbariyatining o`z oldiga
qo`ygan maqsadi bo`ladi. Ularning yagona maqsadi esa mavjud rejimni ag`darib
tashlash bo`lib, hukumat ketgandan so`ng guruhlarning o`rtasida hokimiyat
talashish ortidan yangi bir qurolli vaziyat kelib chiqishi mumkin. Ayni holni
hozirgi Suriyada kuzatishimiz mumkin. Al-Assadning hokimiyatdan ketishi Suriya
Inqirozi tugaganligini anglatmaydi, balki boshqa bir qarama-qarshilik yuzaga
keladi xolos.
Qurolli
inqiloblarning yana bir fojeali tomoni – xorijiy ta`sirdir. Hukumatga qarshi
harakat qilayotgan guruhlarning aksariyati kuch va o`zining keyingi faoliyatida
legitimlik yaratish uchun xorijiy ko`makka ehtiyoj sezadi. Xorijiy
dastaklovchilarning har birida esa o`zining maqsadi, manfaati, g`oyasi bo`ladi.
Ular o`z manfaatini amalga oshira oladigan u yoki bu guruhga yordam bera
boshlaydilar. Xuddi shu tendensiya tufayli qurolli inqiloblar bo`layotgan
mamlakat tashqi kuchlarning manfaati to`qnashgan hududga aylanib qoladi. Bu esa
vaziyatni yanada chuqurlashib ketishiga olib kelishdan boshqa narsaga yaramaydi.
Ushbu holni har bir inqilobda kuzatishimiz mumkin.
Oksford
universitetidan iqtisodchi Pol Kollier dunyodagi inqilobiy-qurolli guruhlarning
tashqi homiylar tomonidan qo`llanishi ustidan tahlillar o`tkazib keladi. U
tekshirgan guruhlardan biri – Tamil Elamning Ozodlik Yo`lbarslari
1983-2009-yillarda Shri-Lanka hukumatiga qarshi kurashib, yiliga o`rtacha 350
mln $ miqdorida tashqi yordam olib kelgan. Ko`mak miqdori ko`paygan vaqtda
guruh jangchilari soni 15,000 yetgan. Qiyoslash uchun Buyuk Britaniyaning eng
qadimiy va mustahkam partiyasi Konservativ Partiyaning 2005-yildagi umumiy
xarajati atigi 50 mln $ni tashkil etgan xolos. Ko`rib turganingizdek, inqilobiy
guruhlar va harakatlar tashqi kuchlarni o`ziga osonlik bilan jalb qiladi.
E`tibor berish
lozim, zo`ravon inqiloblarga mahalliy kuchlardan oldin turli geosiyosiy
manfaatlarga ega bo`lgan tashqi kuchlar birinchi bo`lib munosabat bildirishadi.
Biroq bu munosabat “bir lahzali” bo`ladi. Misol uchun, Liviyada G`arb
davlatlari hali mahalliy kuchlar shakllanib ulgurmasdan oldin tinch aholini “ommaviy
qirg`in”dan saqlash uchun zudlik bilan harbiy intervensiya harakatiga tushib
qolishdi. Kaddafi ag`darilgandan so`ng tinch aholiga nisbatan turli mahalliy
qurolli guruhlar tomonidan haqiqiy qirg`in boshlandi. Biroq G`arb bunga deyarli
munosabat bildirmadi.
Amnesty
Internationalning hisobotlariga ko`ra, Kaddafiy ag`darilgandan bir oy o`tib,
uning tarafdorlarining so`nggi boshpanasi – Bani Valid isyonchilar tomonidan
egallanadi, yuzlab odamlar qiynoqqa tutiladi, zo`rlanadi va qatl etiladi. Ammo yarim
yil oldin tinch aholini himoya qilib chiqqan G`arb sukut saqlaydi. Bunday xunrezliklar
Liviyada hanuz davom etmoqda. Afsuski, ijrochilarning birortasi javobgarlikka
tortilmagan.
G`arb
davlatlari o`zlarining Shimoliy Afrikadagi pozitsiyalarini o`nglab olish uchun
Liviya Inqirozidan foydalanishdi. Vazifa bajarildi va Liviya o`z holiga tashlab
qo`yildi. Bu har bir inqilobda kuzatiladigan holat.
Qurolli qo`zg`olonlar
yoki intervensiyalar oddiy prinsiplarga asoslanadi: Natijali o`zgarishlarni
faqatgina o`ziga ishongan va tavakkalchilargina amalga oshira olishi mumkin. Albatta,
har bir inqilob tavakkalga asoslanadi, aslida.
Keeling,
endi shu o`rinda nozo`ravon inqiloblarning o`ziga xos xususiyatlarini ko`rib
chiqamiz:
To`siqlar deyarli mavjud emas. Tinch namoyishlarda ommaviy
yurishlar ko`lami o`ta darajada katta bo`lishi mumkin. Bunday inqiloblar jamiyatning deyarli barcha
qatlamini qamrab ololadi. Masalan, iyun oyida bo`lib o`tgan Turkiyadagi
namoyishlar.
Xavfsizlik kuchlarining falajlanishi. Qurolli qo`zg`olonlarning eng
muhim tomoni – unda kuchlarning qutblashishidir. Bundan tashqari inqiloblarning
qurolli tus olishiga xavfsizlik va kuchishlatar tizimlarning aralashuvi sabab
bo`ladi.
Bundan farqli
o`laroq, nozo`ravon harakatlarda bunday kuchlar falajlanib qoladi. Chunki deyarli
har bir davlat kuchishlatar tizim xodimlari jamiyatning o`rta va quyi
tabaqalaridan chiqqan bo`ladi. Ular, odatda bunday holatda na hukumatga
bo`ysunishadi, na namoyishchilarni astoydil qo`llab-quvvatlashadi. Chunki ular
tinch yo`l bilan o`z xaqini talab qilayotganlar ichida oila a`zolari,
do`stlari, yaqinlari borligini yaxshi bilishadi. Biz xuddi shu holatni Tahrir
maydonida kuzatgan edik. Unda Muborak tomonidan namoyishni bostirish uchun
jo`natilgan kuchlar namoyishchilar bilan aralashib, buyruqlarga bo`ysunmay
qo`ydilar. Shuningdek, joriy yilning iyun oyida Turkiyada ham buning guvohi
bo`ldik. Ko`plab politsiya xodimlari namoyishchilarga sharoit yaratib berdilar.
Umumiylashuv. Biror avtoritar rejim muholifat
bilan yuzlashib qolsa, qiladigan birinchi ishi uning a`zolarini deligimitatsiya
qilish, ya`ni jinoyatchi, poraxo`r yoki terroristga “aylantirish” bo`ladi. Shu sababli
diktatura hukmron mamlakatlarda plyuralistik muholifat shakllanishi mushkul
masala. Rejimni ag`darib tashlashga qasd qilgan guruhlar esa jamiyatning faqat
ma`lum qatlamlaridan tashkil topadi. Masalan, diniy e`tiqodi, etnik birligi
yoki tarixiy bog`liqligiga qarab. Shu sababli yuqorida ta`kidlaganimizdek,
qurolli isyonlarda guruhlashish kuchayadi, jamiyat parchalanib, bir-biriga
dushman kuchlarga aylanib qoladi.
Nozo`ravon
harakatlarda namoyishchilarni qandaydir alohidalik yoki aloqadorlik emas, balki
umumiy masalalar – ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy muammolar bog`lab turadi. Shu
sababli, aytib o`tganimizdek, bunday harakatlarda jamiyatning deyarli barcha
qatlami qatnasha olishi mumkin. Natijada jamiyat bo`linib ketmaydi, xalq umumiy
bir maqsad uchun olg`a qadam bosadi.
Kollektiv hotira. Ijobiy natija bilan tugagan
nozo`ravon inqiloblardan so`ng mamlakatda odatda parokandalik yuz bermaydi yoki
uzoq davom etmaydi. Sababi inqilob qandaydir ijtimoiy qatlam, diniy yoki etnik
jamoat tomonidan emas, balki umumxalq tomonidan amalga oshiriladi. Jamiyatning barcha
qatlamlari talab-ehtiyojlari deyarli qondiriladi. Shu sababli natijalardan
norozi guruhlar deyarli paydo bo`lmaydi.
Misr bunga
misol bo`la oladi. Muborakni tinch yo`l bilan ag`dargan xalqning deyarli har
bir qatlami natijadan qoniqish hosil qildi va o`z prezidentini sayladi. Iyul oyidagi
harbiy to`ntarish va hozirgi harbiylar bilan Musulmon Birodarlari o`rtasidagi
ziddiyat alohida tarixiy masala.
Tartibsiz qudrat. Ma`lumki, qurolli isyonlarning
har birida ko`plab guruhlar tashkil etiladi va ular ierarxik boshqaruv shaklida
bo`ladi. Ularni yo`lboshchilar qattiq nazorat etishadi, guruh ichida kuchli
tartib o`rnatiladi, ya`ni avtoritar rejimga qarshi kurashayotgan kuchlarning
o`zi kichik avtoritar rejim tashkil etishadi. Shu sababli ko`p hollarda qurolli
isyonlar bir diktator o`rniga boshqasi kelishi bilan yakunlanadi.
Nozo`ravon
inqiloblar, asosan, tartibsiz, yo`lboshchisiz kechadi. Unda har bir
qatnashuvchi boshqa biriga qaramlik, tobelikni xis qilmaydi, hamma teng
bo`ladi. Har ishtirokchi o`z istagi bilan harakatda qatnashadi, biror bosimni
sezmaydi. Bunday erkin isyonchilardan tashkil topgan xalq armiyasini yengish
ancha mushkul masala. Ma`lum boshqaruvchi kuchlar mavjud emasligi tufayli ham
tashqi kuchlar bunday isyonlarga aralashishdan o`zlarini tiyishadi. Qurolsiz inqiloblarda
xorijiy intervensiya ehtimoli nolga teng bo`ladi. Tashqi ta`sir ham, asosan,
xalqaro tashkilotlar aralashuvi yoki rejimga qarshi xalqaro sanksiyalardan
iborat bo`ladi.
Nozo`ravon
inqiloblar avtoritar rejimlar uchun eng xavfli narsadir. Ular ierarxik
boshqaruvsiz, yo`lboshchisiz va harakatlari oldindan tahmin qila olinmaydigan
bo`ladi. Shu sababli rejim osongina boshi berk ko`chaga kirib, uzoq vaqtgacha
reaksiya bildira olmaydi.
Muvaffaqiyatli
kechgan qurolsiz isyonlarni insoniyat ko`p marta guvohi bo`ldi. Bular 1986-yil
Filippin, 1988-yildagi Chili va Polsha, 1989-yildagi Chexoslavakiya va Sharqiy
Germaniya, 1994-yildagi Janubiy Afrika,
2000-yildagi Serbiya, 2003-yildagi Gruziya va 2004-yildagi Ukraina
inqiloblaridir. Bu inqiloblarning barchasida avtoritar rejimlar deyarli qon
to`kilmasdan ag`darib tashlandi, mamlakatlarning o`zi uzoq yillik qurolli inqirozga
kirib qolmadi yoki hokimiyat uchun kurashuvchi qurolli guruhlar paydo bo`lmadi.
Eron (1977-1979)
va Birmada (1988-1990)gi nozo`ravon harakatlarda esa namoyishchilarning
qat`iyati yetishmadi. Ularda yo`lboshchilar va ierarxik tizim alomatlari paydo
bo`ldi. Shu sababli bu isyonlar ko`zlagan maqsadiga erisha olmadi. Zero ierarxiya
va yo`lboshchilar qurolsiz inqiloblardagi “Axilles Tovoni” hisoblanadi.
Xulosa qilganda,
ozodlik uchun individual va kollektiv kurash individ yoki jamiyatning shaxsiy
manfaatlari asosiga quriladi, tartibsiz kuchga aylanadi va xech kim bu kuchni
boshqara olmaydi.
Комментариев нет:
Отправить комментарий