11.10.2013

XAROBA SHAHARLAR GEOPOLITIKASI

Insoniyat tarixining so'nggi 100 yili misli ko'rilmagan o'zgarishlarga boy bo'ldi: yirik urushlar, ilm-fanning rivojlanishi, iqtisodning o'sishi va globallashishi, ijtimoiy hayotning yahshilanishi va siyosiy tizimlarni murakkablashishi shular jumlasidandir. Ayniqsa XX-asrning so'ngi yillari va XXI-asr insoniyat uchun yangi davrga qadam qo'yish bo'ldi, desak xato bo'lmaydi. Kundalik hayotni yaxshilanishi, tibbiyot, ta'lim tizimi va texnologik yutuqlar tarixda kuzatilmagan rivojlanish cho'qqisiga yetdi. Lekin bunga paradoksal ravishda dunyo aholisi orasida ijtimoiy muammolar ham kuchaya bordi. Bu ijtimoiy muammolarning ildizi Karl Marks ta'kidlaganidek iqtisodga borib taqaldi. Har bir mamlakat yoki umumiy region o'z iqtisodini rivojlanish darajasiga ko'ra turli xil muammolarga duch keldi. Rivojlangan davlatlarda o'rtacha hayotni uzayishi va tug'ilish sonini kamayish bilan aholining "qarishi" kuzatilgan bo'lsa, rivojlanayotgan mamlakatlarda tug'ilishning haddan tashqari yuqoriligi va aholi umrining o'rtacha uzunligini oshishi bilan "ortiqcha" aholi massalari paydo bo'la boshladi. Lekin bu ikki iqtisodiy qutbga birday tegishli bo'lgan ijtimoiy muammo yuzaga keldi, bu aholini iqtisodiy-ijtimoiy tengsizligidir. Bu hodisa ham rivojlangan ham rivojlanayotgan mamlakatlarga tegishli bo'lib, faqat rivojlangan mamlakatlarda davlat kam ta'minlangan aholiga yordamga kelish imkoniyatiga ega edi, uni ustiga iqtisodiy jihatdan o'ziga to'q sinflarga katta miqdorda soliqlar ta'sis etilgandir. Rivojlanayotgan mamlkatlarda esa ahvol boshqacharoq. Asosan bunday mamlakatlardagi asosiy kapital ma'lum tor doiradagi sinfga tegishli bo'lib, uni o'zga sinflar bilan baham ko'rilishini davlat doim ham ta'minlay olmaydi. Buning ustiga tarixiy jihatdan infrastrukturalarni kamligi, aholini ro'yhatga olish kech amalga oshirilganligi va adminstrativ institutlarining kuchsizligi aholini o'zboshimchalik bilan harakatlanishiga, faoliyat yuritishiga va joylashishiga sabab bo'lgan. Aynan shunday joylashishlar bugungi kunda dunyoning  rivojlanayotgan mamlakatlarida katta muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bunday joylashishlar Xaroba shaharlar deb atalib ular dunyoning asosan rivojlanayotgan mamlakatlarining yirik shaxarlari atroflarida joylashgandir.
Bugungi mavzuimiz ana shu muammoga bag'ishlanadi.


Jakartadagi Silivug daryosi bo'ylab joylashgan Xaroba shahar manzarasi


Xaroba shaharlarga qisqacha tarif va ular haqida ilk ma'lumotlarni bersak. Xaroba shaharlar asosan BMTning aholi yashaydigan hududlar uchun dasturi tomonidan ro'yhatga olinib boriladi. Asosan tashlandiq, qoldiq buyum va qurilish materiallaridan, aholini o'ta kambag'al bo'lgan sinfi tomonidan o'zboshimchalik bilan qurilgan bunday shaharlar hech qanday davlat rejalariga asoslanmagan.

Xaroba shaxarlarni ro'yhatga olishda quyidagi xususiyatlar e'tiborga olinadi:

1. Umumiy xizmat ko'rsatishni mavjud emasligi - kanalizatsiya, suv ta'minoti, elektr toki va axlatlarni tartibga solish tizimlarini umuman yo'qligi;
2. Binolarning yashash talablariga javob bermasligi - ham havfsizlik, ham gigiena jihatidan, hamda bino qurilishining davlat tomonidan ruxsatga ega emasligi;
3. Aholining haddan tashqari ko'pligi va zichligi. Bitta honadonda ko'plab oilalarni yashashi, ko'pchilik kishilarning bir xonada yashashi yoki ishlashi;
4. Gigiena qoidalariga rioya qilmaslik tufayli kasalliklarning ko'payishi. Uylarning ba'zi noqulay hududlarga qurilishi oqibatida turli hil bakteriyalarni rivojlanishiga muhit yaratib beradigan ko'lmaklarning paydo bo'lishi, yer ko'chishi va hakozo;
5. Binolarning "egasizligi", ko'pincha bir uyda yashovchi kishilar u uyning egasi yoki ijarachisi ekanliklari haqidagi hujjatlarga ega emas. Hatto ko'pchilik shaxsni tasdiqlovchi hujjatga ham ega emas. Bunday shaharlarda tug'iladigan bolalar ham hech qaysi davlat idorasi tomondan ro'yhatdan o'tkazilmaydi;
6. O'ta kambag'allik. Xaroba shaharlarning paydo bo'lish sababi kambag'allik bo'lsa, undan keladigan natija ham o'ta kambag'allikdir. Bunday shaharlarda yashaydigan aholi ijtimoiy jihatdan mavjud jamiyatlardan ajralib qoladilar. Kambag'allik esa ularni tobora o'z domiga torta boradi. Xaroba shaxarlarda yashaydigan odamlarning bu shaxarlardan odatiy shaxarlarga chiqishi juda qiyinchilik bilan yuz beradi.
7. Hududning kichkinaligi, xaroba shaxarlar aholisi o'ta zich holda joylashgandir. Bunga sabab iloji boricha katta shaxar markazlaridan uzoqlashmasdan yashash, uylarni qurilishiga ketadigan buyumlarni iqtisod qilish orqali kichkina xaroba uylarni qurilishidir.

Xaroba shaharlar zamonaviy hodisadir. Albatta O'rta asrlarda mavjud shaharlarni hozirgi Xaroba shaharlarga tenglashtirishimiz mumkin, lekin u davr uchun bunday shaharlar odatiy hol edi. Zamonaviy davrda esa Xaroba shaharning zamonaviy hayot tarzi bilan nomutanosibligi tufayli, ularni alohida o'rganishga ehtiyoj tug'diradi.

Dunyo iqtisodidagi o'zgarish bu hodisaning asosiy sababidir. Qishloq ho'jaligini intensivlashishi bilan bu sohaga talab qilinadigan ishchilar soni keskin qisqardi, ayni paytda Sanoatning rivojlanishi bu tarmoqqa arzon ishchi kuchlarga talabni oshirdi. Sanoat markazlarining shaharlarda joylashishi esa ishchilarni o'z imkoniyatlarni cheklanganligiga qaramasadan shaharlarga kelib o'rnashishlariga sabab bo'ldi. Bir vaqtning o'zida gigiena va tibbiyotning rivojlanishi bilan bo'lalar o'limi keskin darajada kamaydi, dunyo aholisi esa tobora o'sishda davom etdi. Bu o'sish o'z navbatida urbanizatsiya darajasini oshishi bilan davom etdi. Ayniqsa XX-asrda urbanizatsiya darajasi misli ko'rilmagan darajada kuchayib ketdi:
Dunyodagi urbanizatsiya darajasining o'sib borishi.
  • 1800, 3 %
  • 1900, 15 %
  • 1950, 30 %
  • 2000, 50 %
Hozirda dunyo aholisining yarmidan ko'pi shaharlarda yashaydi, shaharlar esa quruqlikning atigi 1% hududini egallaydi. Agar o'sish shu holatda davom etsa 2025-yillarga borib dunyo aholisining 65%i shaharlarda yashashi, ko'pchilik mamlakatlarda esa bu ko'rsatkich 80%ga yetishi bashorat qilinmoqda. Albatta shaxarlardagi aholi sonini o'sishi ulardagi boshqaruvni qiyinlashtiradi. Xaroba shaharlar ham shaharlardagi aholi sonining ortishi bilan tobora ko'payib bormoqda. Hozirda rivojlanayotgan mamlakatlardagi shaharlar aholisining 40%ga yaqini Xaroba shaharlarda yashaydi. BMT ma'lumotlarga ko'ra ularning shaxar aholisiga nisbatan 1990-2005 yillar orasida 47% dan 37% gacha kamaygan, lekin bu mamlakatlardagi aholi sonining o'sishi bilan bog'liq bo'lib, xaroba shaharlardagi aholi soni hozirda 1990-yillarga qaraganda deyarli ikki barobarga ko'paygan. 2008-yilda bunday shaharlarda yashovchi dunyo aholisi 1-milliard kishini tashkil qilgan edi, bu ko'rsatkich 2030-yillarga borib 2-milliard kishini tashkil qilishi bashorat qilinmoqda.
 


Xaroba shaharlar mamlakatga ko'ra turlicha nomlanishga egadir. Masalan Turkiyada ularni gecekondu, Braziliyada favela, Angolada Mussekues, Hindistonda Juji yoki Busti, Pokistonda Kachi abadi, Argentinada Villas miseria, Markaziy Amerika mamlakatlarida Barrio, Janubiy Afrikada Imijondolo Township, Venesuelada Ranchos, Fransuz tilida so'zlashuvchi mamlakatlarda bidonville, ingliz tilida esa Slums, Rossiyada Trushob va hakozo.

Dastlabki rasmiy Xaroba shaharlar XIX-asr ohiri XX-asrning boshlarida birinchi marta AQShda kuzatilgan. AQShga yoprilib kelayotgan immigrantlar o'sha davrning eng katta shahri bo'lmish Nyu-York atrofida to'plana boshlangan, bu Xaroba shahar Besh chorraha (Five Points) deb atalgan. Bu shaharga bag'ishlangan filmni oramizda ko'pchilik tomosha qilgan bo'lsa kerak. Lekin AQShdagi 1933-yilda boshlangagn turg'inlik krizisidan so'ng amalga oshirilgan iqtisodiy-ijtimoiy reformalar bunday shaharlarni yoyilib ketishiga chek qo'ydi.

Yevropada Sanoat Inqilobi tufayli Buyuk Britaniya, Fransiya va boshqa sanoatlashgan mamlakatlarda yirik shaharlar atrofida "ishchilar shaharchalari" vujudga kela boshladi. Lekin 1- va 2-jahon urushlari tufayli bu shaharlar yakson bo'ldi, aholisini ko'pchiligi esa urushlarda halok bo'ldi. 2-jahon urushidan keyin aholini o'sishi juda sekinlik bilan amalga oshdi, lekin 1950-yillardan boshlab Yevropaga immigrantlarning oqib kelishi natijasida yangidan Xaroba shaharlar paydo bo'la boshladi. Lekin 1960-yillardan boshlab deyarli barcha g'arbiy Yevropa mamlakatlari aholini uy-joy bilan ta'minlash uchun bir nechta ijtimoiy dasturlarni yo'lga qo'ydilar. Yoppasiga uy-joy qurilishi yo'lga qo'yildi, Xaroba shaharlariga chek qo'yildi, lekin infrastrukturalarning to'liq qilinmaganligi bunday "Yotoqhona shaharlar"da boshqa ijtimoiy muammolarni keltirib chiqardi. Albatta bu haqda alohida mavzularimizda to'htalib o'tamiz.

Hozirgi kunda g'arb mamlakatlarida Xaroba shaharlar deyarli avjud emas, asosan yirik shaharlarning atrofflarida yangi ko'chib kelgan aholini noqonuniy joylashishi bu narsani rivojlantirmoqda, lekin turar joylar davlat rejalari asosida qurilgan, faqat ichki tomondan talabga javob bermasligi mumkin. Buni esa tashqaridan turib aniqlash juda qiyin.Lekin "ko'chib yuruvchi shaharlar" ularni o'rnini egalladi. Asosan ko'chmanchi xalqlar bo'lmish tsigan/lo'li larga tegishli bo'lgan mashina-uycha karavonlar hozirda Yevropaning ko'p hududlarida muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Sobiq Sovet ittifoqi va uning ta'sirida bo'lgan mamlakatlarida ahvol yanada o'zgacha tus olgan. Sharqiy Yevropa mamlakatlarining Yevropa Ittifoqiga qo'shilishi ularning rivojlanishini bir maromda ushlab turishga erishdi, shu jimladan ijtimoiy hayotni ham. Lekin Xaroba shaharlar keyingi yillarda asta sekinlik bilan ko'zga ko'rina boshlagan. Bir narsani eslatib o'tish muhim, sobiq sotsialistik mamlakatlar va Sovet Ittifoqida kadastr tizimiga juda katta e'tibor berilganligi va aholini uy-joy bilan ta'minlash deyarli 100%ga teng bo'lganligi tufayli, rivojlanayotgan janub mamlakatlaridan farqli o'laroq bu mamlakatlarda Xaroba shaharlarning tarihiy ildizlari mavjud emas. Faqat sotsialistik iqtisodiy tizimning inqirozi bilan o'sha davrda qurilgan ko'pchilik uy-joy tizimlari hukumatlar tomonidan qoldirildi va ularda yashovchi aholi o'z imkoniyati yetganicha ularni ta'mirlab turdi yoki o'zi hohlagancha ularni o'ziga moslashtirib bordi. Nima bo'lganda ham bu mamlakatlardagi Xaroba shaharlarning rejalari davlat tomonidan ro'yhatga olingan, faqat uylar juda eskirgan holatdadir. Quyidagi rasmlar va blog orqali bunga o'zingiz ishonch komil qilishingiz mumkin.

Janubiy rivojlanayotgan mamlakatlarda Xaroba shaharlar tarihiy haqiqat bo'lib, hatto ko'pchilik shaharlarning tashkil topishi ham Xaroba shaharlar qurilishi bilan boshlangan va butun tarih davomida bu shaharlar aholi tominidan odatiy hol sifatida qabul qilingan, bunday shaharlar yirik shaharlarning bir qismi sifatida ko'rilib kelingan Masalan 1960-yillarda Rio-de-Janeyro shahrining 33% aholisi Xaroba shaharlarda yahshagan, Mexiko va Anaqaraning 45% aholisi, Aljirning 65%i, Karakasning 35%i, Lima va Santiyagoning 15%i yoki Singapurning 15% aholisi bunday shaharlarga to'g'ri kelgan. Hozirgi kunda bu mamlakatlarning ko'pchiligi 60-yillarga qaraganda ancha o'zini o'nglab oldi va endilikda bunday tartibsizlikka chek qo'yishga urinmoqda. Lekin bu ishni amalga oshirishda davlatlar o'ta katta to'siqlarga duch kelmoqadalar. Chunki bunday shaharlarda kambag'allik tufayli ta'lim tizimi, tibbiy xizmat, administrativ nazorat va soliq tizimi umuman mavjud emas. Aholining ko'pchiligi hech qanday hujjatga ega emas. Bunday hududlar ko'pchilik mafiya to'dalari uchun ajoyib faoliyat hududlariga aylantirilgan. Aholi kambag'alligidan foydalangan holda jinoiy to'daboshilar bu hududlarga giyohvandlik biznesini kiritganlar. Ko'pchilik aholi giyohvandlik moddalarini saqlash va ma'lum manzillarga elitib berish orqali kun ko'radilar. Undan tashqari bu hududlar professional o'g'rilar va kissavurlar yetkazib berishda juda katta rol o'ynaydi. Bunday bizneslarning yana biri bu Fohishalik bo'lib, fohishalar bahosining o'ta arzonligi bu hududlarga so'ngi yillarda hatto ko'pchilik chet elliklarni ham o'ziga jalb etmoqda. Oqibatda Xaroba shaharlar OITS va boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi juda tez yuz beradi. Ayniqsa Afrikadagi Xaroba shaharlarning ko'pchiligida aholi orasida OITS kasalligi bilan kasallanish 50%dan oshadi, bu holat Hindiston, Bangladesh va Braziliyada ham so'ngi yillarda jiddiy tus oldi.

Bunday  omillar esa davlatlarni Xaroba shaharlarni yo'q qilishga bo'lgan ishtiyoqini susaytiradi, chunki bu huddi ari iniga cho'p tiqqanday havfli oqibatlarni olib kelishi mumkin. Agar Xaroba shahardagi kishilar o'rta sinf bilan bir darajadagi ijtimoiy qatlamga qo'shilib ketsa aholi orasida giyohvandlik, fohishalik va jinoyatchilik rekord darajaga yetishi mumkin. Shu sababdan so'gi yillarda mutahassislar qanday qilib muammoni "tarqatib" yubormasdan asta sekinlik bilan yechish borasida bosh qotirmoqdalar. Xaroba shaharlar aholisi esa tobora ko'payib bormoqda.

Ho'sh bu muammoni qanday yechish mumkin degan savollar tug'iladi. Lekin bunday savollarni berishdan oldin aslida Xaroba shaharlar rivojlanayotgan mamlakatlar uchun haqiqatdan muammomi degan savolni bersak to'g'riroq bo'lar edi. Chunki Xalqaro Hamjamiyatning bosimlariga va ajratilgan moliyaviy yordamlariga qaramasdan rivojlanayotgan mamlakatlar bu muammoga e'tiborsizligini bildirib kelmoqda. Ho'sh nima uchun? Dastavval iqtisodiy sabablar. Hammamizga ma'lumki Hindiston, Xitoy, Braziliya, Meksika va Janubiy Afrika kabi mamlakatlar hozirda dunyodagi eng tez rivojlanayotgan davlatlar sirasiga kiradi. Bu rivojlanish albatta o'z o'zidan emas, uning birinchi omili arzon ishchi kuchidir. G'arb mamlakatlaridagi ijtimoiy tizimning o'ta og'irligi, aholi orasidagi ishchi kuchini qimmatlashishiga olib keldi, qulaylik mavjud lekin unga to'laydigan pul ham shunga yarasha, uni to'lash uchun esa katta maoshlar zarurdir. Shu sababdan ham G'arb mamlakatlari sanoati va ishlab chiqarishi rivojlanayotgan-tayanch mamlakaylar hududiga "ko'chirildi". Bunga birdan bir sabab ishchi kuchini arzonligidir. Xaroba shaharlarda yashovchi aholining katta ko'pchilik qismi aynan shu mamlakatlardagi eng arzon ishlarni bajaruvchi kishilardir, bu kunlik mardikordan tortib, avtobus haydovchisi yoki tungi darbonlargacha. Ayni paytda Xaroba shaharlardagi aholi davlatga hech qanday og'irliklar tug'dirmaydi, to'g'ri ular soliq to'lamaydilar, jinoyatchilikni kuchaytiradilar, ekologik sharoitni yomonlashtiradilar, lekin asosiysi davlat uchun ular huddi mavjud emasday. Na ta'lim tizimi, na tibbiyot va na boshqa sohalarda davlat ularga yordamga kelmaydi.Buning ustiga aynan jamiyatda shu o'ta kambag'al sinfning mavjudligi bu mamlakatdagi ishlab chiqarish bahosini eng arzon narhlarda ushlab turishga yordam beradi. Lekin savol tug'iladi, davlat bunday holatni qachongacha ushlab tura oladi? Bir kun kelib bunday shaharlardagi kambag'al aholi shu davlatga qarshi qo'zg'olon ko'tarmasligiga nima kafolat beradi? Misrda bo'lib o'tayotgan so'ngi voqealar aynan Kohira va boshqa yirik shahardagi aholi sonining haddan tashqari ko'pligi va kambag'alligining oqibati emasmi?

Ikkinchi sabab moliyaviy sabablar. Yuqorida bir necha bor ta'kidlaganimizdek Xaroba shaharlar asosan rivojlanayotgan mamlakatlarga to'g'ri keladi. Bunday mamlakatlar esa ko'p holda korrupsiyaga botgan va o'zini o'zi arang rivojlanishini ta'minlovchi davlatlardir. Garchi Xitoy yoki Hindiston kabi mamlakatlar rivojlanishda davom etayotgan bo'lsada bu mamlakatlarda aholini soni ko'pligidan, hayot sharoitini yahshilash o'ta qimmatga tushishi va davlatning iqtisodiy dinamikasini yo'qolishiga sabab bo'lishi mumkin. Undan tashqari Xaroba shaharlarni bunday holatdan qutqarishga ajratilgan harajatlarning 95%i korrupsiya oqibatida  ko'zlangan joygacha yetib bormaydi.

Yana muhim sabablardan yirik shaharlarning yuqori iqtisodiy dinamikasini ushlab turish uchun kichik hududlarga aholini zich holatda joylashtirish. Bu yuqoridagi birinchi sabab uchun zarur bo'lib, arzon ishchi kuchini qimmat shaharda joylashish imkonini tug'diradi. Masalan dunyodagi eng katta Xaroba shaharlarni o'z ichiga olgan Hindistonning Bombey shahri aholisini 62%i Xaroba shaharlarda yashaydi, lekin Xaroba shaharlarning shaharning umumiy maydoniga nisbati atigi 6%ni tashkil qiladi. Bombeydagi Dharava Xaroba shahri o'z ichiga 1 millionga yaqin kishini oldai, lekin uning hududi atigi 250 gektar atrofida.

Bombey shahri va uning Xaroba shaharlari xaritasi

To'rtinchi sabab ijtimoiy sabab bo'lib, Xaroba shaharlarida yahshaydigan aholi o'rta va yuqori sinfdagi aholi tomonidan havotir bilan qabul qilinadi. Jumladan mazkur mamlakatlardagi ko'pchilik boshqaruv kursisidagi amaldorlar bunday shaharlarni o'z holiga tashlab qo'yish lozimligini uqtirishadi. Chunki katta miqdordagi sifatsiz aholini mamlakatga yoyilib ketishi mamlakat rivojlanishini bir necha yillar orqaga surib yuborishi mumkin deya ta'kidlashadi.

Ohirgi sabablardan biri bu tarixiy sabab bo'lib, dunyodagi Xaroba shaharlar keng tarqalgan mamlakatlar tarixida Xaroba shaharlar doim bo'lib kelgan. Aholi orasida ham ularni huddi mavjud emasday qaralishi ularni o'z holiga tashlab qo'yilishiga olib kelgan. Masalan Jakarta, Gonkong, Bombey yoki Rio-de-Janeyro shaharlaridagi o'rta tabaqali aholining 90%dan ortig'rog'i umri davomida Xaroba shaharlarga umuman kirib ko'rmaganliklarini ta'kidlashgan.

Yuqoridagi Xaroba shaharlar haqidagi salbiy axborotlarga qaramasdan ko'pchilik shaharshunos olimlar bu shaharlarni kelajak shaharlari deya atamoqdalar va ular asosida kelajak shaharlari rejalarini tuzganlar.

 Ularning fikriga ko'ra aynan Xaroba shaharlar "tabiiy" ravishda hosil bo'lgan bo'lib, ularni qurish uchun ortiqcha sarf-harajatlar va isrofgarchiliklar sarf qilinmaydi. Uylarning egalagan hududi ham faqat keragicha bo'lib, ortiqcha xonali uylar qurilmaydi. Uy qanchalik kichkina bo'lsa unga shunchalik kam energiya sarflanadi. Undan so'ng bu kabi shaharlarni hohlagan joyga qurish mumkin, hoh u tepalik bo'lsin, hoh botqoqlik. Tabiiy ofatlar yuz bergan taqdirda esa bunday shaharlar yirik zararlar ko'rmaydi, uylar kichkina va ihcham qurilganligi tufayli uning zilzila davomida qulab tushishi yoki kuchli shamollar, suv toshqinlarida yuvilib ketishi ehtimollari kamayadi. Shuingdek yirik imoratlarga sarflanadigan temir, sement, quvurlar, va boshqa qimmatbaho matolardan iborat qurilish materiallari tejamlanadi. Uylarning kichkinaligini yana bir ijobiy tomoni, uy ichiga sarflanadigan buyumlarning miqdorini kamaytirib, iste'mol darajasini oddiylashtiradi.

Va nihoyat iqtisodiy jihatdan aholi orasida arzon ishchi kuchi qatlamini saqlab qoladi, faqat Xaroba shaharlardagi sharoitni yahshilagan holatda. Albatta bu loyihalar o'zining ekologik jihatdan unumliligi bilan ajralib turadi, lekin ko'pchilik sotsiologlarning fikricha Xaroba shaharlar o'zining ijtimoiy yakdilligi bilan hamda kundalik hayotning, kishilar orasidagi o'zaro hurmatning yuqori sifatliligi bilan ham ajralib turadi. Haqiqatdan agar Yevropadagi Xaroba shaharlarni ko'payishini oldini olish maqsadida qurilgan yirik kvartallardagi aholi orasida zo'ravonlikni rivojlanayotgan mamlakatlardagi Xaroba shaharlari bilan solishtirsak, rivojlanayotgan mamlakatlardagi shaharlarda zo'ravonlikni kamroq ekanligini ko'ramiz. Chunki kichik hududda zich bo'lib yashash, aholi bilan doimiy muloqatda bo'lish kishilarni o'zi bilan o'zi yopilib qolmasligini oldini oladi va jamiyatda bir biri bilan muloqatda bo'lishga undaydi.
 
 Zamonaviy Xaroba shaharlar loyihasidan namuna

Albatta yuqorida keltirib o'tilgan misollar hozircha faqat loyiha sifatida mavjuddir va hech qaysi davlat bu loyihalarni amalda qo'llash haqida hech qanday e'lonlar qilmagan. Lekin bir narsa aniq Xaroba shaharlar muammosinig yechimlari talayginadir, faqat buning uchun davlatlarda haqiqiy hohish yetishmasligi ko'pincha mantiqqa mos keladi. 











Комментариев нет:

Отправить комментарий